![Hafta oʻyinlari: «Manchester Siti» «Nyukasl»ga qarshi, «Bavariya» «Bayer» mehmoni](/uploads/posts/2025-02/63e614bf03_xvekhjmmkyjumnppcgoh_2vhc5-zzeet.webp)
Foto: Getty images
MANChESTER SITI – NYuKASL (15 fevral, 20:00)
Kecha «Chelsi» Braytonda yutqazgach, kuchli toʻrtlik uchun da'vogarlarda yangi imkoniyat paydo boʻldi, deyish mumkin. Ayni paytda 41 tadan ochko toʻplab, 4-5 oʻrinlarni egallab turgan bu ikki raqibning gʻolib boʻlgani turni 4-oʻrinda yakunlashi aniq. Durang esa «Bornmut»ni kuchli toʻrtlikka koʻtarib yuborishi mumkin.
«Manchester Siti» ayniqsa, «Real»ga qarshi omadsiz oʻyindan keyin vaziyatni oʻnglashga urinishi tabiiy. Yil boshidagi gʻalabalardan soʻng «Manchester Siti» nihoyat inqirozdan chiqib ketgandek tuyulgan boʻlsa-da, bu koʻproq osonroq taqvim tufayli boʻlsa kerak, zero hozircha kuchliroq raqiblarga qarshi oʻyinlarda eski muammolar koʻzga tashlanyapti. Ham «Arsenal», ham «Real»ga qarshi oʻyinda imkoniyat bor berildi, oldinda esa «Nyukasl»dan tashqari, «Real» bilan javob oʻyini, shuningdek, yana keyingi uch kun ichida «Liverpul» va «Tottenhem»ga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi.
Mehmonlarning imkoniyatini oshiruvchi yana bir jihat shundaki, «Nyukasl» ushbu mavsumda umuman yevrokuboklarda qatnashmayapti, demak oʻyinlarga tayyorgarlik uchun koʻproq vaqtga ega boʻlmoqdaki, bu Eddi Hau uslubi uchun juda ahamiyatli faktor. «Manchester Siti» esa yuqorida aytilganidek, uch kun oldin «Real»ga qarshi qiyin oʻyinda ishtirok etdi. Oʻyin futbolchilarning jismoniy kuchini olish bilan birgalikda, Grilish, Akanji kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonni erta tark etishdi va «Real»ga qarshi oʻyinni ham oʻtkazib yuboradigan boʻlishdi.
Darvoqe, Akanjining jarohati hamyurtimiz Abduqodir Husanovning asosiy tarkib uchun imkoniyatini oshirishi mumkin. Jamoada hammasi boʻlib toʻrt nafar himoyachi bor xolos va Pep Gvardiola kelasi haftadagi Chempionlar Ligasini oʻylashga majbur. Shu jihatdan Akanji «Real»ga qarshi oʻynagan oʻng qanotda Husanovni sinab koʻrish ehtimoli ham bor. Zero Husanov «Lans»da bu pozitsiyada ham oʻzini koʻrsata olgan. Shuningdek. Nunezni oʻng qanotga qoʻygan holda uch markaziy himoyachili variant ham sinab koʻrilishi mumkin – u holda Husanovda oʻng markaziy himoyachi sifatida katta tajriba bor.
«Nyukasl»ga kelsak, Eddi Hau tarkibida eng katta yoʻqotish Joalintonning maydonga tusha olmasligidir. Maydon markazida oʻz oʻrniga ega boʻlgan futbolchi kamida yana bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, «Nyukasl»ning ushbu mavsumda oʻz maydonidan koʻra safarda yaxshiroq natija qayd etayotganini ham ta'kidlash kerak. Jamoa safardagi natijalari boʻyicha faqat kuchli uchlikdan yomonroq natija koʻrsatgan xolos. Qizigʻi, «Siti» uy oʻyinlarida yaxshiroq – Pep shogirdlari bu borada faqat oʻsha uchlikdan orqada bormoqda.
Birinchi davradagi oʻyinda 1:1 hisobida durang qayd etilgan. Ammo «Etihad»dagi oʻyinlarda mehmonlarning ahvoli juda chatoq – APL uchrashuvlarida «Nyukasl» oxirgi marta Manchesterning koʻk tarafida 25 yil avval gʻalaba qozongan. «Siti» shayxlar qoʻliga oʻtmasidan oldin oʻrtamiyona jamoa ekanini inobatga olsak, juda qiziq. Durang esa 2006 yilda qayd etilgan. Oxirgi 16 uy uchrashuvida «Manchester Siti» faqat gʻalaba qozonib kelyapti, soʻnggi 6 oʻyinda esa mehmonlar birorta gol ham ura olishgani yoʻq.
LATsIO – NAPOLI (15 fevral, 22:00)
«Inter»ning qoldirilgan oʻyindagi magʻlubiyati «Napoli»ga peshqadamlikni saqlab qolish imkonini taqdim etdi, ammo Konte shogirdlari ham soʻnggi ikki oʻyinda durang qayd eta1tganini ta'kidlash joiz. Evrokubok oʻyinlari avj pallaga kirayotgani ham endi neapolliklarga qoʻl keladi, zero jamoa A Seriyadan boshqa musobaqada qatnashmayapti. Tabiiyki, bu «Inter» va «Atalanta» bilan raqobatda ustunlik beruvchi asosiy faktor sifatida ishlaydi. Buning uchun albatta, avvalo «Napoli» oʻz oʻyinlarini foydasiga hal qilishi shart.
Bu oson boʻlmasligi aniq, chunki «Latsio» soʻnggi yillarda «Napoli» uchun ancha noqulay raqibga aylanib qolgani bor gap. Oxirgi besh oʻzaro oʻyinning 4 tasida rimliklarning qoʻli baland kelgan va bir oʻyin durang bilan yakunlangan. Birinchi davradagi uchrashuvda Isaksenning goli evaziga «Latsio» mehmonda uch ochko egasiga aylangan boʻlsa, ikki oy oldin mamlakat kubogi doirasidagi oʻyinda «Latsio» oʻz maydonida 3:1 hisobida gʻalaba qozonib, raqibini musobaqadan chiqarib yuborgandi.
Jarohatlarga toʻxtaladigan boʻlsak, maydon egalari tarkibida Evra va Vesino sheriklariga yordam bera olishmaydi. Shuningdek, bir paytlar besh yil «Napoli» tarkibida toʻp surgan Xyusay ham shu oy oxirigacha safdan chiqqan. Antonio Konte esa Leonardo Spinastsola, Matias Olivera va David Nereslarning yordamidan foydalana olmaydi. Uchala futbolchi ham katta ehtimol bilan kelasi oy boshida toʻliq tiklanishadi.
Agar uslublar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, bir-biriga biroz teskari jamoalar ekaniga amin boʻlamiz. Masalan, «Napoli»ning hozirgi peshqadamligi koʻproq ishonchli himoya bilan bogʻliq. Bu Antonio Kontening barcha boshqargan jamoalariga xos xususiyat. Jamoa ligada eng kam gol oʻtkazib yuborgan, shuningdek, gol oʻtkazmay yakunlagan uchrashuvlar soni ham eng koʻp – 12 ta. Rimliklar esa aksincha, koʻproq hujumdagi koʻrsatkichlari bilan maqtanishi mumkin. «Latsio» yaratilgan imkoniyatlar, xavfli vaziyatlar boʻyicha «A Seriya»da kuchli uchlikda bormoqda. Misol uchun darvozaga berilgan aniq zarbalar borasida «Latsio» faqat «Atalanta», «Inter» va «Milan»dan keyingi pogʻonada turgan boʻlsa, «Napoli» bu jihatdan hatto kuchli oʻnlikda ham emas. Lukaku, Maktominey kabi futbolchilar asosan vaziyat
BAYER – BAVARIYa (15 fevral, 22:30)
![](/uploads/posts/2025-02/7efff3ab28_ipqpkkdh4gfthysxdxchfdprpsxbynpo.webp)
Oʻtgan yilning fevral oyida ham jamoalar Liverkuzenda toʻqnash kelgan va aynan oʻsha uchrashuv chempionlik masalasiga oydinlik kiritgandi. Faqat jamoalarning holati bugungiga nisbatan teskari edi. Oʻshanda «Bayer» katta farq bilan «Bavariya»ni ortda qoldirayotgan boʻlib, 3:0 hisobidagi gʻalabadan soʻng farq yanada oshgan va myunxenliklarda deyarli imkoniyat yoʻqligi ma'lum boʻlgandi. Hozirda esa «Bavariya» 8 ochkolik farq bilan oldinda bormoqda va agar ushbu oʻyinda gʻalaba qozonadigan boʻlsa, masofa 11 ochkoga etadi va mezbonlarda keyin raqibiga etib olish imkoniyati deyarli yoʻqqa chiqadi. Mabodo «Bayer» gʻalaba qozonib, farqni 5 ochkoga qisqartiradigan boʻlsa, hali butun intriga oldinda ekanini taxmin qilish mumkin.
«Bavariya» gʻalaba qozonsa, deyapmiz-u, «Bayer»ni yutish Germaniyada deyarli imkonsiz holatga kelganini ta'kidlash kerak. Alonso shogirdlari oʻtgan mavsumni magʻlubiyatsiz yakunlagan boʻlsa, bu safargisida faqat bir marta «Leyptsig»ga yutqazishdi xolos. Ayni paytda jamoaning imagʻlubiyatsiz seriyasi 19 uchrashuvni tashkil qilmoqda. Toʻgʻri, durang ham biroz koʻp, ettita, aynan shu omil hozirda «Bavariya» bilan jiddiy farqni yuzaga kelishiga sabab boʻlgan. Oʻzar oʻyinlarni olsak ham, Alonso davrida liverkuzenliklarda yaqqol ustunlikni koʻrish mumkin – oxirgi besh oʻyinda uch gʻalaba va ikki durang. Birinchi davrada ham, oʻtgan mavsumda ham Myunxendagi oʻyinlar durang bilan yakunlangan. Shuningdek bu jamoalar dekabr oyida Germaniya kubogi uchun ham toʻqnash kelgandilar. Bu safar «Bayer» safarda 1:0 hisobida ustun kelgan. Oʻsha oʻyinni 17-daqiqadan boshlab mezbonlar bir kishi kam boʻlib oʻtkazganini ham ta'kidlash kerak. Manuel Noyer maydondan chetlatilgandi.
Yuqorida «Bayer»ning seriyasi haqida aytdik, «Bavariya» ham soʻnggi oʻyinlarda yaxshi formada ekanini e'tirof qilish lozim. Jamoa barcha musobaqalarda oxirgi besh oʻyinni oʻz foydasiga hal qildi, Bundesligada esa qatorasiga besh oʻyinni gʻalaba bilan yakunlagan. Faqat bu safar jismoniy tarafdan raqibiga nisbatan muammoga duch kelishi mumkinligini aytish mumkin. Chunki «Bayer» Chempionlar Ligasida kuchli sakkizlikdan joy olgani uchun pley-offni chetlab oʻtdi, «Bavariya» esa «Seltik»ka qarshi oʻynashiga toʻgʻri keldi. Shotlandiyada nemislar gʻalaba qozongan boʻlishsa-da, oʻyin mezbonlarning ustunligida oʻtib, Kompani shogirdlariga oson boʻlmaganini ta'kidlash lozim.
TOTTENHEM – MANChESTER YuNAYTED (16 fevral, 21:30)
Angliyada top-klublar qatoriga kiradigan, ammo ayni paytda yevrokuboklar zonasidan koʻra, Chempionshipga tushirib yuboradigan oʻrinlarga yaqinroq boʻlgan ikki jamoaning toʻqnashuvi. Ammo aytish kerakki, jamoalar bu holatga turli sabab va omillar tufayli kelishdi.
«Manchester Yunayted» mavsum oʻrtasida murabbiy almashtirgani, buning ustiga Amorim avvalgi hamkasbiga nisbatan butunlay teskari boʻlgan uslubga ega ekani sababidan aziyat chekmoqda. Futbolchilarning yangi tizimga koʻnikishlari juda ogʻriqli natijalarga olib kelmoqda va bu hali mavsum oxirigacha davom etishi mumkin. «Tottenhem»ning muammolari esa koʻproq jarohatlar bilan bogʻliq. Shunday davrlar boʻldiki, londonliklar safida darvozabondan boshlab butun himoya chizigʻi safda boʻlmadi, «Tottenhem» mavsum oʻrtasida hatto darvozabon sotib olib, darhol uni maydonga tushirishga ham majbur boʻldi. Qaysidir jihatdan bu yilgi «Tottenhem»ning muammolari oʻtgan mavsumdagi «Manchester Yunayted»ni yodga soladi va katta ehtimol bilan londonliklar ham mavsum oxirigacha qiynalishsa kerak. Sababi, goʻyoki barcha muammo tarkibdagi yoʻqotishlar bilan bogʻlanadi, rostan ham shunday, ammo qachonki, hamma tiklanib, tarkib optimal shaklga kelganida ham oʻyin yaxshilanib qolmaydi. Chunki mavsumning asosiy qismida almashtirishsiz maydonga tushgan va ba'zida oʻziniki boʻlmagan pozitsiyalarni ham yopgan boshqa futbolchilar mavsum oxiriga kelib charchab qoladilar va yana muammolarga duch kelinadi.
«Tottenhem» va «MYu» bu mavsum uchinchi marta toʻqnash keladilar. APL doirasida kechgan oʻyinda «Old Trafford»da mehmonlar yaqqol ustunlik qilib 3:0 hisobida gʻalaba qozongandi. Noyabrda esa jamoalar Liga kubogi chorak finalida toʻqnash keldi. Londondagi oʻyin mezbonlarning 4:3 hisobidagi gʻalabasi bilan yakun topdi. Ammo qayd etish kerakki, bu safar manchesterliklar ancha munosib kurash taqdim etishdi, faqat har ikki tomon himoyachilari, ayniqsa darvozabonlarning qoʻpol xatolari tufayli hisob shu koʻrinishga kelgandi. Umuman «MYu» oʻtgan mavsumda ham «Tottenhem»ni yuta olmagan – Londonda mezbonlar 2:0 hisobida yutgan boʻlishsa, «Old Trafford»da durang qayd etilgandi.
Jarohatlarga toʻxtaladigan boʻlsak, Postekoʻgʻli Vikario, Meddison va Udoji kabi futbolchilarning safga qaytganini ma'lum qildi. Ammo bu futbolchilar ilk daqiqalardan maydonga tushishga qay darajada tayyor ekanliklari soʻroq ostida. Mehmonlardan esa Lisandro Martinesning jarohati ogʻir boʻlib chiqdi va u endi hatto 2025 yilda umuman maydonga tusha olmasligi mumkin. Bundan tashqari, Ruben Amorim matbuot anjumanida hafta davomida ba'zi futbolchilar kichik jarohat olgani, yana kimdir kasal boʻlib qolganini aytdi. Ammo aynan qaysi futbolchilar ekani ma'lum emas. Soʻnggi ma'lumotlarga qaraganda, 18 yoshli futbolchi Chido Obining ham asosiy tarkib bilan birga shugʻullanganini e'tiborga olsak, hujumchilardan birida muammolar paydo boʻlganini taxmin qilish mumkin.
Shuningdek, ushbu oʻyinda mezbonlar safida «Bavariya»dan ijaraga olingan Matyuz Telni kuzatish ham qiziq boʻlsa kerak. Yosh hujumchi yanvar oyida «MYu»ga oʻtishi mumkinligi, hatto Telning oʻzi ham «Tottenhem»dan koʻra Manchesterni tanlagani haqida xabarlar chiqqandi. Ammo moliyaviy masalalarda tomonlar kelisha olmagach, futbolchi «Tottenhem» libosini kiygandi. U soʻnggi oʻyinlarda maydonga tushdi va «Aston Villa» darvozasiga gol urishga ham ulgurdi. Tel oʻzini «MYu» rahbarlariga qay tariqa namoyish qiladi, kuzatish qiziq jarayon.
YuVENTUS – INTER (17 fevralga oʻtar kechasi, 00:45)
Ushbu mavsumda A Seriyaning eng esda qolarli va qiziqarli oʻyinlaridan biri aynan ushbu jamoalarning Milanda oʻtgan birinchi davra uchrashuvi edi, deb bemalol aytish mumkin. Hisobning oʻzi ham buni isbotlab turadi – 4:4. Har ikki jamoa ham hisobda oldinda borgan, har ikki jamoada irodali gʻalaba qozonish imkoni boʻlgan, har ikki jamoa yanayam koʻproq gollar urishi mumkin boʻlgan jangovor toʻqnashuv yakunda durang bilan yakuniga etgandi. Albatta, u paytda hali «Yuventus» duranglar epidemiyasiga uchramagan, «Inter» bilan oʻyindagi bu hisob qaysidir ma'noda muxlislarni qoniqtirgani shubhasiz.
Turinliklar shundan soʻng ham magʻlubiyatsiz oʻyinlarini davom ettirishdi, ayni damda Motta shogirdlarida atigi 1 magʻlubiyat bor xolos, ammo koʻpincha keraksiz boʻlgan 13 durang ayni damda «Yuventus»ni nari borsa kuchli toʻrtlik uchun da'vogar kilib turibdi xolos. Oʻzi umuman ushbu tur mana shu jihati bilan qiziq – chempionlikka da'vogarlik qilib oʻzaro raqobat qilayotgan ikki jamoa kuchli toʻrtlik uchun kurashayotgan ikki jamoa mehmoni boʻladi. Bu ikki oʻyinda Italiyaning toʻrt asosiy futbol shaharlari boʻlmish Turin, Neapol, Rim va Milan oʻzaro toʻqnash keladi. Har tomondan olib qaraganda ham mavsumning eng qiziqarli turlardan biri.
Yuqoridagi durangdan oldingi oʻyinlarni qarasak ham, soʻnggi paytlarda «Inter»ning ustunligini koʻramiz – 5 oʻyinda 2 gʻalaba va 3 durang. Turinda oʻtgan oxirgi ikki uchrashuv bir xil – 1:1 hisobida yakuniga etgan. Agar «Yuventus»ning ushbu mavsumdagi uy oʻyinlarini statistikasiga qarasak, sezganingizdek, turinliklar biror marta ham magʻlubiyatga uchramagan, «Inter» esa safar oʻyinlarida tengsiz – 12 oʻyindan 8 gʻalaba va bir magʻlubiyat.
Jarohatlarga kelsak, mezbonlar tarkibida yoʻqotishlar koʻproq. Duglas Luis va Piyer Kalulu deyarli bir xil vaqtda, mart oyining boshlarida safga qaytishadi. Kabai va Bremer esa mavsum oxirigacha safdan chiqishgan. Mehmonlar tarkibida umuman yoʻqotishlar yoʻq. Qoʻshimcha intrigalar ichida, bir paytlar «Inter» safida futbolchi sifatida Chempionlar Ligasida zafar quchgan Tiyago Mottaning murabbiy sifatida sobiq jamoasiga qarshi boʻlishi va yana Kolo Muanini ham alohida kuzatish lozim. Fransiyalik hujumchi Parijda ijara asosida kelgach, A Seriyada uch oʻyinda maydonga tushib, 5 gol urishga ulgurdi.
Yana bir doim alohida e'tiborga olishimiz kerak boʻlgan jihat, «Yuventus» hafta oʻrtasida PSV ga qarshi EChL pley-off oʻyinida maydonga tushdi va qiyin gʻalabaga erishdi, ancha kuch sarfladi. Bu paytda esa «Inter»da bemalol dam olish va Italiya Klasikosiga tayyorgarlik koʻrish imkoniyatiga ega boʻldi. Darvoqe, mabodo «Yuventus» niderlandiyaliklarni ortda qoldirib, Chempionlar Ligasida nimchorak finalga chiqadigan boʻlsa, oʻsha bosqichda «Inter»ning raqib boʻlish ehtimoli ellik foizga teng. «Yuventus»ga yo «Inter» yoki «Arsenal»dan biri raqib boʻlishi aniq.
BOShQA OʻYINLAR
15 fevral. Lester – ARSENAL (17:30), ATALANTA – Kalyari (19:00), Boxum – BORUSSIYa D (19:30), ASTON VILLA – Ipsvich (20:00), Osasuna – REAL (20:15), ATLETIKO – Selta (22:30), MILAN – Verona (16 fevralga oʻtar kechasi, 00:45), Tuluza – PSJ (16 fevralga oʻtar kechasi, 01:05)
16 fevral. LIVERPUL – Vulverhempton (19:00), Parma – ROMA (22:00)
17 fevral. BARSELONA – Rayo Valekano (18 fevralga oʻtar kechasi, 01:00).
Manba: Kun.uz
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar