
Oʻzbekiston amputantlar jamoasi Osiyo chempionatining guruh bosqichida Indoneziya (8:1), Bangladesh (3:0), Nepal (13:0) va Iroqni 4:1 hisobida magʻlub etgan boʻlsa, finalda Indoneziya darvozasiga javobsiz 6 ta toʻp kiritildi.
Matonatli chempionlar 14 fevralga oʻtar kechasi Oʻzbekistonga qaytib kelishdi. Qahramonlarni kutib olish marosimida Tribuna.uz ham ishtirok etib, turnir ishtirokchilarining musobaqa borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Abdujamil Shukurov
— Musobaqa dastlab Hindistonda oʻtishi kerak edi. Negadir bekor boʻlib qoldi. Orada qish keldi, sovuq tushdi. Turnirga tayyorlanishimiz uchun yopiq maydon kerak edi. Oʻzimiz Yangiyoʻldan maydon topdik. Qolganini Paralimpiyadagilar hal qilib berishdi. Yangi mehmonxonada yashab, sovuqda 2 mahal mashgʻulot oʻtkazdik. Oson boʻlmadi: sovuqdan 30 daraja issiq mamlakat — Bangladeshga bordik, ammo koʻnikib ketdik. Tayyorgarlik koʻngildagidek boʻlgani uchun xotirjam oʻynab yutib keldik.
Chempionatda Iroq jamoasiga qarshi bahs qiyinroq kechdi, deb ayta olaman. Ularni magʻlub etgach, murabbiy va oʻyinchi sifatida koʻnglim xotirjam boʻldi.
35 yildan beri futbol oʻynayman. Turkiyadagi yigʻinda Angliya va boshqa jamoalarga qarshi oʻrtoqlik bahsi oʻtkazdik. Oʻshanda oʻynamay, murabbiylik qildim va juda qiynaldim. Undan koʻra oʻynash osonroq ekan. 5 karra jahon chempioni boʻlgandim va mana Osiyo chempionligiga ham erishdim. Endi bemalol murabbiylik qilaversam boʻladi.
Qudrat Xudoyqulov
— Ilk Osiyo chempionatida birinchi oʻrinni oldik. Finalning va turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildim. 33 ta gol urdik, 1 ta toʻp oʻtkazib yubordik. Gʻalaba bilan butun oʻzbek xalqini tabriklayman.
Osiyodagi asosiy raqiblarimiz Eron va Iroq edi. Eronliklar qandaydir baxtsiz hodisa sababli kela olishmadi. Turnirdagi eng qiziqarli bahs Iroqqa qarshi kechdi.
Aziz Abdurahmonov
— Osiyo chempionati chiroyli oʻtdi. Musobaqaga yaxshi tayyorgarlik koʻrgandik. Nasib qilsa, keyingi yili oʻtkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻramiz.
Ulugʻbek Toshpoʻlatov
— Ilk Osiyo chempionatining oltin medalini qoʻlga kiritish — juda katta gʻurur. Kattalar oldin 5 karra jahon chempioni boʻlishgan. Biz yosh qaldirgʻochlarmiz. Nasib qilsa, biz ham 5 bor chempion boʻlamiz.
Bekzod Habibullayev
— Hammasi — mehnatlar samarasi. Birinchi Osiyo chempionatida gʻolib boʻldik. Bu kubok — butun Oʻzbekistonniki.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar