14:34 / 25.02.2025
647

“Manester Siti” yangi loyihaga 200 mln yevrolik yulduzni qoʻshmoqchi

“Manester Siti” yangi loyihaga 200 mln yevrolik yulduzni qoʻshmoqchi
Evropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Real”ga va Angliya Premer-ligasida “Liverpul”ga qarshi oʻtkazilgan soʻnggi uchrashuvlar “Manchester Siti”ning hozirgi tarkibi yuqori maqsadlar va nufuzli sovrinlarga da'vogarlik qilish uchun talabga javob bermasligini koʻrsatib qoʻydi.

Bir necha yillar davomida Xosep Gvardiola jamoasi gegemonligini ta'minlab kelgan tarkib eskirib qoldi, yulduz oʻyinchilarning aksariyatini yoshi oʻtib bormoqda, ulardagi ishtiyoq va kurashuvchanlik pasaydi. Ayniqsa, mavsumning birinchi qismidagi inqiroz jamoada jiddiy oʻzgarishlar davri kelganini koʻrsatdi.

Ana shu maqsadda, klub rahbariyati yanvar oyidan keskin oʻzgarishlarga qoʻl urdi. Yangi loyihani amalga oshirish uchun birinchi nomzodlar – “Lans”dan Abduqodir Husanov, “Palmeyras”dan Vitor Reys, “Antraxt”dan Umar Marmush va “Portu”dan Nik Gonsales olib kelindi. Xosep Gvardiola bu oʻyinchilar kelishi bilan ularga moslashish uchun vaqt ham bergani yoʻq, Husanov, Marmush va Gonsalesni darrov jangga tashlashga qaror qildi.

Ta'kidlash lozimki, soʻnggi uchrashuvlar statistikasi va ekspertlar tomonidan taqdim etilayotgan tahlillar aynan mana shu yangi ijrochilar eski tarkib vakillariga qaraganda dadil va shiddatli oʻyin namoyish qilayotganini koʻrsatmoqda.

Klub mutasaddilari bu loyiha etakchisi sifatida Erling Xolandni belgilagan. Buni norvegiyalik toʻpurar bilan 9,5 yillik yangi bitim tuzilganidan bilsa boʻladi. Buyogʻiga “shaharliklar” tarkibga yosh, chaqqon va kurashuvchi iste'dod egalarini jalb qilish yoʻlidan boradi. Klub futbol olamiga dongʻi ketgan Ilkay Gyundogʻan, Kayl Uoker, Kevin de Bryuyne, Jon Stounz, Natan Ake, Ederson, Bernardu Silva, Jek Grilish, Mateo Kovachich kabi yoshi katta oʻyinchilar, hatto yangi talablarga moslasha olmasa Fil Fodendan ham voz kechishga tayyor.

Tarkibni yangilash maqsadida “shaharliklar” yozda yana bir necha katta transferlarga qoʻl urishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Xususan, jamoaga Kevin de Bryuyne, Jek Grilish, Fil Fodenning oʻrnini bosa oladigan hujumkor futbolchi kerak. “Manchester Siti” rahbariyati bu pozitsiyaga klub tarbiyalanuvchisi Koul Palmerni olib kelishga qaror qildi.

“Shaharliklar” 2023 yilning yozida bu futbolchini “Chelsi”ga sotib yuborib, juda katta xatoga yoʻl qoʻygani ma'lum boʻldi. Balki shu ish ham behikmat emasdir. Chunki “aristokratlar” safiga borib qoʻshilgan Palmerning oʻyini birdaniga ochilib ketdi.

Kim bilsin, agar Manchesterda qolganida balki hali ham davri qachon kelishini kutib, zaxirada qolib ketgan boʻlarmidi?!

Xullas, “Manchester Siti” rahbariyati Husanov olib kelinishi bilan boshlangan yangi loyihaga nima qilib boʻlsa ham Koul Palmerni qoʻshishga bel bogʻlagan. Ular Kevin de Bryuyne bilan xayrlashib, uning oʻrnini 23 yoshli pleymeykerga topshirmoqchi.

Chelseanews nashrining ta'kidlashicha, bu transferni amalga oshirish uchun “shaharliklar” katta xarajatga tayyor turishi kerak. “Chelsi” jamoa etakchisini 200 million yevroga baholamoqda.

Yana bir jihat, “Chelsi” joriy chempionat yakunlariga koʻra, Evropa Chempionlar ligasining yangi mavsumiga yoʻllanma ololmasa, bu Palmerning tanloviga ta'sir qilish ehtimoli katta ekani aytilmoqda. Birinchidan, Koul Palmer darajasidagi futbolchi qit'aning eng nufuzli musobaqasisiz qolib ketishga rozi boʻlmaydi. Ikkinchidan, Chempionlar ligasidan quruq qolish har qanday klub kabi “Chelsi”ning ham “choʻntagi”ga ogʻir zarba boʻladi.

Demak, yozgi transferlar oynasi davrida “Manchester Siti” transfer bozorida yana faollik koʻrsatishi kutilmoqda. Biz esa, Abduqodir Husanov hurmatidan jamoaning kuchayishi va yana sovrinlarni qoʻlga kiritishidan umidvormiz...

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport