26 158
Feliks Sanches: "Oʻzbekiston tarkibi kuchayib bormoqda. Misol, yaqindagina "Siti"ga oʻtgan yosh yigitcha"

Qatar terma jamoasini Osiyo chempionligiga etaklagan va hozirgi kunda "Al Sadd" jamoasini boshqarayotgan ispaniyalik mutaxassis Feliks Sanches Bas kichik intervyu berdi.
Feliks Sanches Bas "Al Sadd" bilan birga Elit OChL 8-tur doirasidagi "Paxtakor"ga qarshi uchrashuvda ishtirok etish uchun, Toshkentga etib kelganidan xabaringiz bor. Kuni kecha ikki jamoa murabbiylari ishtirokidagi oʻyindan oldingi rasmiy matbuot anjumanlari tashkil etildi. "Al Sadd" jamoasi bosh murabbiyi va futbolchisining ishtirokidagi matbuot anjumani yakunlanganidan soʻng jurnalist Abdulvosit Bektemirov ispaniyalik mutaxassisga savol bilan yuzlandi.
- Janob Feliks, siz Qatar terma jamoasini 2017-2022 yillar davomida boshqargansiz va mamlakat futbolining rivojiga katta hissa qoʻshgan shaxs hisoblanasiz. Hozirgi kunda davom etayotgan JCh-2026 saralash bosqichida bor-yoʻgʻi 4ta bahs qoldi. Saralash bosqichidagi Qatar terma jamoasining ishtiroki haqida fikr bildirib oʻtsangiz? Qatar terma jamoasining mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Hozir Qatar biroz qiyin holatda. Soʻnggi vaqtda qayd etilgan natijalardan soʻng Qatarning toʻgʻridan-toʻgʻri Jahon chempionatiga yoʻl olishi masalasi qiyinlashdi. Mening fikrimcha, terma jamoamiz ancha kuchli tarkibga ega, biroq guruhdagi raqiblarimiz ham jiddiy jamoalar. Oldinda toʻrtta bahs bor va biz ushbu oʻyinlarda imkon qadar koʻproq ochkolar toʻplashimiz kerak. Avvalroq aytib oʻtganimdek, hozirgi holatda toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritishimiz mushkul. Pley-off bosqichi orqali maqsadga erishish ancha osonroq deb tuyulmoqda.
Hozirgi Qatar ancha kuchli va ajoyib futbolchilarga ega. Soʻnggi Osiyo Kubogi bunga isbot boʻla oladi, ammo har doim ham JChga chiqaverish oson emas.
- Iyun oyida Oʻzbekiston va Qatar terma jamoalari yana bir bor toʻqnash kelishadi. Oʻzbekiston oxirgi ikki oʻyinda Qatarga magʻlub boʻldi. Saralash bosqichining soʻnggi bahsidan nimalar kutyapsiz?
- Ushbu bahs ikki terma jamoa uchun soʻnggi imkoniyat boʻladi va bu bahs qanday katta ahamiyatga ega ekanligi haqida gapirishim shart emas. Mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritish uchun soʻnggi imkoniyat boʻladi, axir. Qatarda tarkib kuchli, Oʻzbekistonda ham. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston terma jamoasi kuchayib bormoqda va mamlakatingiz qanday futbolchilarga ega ekanligi namoyon boʻlib kelmoqda, ayniqsa iqtidorli yoshlar. Masalan, yaqindagina "Manchester Siti" safiga borib qoʻshilgan himoyachingiz. Umumiy xulosam, ikki jamoa ham qiyin bahs boʻlsa kerak.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar