date
views 563

Bugun "kotta bollar"ni o‘yini bor!

Bugun "kotta bollar"ni o‘yini bor!
Bugun Yevropa Chempionlar ligasi o‘tish o‘yini doirasida "Manchester Siti" o‘z maydonida "Real"ni qabul qiladi.

"Siti" bu o‘yinga "Leyton" ustidan qozonilgan g‘alaba bilan kelayotgan bo‘lsa, "Real" La Liga doirasida Madrid derbisida "Atletiko" bilan kuch sinashib, og‘ir bahsda durang natija qayd etdi. Biroq Gvardiola shogirdlari so‘nggi oylarda muvaffaqiyatsizliklar girdobiga tushib qolgan. "Real" La Liga va YECHLda so‘nggi paytlarda muvaffaqiyatli yurish amalga oshirib kelayotgandi. Biroq Ispaniya chempionatida Anchelotti shogirdlari ketma-ket ikki tur ochko yo‘qotdi.

Ta’kidlash kerak, ushbu bellashuvga qadar "shaharliklar" safidagi bir qator futbolchilar o‘z sport formasini tiklab oldi. Jumladan, Jon Stounz va Ruben Diash jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘ldi. "Real"da esa yo‘qotishlar ko‘lami tobora kengayib ketdi va kecha Lukas Vaskesning ham mazkur bellashuvda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi.

"Real"dagi yo‘qotishlar: Lukas Vaskes, David Alaba, Eder Militao, Antonio Ryudiger, Dani Karvaxal (Barchasi himoya vakillari)

"Siti"dagi yo‘qotishlar: Natan Ake, Rodri, Jeremi Doku, Niko Gonsales (so‘roq ostida)

Gvardiola o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida:

"Biz so‘nggi oylarda unchalik yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadik. Shu sababli, hozirgi o‘rnimizga loyiqmiz. Qur’a qanday bo‘lsa, shunday qabul qilamiz va bu sinovga tayyormiz.

So‘nggi yillarda “Real Madrid” bilan bizning bahsimiz juda katta raqobatga aylanib ketdi. Biroq, tarix nuqtayi nazaridan bizni taqqoslab bo‘lmaydi, ochig‘i. Shunday bo‘lsa ham, oxirgi o‘n yillikda biz yuqori darajada bo‘ldik, deb ayta olaman.

Ular hozirgi kunda liga yetakchisi va “Atletiko” hamda “Barselona” bilan chempionlik uchun kurashmoqda. Ularni mag‘lub etish uchun biz ikkita yaxshi o‘yin o‘tkazishimiz talab qilinadi.

Albatta, biz yaxshi o‘ynashimiz mumkin, lekin oldingi yillardagidek barqaror emasmiz. Ammo so‘nggi o‘n yil davomida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarga ishonchim balandligini inkor etolmayman.

Madridliklarning hujumchilari juda kuchli. Ular qisqa va uzoq uzatmalar bilan o‘ynay olishadi, shuning uchun biz ularni o‘z o‘yinimizga majburlashimiz kerak.

Chempionlar ligasining guruh bosqichida 24 jamoa ichida 22-o‘rinda tugatsangiz, hech qanday imtiyoz talab qila olmaysiz. Kuchli sakkizlikka yaqinlashish uchun yetarli ochko to‘play olmadik. Biz bunga loyiq edik. Ammo jamoamizda o‘ziga xos narsa bor. Umid qilamizki, ertaga muvaffaqiyatga erishamiz.

Albatta, javob uchrashuvini uy maydonida, o‘z muxlislaring oldida o‘tkazgan yaxshiroq. Lekin biz bunga loyiq bo‘lmadik.

Agar “qirollik klubi”ni yutsak, bu mavsumning qolgan qismi uchun katta turtki bo‘ladi. Qanday o‘ynashimiz kerakligini bilaman. Shu bilan birga, futbolchilarim ertangi o‘yinga intizorlik bilan tayyorgarlik ko‘rishmoqda”.

Taxminiy tarkiblar

"Manchester Siti": Ederson, Nunes, Diash, Akanji, Gvardiol, Kovachich, Bernardu, Foden, De Bryuyne, Savio, Xoland.

"Real": Kurtua, Valverde, Chuameni, Asensio, Mendi, Kamavinga, Modrich, Rodrigo, Belleingem, Vinisius, Mbappe.

O‘zaro o‘yinlar

Jami o‘tkazilgan bellashuvlar soni - 14 ta
"Manchester Siti"ning g‘alabasi - 5 ta
"Real"ning g‘alabasi - 4 ta
Durang - 5 ta

Statistik ma’lumotlar va bu o‘yinning afishasi kattaligi ko‘plab o‘zbek futboli muxlislarini o‘ziga jalb qilishi turgan gap. Biroq yaqindan boshlab "Siti" ishtirokidagi o‘yinlar Abduqodir Husanovning ushbu jamoaga o‘tgani bilan yana ham qiziq tus ola boshladi. Demak, bugungi "kotta bollar"ni to‘qnashuvida Husanovni ham maydonga tushishini kutib qolamiz.

Manba: Sports.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun "kotta bollar"ni o‘yini bor!