08:44 / 18.02.2025
36 678

Gvardiola “Real” bilan oʻyin oldidan Husanov haqida nimalar dedi?

Gvardiola “Real” bilan oʻyin oldidan Husanov haqida nimalar dedi?
Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”dagi faoliyati sekin-asta iziga tushib bormoqda. Yangi chempionat, boshqa jamoaga koʻchib oʻtgan har qanday futbolchiga moslashish uchun vaqt kerak.

Xosep Gvardiola jamoasi tushgan vaziyat yangi ijrochilarni darrov keskin va murosasiz toʻqnashuvlarga tashlashni talab etardi. Shu bois, ispaniyalik murabbiy qishki transferlar vaqtida olingan toʻrt futbolchiga darrov oʻyin amaliyotini berishga qaror qildi.

Faqatgina 18 yoshli Vitor Reys Angliya kubogida bir boʻlim oʻynadi xolos. Yosh himoyachi biroz tajriba toʻplashi, mahoratini oshirishi, Evropa futboli muhitiga moslashishi uchun koʻproq muddat kerakligi avvaldan ma'lum edi.

Evropa ligalaridan olingan Abduqodir Husanov, Niko Gonsales va Umar Marmush darrov jamoaga singib ketdi. Ayni paytda koʻpchilikni e'tiborini qozonishda davom etishmoqda.

20 yoshli legionerimiz “Manchester Siti”ga oʻtganidan keyin ikki nufuzli musobaqa – Premer-liga va Angliya kubogida debyutini oʻtkazgan va hatto birinchi golini urgan yagona oʻzbek futbolchisi sifatida nomini tarixga muhrlab qoʻydi.

Endi koʻpchilikni, xususan, oʻzbekistonlik barcha ishqibozlarni himoyachimizning Evropa Chempionlar ligasida “shaharliklar” safida debyut qilishi qiziqtirmoqda.

Bunday imkoniyat bor, albatta. 19 fevral kuni manchesterliklar “koʻhna qit'a”ning eng nufuzli musobaqasi doirasida “Real” maydonida pley-offning javob uchrashuvida maydonga tushishi talab etiladi. Husanovning “Nyukasl”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvdagi oʻyini hamyurtimiz jiddiy raqiblarga qarshi ishonchli harakat qilishga qodirligini koʻrsatdi.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ham Abduqodir Husanovning jamoaga kelganidan beri hozirga qadar boʻlgan faoliyatiga baho berdi.

- “Nyukasl” bilan boʻlgan uchrashuvda hakam Abduqodir Husanovga ikki-uch marotaba hushtak chaldi. Chunki bu himoyachi birga bir kurashda juda shiddatli harakat qiladi. U hozircha yangi oʻyinchi ekani uchun shunday boʻldi, agar boshqa markaziy himoyachilar singari mashhur futbolchi boʻlganida oddiy vaziyatlarda oʻyin toʻxtatilmas edi.

Aslida Abduqodir jamoaga kelishi bilan “Chelsi”ga qarshi uchrashuvning ilk daqiqalarida duch kelgan vaziyatda unga oson boʻlgani yoʻq. Oʻzbekiston yoki Fransiyadan bu erga kelib, darrov oʻynab ketish qiyin.

“Nyukasl”ga qarshi oʻyin oldidan Ruben Dias, Manuel Akanji, Natan Ake safdan chiqqani bois, himoyada oʻynash Husanovning chekiga tushdi. Unda haqiqatan ham biz kutgan salohiyat borligi biz uchun ham, oʻyinchining oʻzi uchun ham foyda.

Abduqodir sovuqqon va tezkor futbolchi. “Nyukasl” bilan oʻyinda raqib hujumchisi Aleksander Isaakka etib olgan vaziyatda qanchalar tez yugurishini koʻrdik. Endi u tez qaror qabul qilish qobiliyatini yaxshilashi talab etiladi, bu yosh bilan bogʻliq masala.

Eng asosiysi esa, Husanov jamoaga yaxshi oʻrnashib oldi, u juda kamtarin va kamgap futbolchi. Men uning bizga yordam bera olishiga ishonaman. Husanov, Niko Gonsales, Vitor Reys hali juda yosh va “Manchester Siti” yaqin yillarda ularning oʻyinini rivojlantirib, oʻzi ham musobaqalarda yaxshi ishtirok eta boshlaydi, - dedi Xosep Gvardiola.

Demak, “Manchester Siti” murabbiylar shtabining Abduqodir Husanovga ishonchi baland. Oʻz oʻrnida, Xosep Gvardiola hamyurtimizni “Real”ga qarshi oʻynatish ehtimoli katta. Chunki jamoaning himoya chizigʻida muammolar hali toʻliq bartaraf etilmagan.

Ta'kidlash joizki, Xosep Gvardiola 2016 yildan beri jamoani boshqarib kelmoqda. Bu klub tarixidagi eng samarali davr. Xususan, “shaharliklar” ispaniyalik mutaxassis qoʻl ostida olti marotaba Angliya chempioni boʻldi.

“Manchester Siti” soʻnggi toʻrt yilda ketma-ket birinchi oʻrinni egalladi va Angliya Premer-ligasi tarixida qatorasiga toʻrt bor chempion boʻlgan yagona jamoaga aylandi.

Joriy mavsumning birinchi qismida jamoa oʻyinida jiddiy inqiroz kuzatildi. Xosep Gvardiola bu muammolar echimini tarkibni qayta tuzishda, deb topdi. Ana shu maqsadda, manchesterliklar yanvar oyidan boshlab, jamoaga yosh va iqtidorli oʻyinchilarni olib kela boshladi. Birinchi boʻlib, Abduqodir Husanov transferi hal etildi. Qisqa fursatda Vitor Reys, Umar Marmush va Niko Gonsales olib kelindi.

“Manchester Siti” yozda yangilanishlarni davom ettiradi. Xosep Gvardiola bir necha yoshi katta oʻyinchilarga javob berib, ularning oʻrniga yosh, tezkor, baquvvat yangi avlod ijrochilarini olib kelishni, ular yordamida kelasi mavsum yana nufuzli sovrinlar uchun kurashishni maqsad qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport