22:01 / 08.02.2025
2 386

Shomurodov haqida muxlislar kutgan xabar

Shomurodov haqida muxlislar kutgan xabar
Italiya A Seriyasining 24-turida “Roma” futbolchilari safarda “Venetsiya” bilan kuch sinashadi. Bu uchrashuv Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zoʻr toʻpurari Eldor Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Bunga oʻziga yarasha sabablar bor. “Venetsiya” qishki transferlar davrida oʻzbek futbolchisining yangi manzili sifatida belgilangan edi. Bu klub 29 yoshli forvard yordamida yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishga qaror qilgandi.

“Venetsiya” rahbariyati Eldor Shomurodovga muntazam oʻyin amaliyotini kafolatlagan, “Roma”ning transfer boʻyicha qoʻygan barcha talablarini qabul qilgandi. Lekin soʻnggi pallada “boʻrilar” ustozi Klaudio Raneri oʻzbek shogirdi unga kerakligini aytib, bu transferni blokladi.

“Qari bilganni pari bilmas”, deganlaridek yoshi 70 dan oshgan “oqsoqol murabbiy” nima qilishni biladi. Ayni paytda uning ixtiyorida Eldor Shomurodovdan boshqa birorta markaziy hujumchi qolmadi.

Italiya matbuotining bong urishicha, rimliklarning asosiy toʻpurari Artyom Dovbik “Venetsiya” bilan boʻladigan uchrashuvga tayyor emas.

- “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri 9 fevral kuni “Venetsiya”ga qarshi boʻladigan uchrashuva oʻzbek hujumchisi Eldor Shomurodovni boshlangʻich tarkibda maydonga tushiradi. Chunki Artyom Dovbikni tizzasidagi muammo bezovta qilmoqda. Ukrainalik futbolchi tendinit, ya'ni yalligʻlanishdan aziyat chekyapti va hali toʻliq tiklangani yoʻq, - deb yozdi Corrieregiallorosso nashri.

Ta'kidlash lozimki, “Roma” rahbariyati hujum chizigʻidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida, yozgi transferlar davrida 27 yoshli Artyom Dovbikni “Jirona”dan 30,5 million yevroga transfer qilgan edi.

Aslida “Dnepr” tarbiyalanuvchisi boʻlgan Dovbik oʻtgan mavsumda Ispaniya chempionatida toʻpurarlik mahoratini namoyish qilib, grand klublar e'tiboriga tushgan.

Bungacha, Artyom oʻz yurtidan tashqari Moldova hamda Daniyada ham bir necha klublar sharafini himoya qilgan edi.

Dovbik “Roma”ga kelishi bilan jamoaning asosiy toʻpurariga aylandi. Tajribali hujumchi “boʻrilar” safida jami 31 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol va uchta assist muallifi boʻldi.

Yozda “Atlanta Yunayted” va qishda “Venetsiya”ga transferlari bosh murabbiylar tomonidan bekor qilingan Eldor Shomurodov “Roma” safida A Seriya, Italiya kubogi va Evropa Ligasida jami 19 marotaba maydonga tushib, uchta gol va bitta assist muallifi boʻldi.

Qizigʻi shundaki, Eldor Shomurodov “Venetsiya” bilan boʻladigan bellashuvda ilk daqiqalardan oʻynasa, shaxsiy rekordini oʻrnatadi. Chunki 29 yoshli forvardimiz 2021 yili “Roma”ga kelganidan buyon hali bu jamoa safida ketma-ket uchta uchrashuvda boshlangʻich tarkibda maydonga tushmagan.

“Venetsiya” hamda “Roma” oʻrtasidagi uchrashuv 9 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanishi belgilangan.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport