![Roʻziqul Berdiyev jamoasining tayyorgarligi va yangi futbolchilar haqida nimalar dedi?](/uploads/posts/2025-02/a8aa674e1d_d0b1d0b5d180d0b4d0b8d0b5d0b217.webp)
Oʻzbekistooning amaldagi chempioni – “Nasaf” kecha Antaliyada Rossiya premer-ligasi vakili “Fakel”ga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Keskin tarzda oʻtgan oʻyin 0:0 hisobida yakun topgani borasida saytimiz orqali ma'lumot berib oʻtdik. Uchrashuv yakunlanganidan soʻng “Nasaf” bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev intervyu berdi.
- “Fakel”ga qarshi oʻyin orqali oʻzingiz koʻzlagan narsani oldingizmi yoki nimadandir koʻnglingiz toʻlmadimi?
- Hozircha toʻliq qoniqish hosil qilmaysiz. Chunki oʻyinni sifati biz kutgan darajada boʻlmaydi. Boisi, hali yigʻinlar davom etyapti. Kuchli yuklamalar berilyapti. Shu bois ogʻirroq harakat qilishyapti. Shunga qaramasdan, oʻyinni tashkiliy jihatlariga e'tibor qaratib, oʻz uchrashuvlarimizni oʻtkazib boryapmiz. Oʻylaymanki, oʻyinlar orqali yigitlar kerakli sport formasiga tushib oladilar.
- Jamoaga sobiq futbolchilarni qaytardingiz va yangi oʻyinchilar ham paydo boʻldi. Yangi yigitlarni moslashuvi qanday boʻlmoqda? Masalan, Rubin Xebay fonida nima degan boʻlardingiz?
- Albatta, Xebay haqida aytmoqchiman, u bir yil davomida barqaror oʻynamadi. Saudiya Arabistoniga borganda ham, Tunisda ham shunday boʻldi. Shu sababli holati biz kutgan darajada emas. Lekin mashgʻulotlarda yaxshi ishlayapti. Oʻylaymanki, Rubin yaxshi holatga tushib oladi. Xusayn Norchayev haqida ham shuni aytishim mumkin, jarohatlardan keyin va kam mashgʻulotlarga qatnashgani bois hozircha optimal formasida emas. Umid qilamanki, chempionatimizgacha hammasi oʻz holatiga keladi.
- Dragan Cheran qanday holatda?
- Dragan biz uchun begona emas. “Nasaf” ham uning uchun begona emas. Uni yigitlar qabul qilishdi, desak ham notoʻgʻri boʻladi. Cheran “Nasaf”chi. Biz albatta Draganning ham tajribasiga suyanamiz. Maydonda salohiyati va qayerdadir murabbiylarga yordami kerak boʻladi.
- Bobir Abduholiqovni “Nasaf”da qoladi, deb oʻylagandik. Ketishiga reaktsiyangiz qanday boʻldi? Aslida nima boʻldi?
- Bobirni oʻtgan yilgi natijasi klub rahbariyatini unchalik qoniqtirmadi. Uni talablari yuqori boʻlgani uchun biz imkoniyat qilib bera olmadik. Abduholiqovni olib qolish uchun biz oʻtgan yilgidan kamroq taklif bergandik. Biroq bizga aytishi boʻyicha chetdan takliflar bor degandi. Lekin eshitishimcha, “Neftchi” mashgʻulotlariga qoʻshilibdi. Sizlar orqali Bobirga ham va yana boshqa bizni tark etgan futbolchilarga ham minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yigitlar oʻtgan yili oʻz maqsadimizga erishishimizda yordamlarini koʻrsatdilar.
- Yangi mavsum boshlanish arafasida. “Nasaf”ni yana jiddiy maqsadlar kutmoqda. Qolaversa, ligada endi 16 ta klub ishtirok etadi. Yangi rejalar qanday?
- Rejamiz ulkan. Oldimizga albatta maqsad qoʻyamiz. Tarkibimizni deyarli saqlab qoldik va kerakli futbolchilarni olishimiz uchun rahbariyat imkoniyat qilib berdi. Maqsadimiz jiddiy boʻladi. Chempionatimizdagi barqarorlikni tezroq qaytarib olishimiz kerak. Har bir oʻyinda maksimal harakat qilishimiz lozim. Oldimizdagi vazifalar yuqori va buning uchun albatta kurashamiz. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar