![Kotrina Kulbite: "Maqsadimiz Jahon chempionati va Olimpiadaga yoʻllanma olish"](/uploads/posts/2025-02/9666b8dc86_814495_original.webp)
Bugun OʻFA majlislar zalida terma jamoamizning yangi ustozi va OAV oʻrtasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
"Men Oʻzbekistonda ish boshlaganimdan xursandman. Bu mamlakat katta tarixga ega. Oʻzbekistonda futbolga katta e'tibor berishmoqda, buni tushunib turibman. Taklif tushganida bir qarorga kelishim qiyin boʻlmadi. Yaqinlarim bilan maslahatlashgan holda kelishuvga erishdik. Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bilan katta yutuqlarga erishishimga ishonaman", - deya gap boshladi Kotrina Kulbite.
- Yangi jamoa, boshqacha muhit, darajasi turlicha boʻlgan joyga kelayotganingizda oʻsha mamlakat futboli, chempionati, ayol futbolchilarini oʻrganish siz uchun qanchalik muhim? Sizda qanday xulosalar bor?
- Oʻzbekiston ayollar terma jamoasini avvaldan bilganman. Ularga qarshi turli musobaqalarda oʻynaganmiz. Bu erga kelganimda futbolchilarni bilib olishim uchun OʻFA rahbariyati oʻquv-mashgʻulot yigʻinini tashkil qilib berdi. Bundan xulosam shu boʻldiki, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi futbolchilarida juda katta salohiyat bor.
- OʻFA siz bilan muzokara jarayonida oldingizga aniq vazifa qoʻydimi?
- Hozirgi kundagi asosiy e'tiborimiz Osiyo chempionati saralashiga tayyorgarlik koʻrish. Keyingi yilda Osiyo chempionati boʻlib oʻtadi. Maqsadimiz Jahon chempionati va Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanma olish. Xabaringiz bor, bu musobaqalarga kvotalar soni koʻpaytirilgan. 2029 yilgi Osiyo chempionati Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi. Bunda ham yuqori natijalarni qoʻlga kiritishni maqsad qilganmiz.
- Oʻzbekiston terma jamoasida avval yaponiyalik murabbiy Midori Xonda ishlagandi. Bunda til bilan bogʻliq muammo boʻlgandi. Bu safar bosh murabbiy MDH mamlakatlaridan qidirildi. Futbolchilar bilan muloqotda muammo boʻlmaydimi?
- Men rus tilida tushunaman va gapira olaman. Futbolchilar bilan muloqotda muammo yoʻq.
![](/uploads/posts/2025-02/742d123138_814494_680.webp)
- Aksariyat mamlakatlarda katta futboldagi qizlar futzalda ham oʻynashadi. Oʻzbekistonda ayollar futzal jamoalari yoʻqligi uchun futboldan olinadi. Yozda ayollar oʻrtasida Osiyo chempionati bor. Katta futbolda esa saralash oʻyinlari kutib turibdi. Bu pallada qizlarni futzalga qoʻyib yuborasizmi?
- Mazkur masalada muammo boʻlmaydi. Biz futzal federatsiyasi bilan birgalikda buni koʻrib chiqamiz. Oʻylaymanki, qizlar futzalda ham, futbolda ham yutuqlarga erishishadi. Hozirda CAFA turniri boʻlib oʻtmoqda. U erda Feruza, Ilvina kabi oʻyinchilarimiz toʻp tepmoqda. Tajribali futbolchilar katta futbolda ham kerak.
- Sizning boshchiligingizda yigʻin tashkil qilindi. Ushbu mashgʻulotlardan qanday taassurotlar oldingiz?
- Bir narsani unutmaslik kerakki, bu mavsum oldi yigʻini edi. Hozirda biz futbolchilarning jismoniy sifatlarini oshirishga qaratmoqdamiz. Hayron qoldirgani, ularning texnik tayyorgarligi. Ular bu tomondan tayyor. Biz har doim yuz foizga tayyor boʻlishimiz kerak.
- Oʻzbekistonga oʻz murabbiylar shtabingiz bilan keldingizmi yoki bu mahalliy mutaxassislardan tuzildimi?
- OʻFA murabbiylar jamoasini taqdim qilgan. Vladimir Panov, Mahliyo Sarikova katta yordam berishmoqda.
![](/uploads/posts/2025-02/5efe4cb26c_814497_original.webp)
- Yaqinda Jahon chempionatiga saralash bahslari boshlanadi. Qisqa vaqt ichida nimalarni yaxshilash kerak?
- Tayyorlanishga vaqtimiz kam. Saralashga yaxshi hozirlik olib borish uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini olib boramiz. Yaqin orada 3 ta uchrashuv oʻtkazishimiz rejalashtirilgan. Janubiy Koreya, Iordaniya va Tailand bilan oʻynaymiz. Bundan keyingi raqiblarimizni ham e'lon qilamiz.
- Kotrina Kulbite OAV, media bilan ishlashga qanday qaraysiz? Ochiq murabbiymisiz yoki yopiq?
- OAV bilan ishlashga har doim tayyorman. Ayollar futboli haqida koʻproq gaplashishimiz kerak. Har qanday yordam kerak boʻlsa marhamat. Ayollar futbolini yangi choʻqqilarga olib chiqishni niyat qilganman. Men ham murabbiy, ham inson sifatida oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilaman. Ayollar futboli atrofidagi insonlar ham oʻz ishlarini qilib yutuqlarga yordam berishlari kerak.
![](/uploads/posts/2025-02/51975460d1_814496_original.webp)
- Osiyodagi kuchli jamoalar Avstraliya, Yaponiya darajasiga chiqish uchun koʻproq nimalarga urgʻu qaratish zarur?
- Biz har bir FIFA kunlarida kerakli yigʻinlar, uchrashuvlar tashkil qilishimiz darkor. Bu orqali oʻzimizning darajamizni koʻtarib boramiz.
- Oʻzbekistonda har doim yashaysizmi? Ayollar chempionatining viloyatlardagi uchrashuvlarini kuzatasizmi?
- Ha, men ish vaqtim Oʻzbekistonda boʻlaman. Nafaqat terma jamoada, balki skauting, murabbiylarni rivojlantirishda yordamimni beraman. Yaqinda "Bunyodkor" va "Paxtakor"ning oʻyinlarini kuzatdim va kerakli ma'lumotlarni toʻpladim. Ayollar futboliga e'tibor erkaklarnikiga qaraganda kuchlimas. Lekin har bir erkaklar futbol klubi ayollar jamoasiga ega boʻlishi kerak. OʻFAda ayollar futbol boʻlimi bor. Hamma rivojlanishga birgalikda hissa qoʻshishi kerak.
- Evropa va Osiyo ayollar futboli darajasida qanday farq bor?
- Evropa futboli rivojlangan. Biz ba'zi bir Evropa mamlakatlari terma jamoalari bilan oʻynamoqchimiz. Ularda kuchli jamoalar koʻp.
Abdulaziz Iskandarov yozib oldi
Manba: Championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar