Yosh shaxmatchilarimiz jahon chempionatidan sovrinlar bilan qaytdi

Serbiyaning Vrnyachka-Banya shahrida 8–18 yosh toifalarida rapid va blis yoʻnalishlarida oʻtkazilgan jahon chempionatida ishtirok etgan Oʻzbekiston yosh shaxmat terma jamoasi Vatanga muvaffaqiyat bilan qaytib keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida ularni tungi soatlarda Oʻzbekiston shaxmat federasiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullaev, Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari, shuningdek murabbiylar va ota-onalar samimiy va tantanali muhitda kutib olishdi.
Musobaqa yakunlariga koʻra, yosh sportchilarimiz yuqori natijalar qayd etib, umumiy hisobda 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medalga sazovor boʻlishdi. Bu natija Oʻzbekiston shaxmat maktabining salohiyati yana bir bor yuqori darajada ekanini tasdiqladi.
Mazkur yutuqlar yosh shaxmatchilarning mehnati, murabbiylar tayyorgarligi va tizimli qoʻllab-quvvatlash natijasi sifatida baholanmoqda.