
O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Avvalgi ikki transferlar oynasi davomida uni sotish yoki ijaraga berish masalasi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, hozirda u "Roma"ning asosiy tarkibiga kirish uchun jiddiy kurash olib bormoqda.
Dovbikka ishonch va Eldorga imkoniyat
"Roma" rahbariyati asosiy hujumchi sifatida Artyom Dovbikni tanlagan edi. Ukrainalik forvard o‘tgan mavsum La Ligada eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lib, uning transferi klubga 30 million yevrodan ortiq mablag‘ evaziga tushgan. Shu sababli, jamoa tarkibidan Andrea Belotti, Temmi Abraxam, Sardor Azmun, Ola Solbakken va Romelu Lukaku kabi markaziy hujumchilar ketgan.
Jamoada Dovbikdan tashqari yagona hujumchi sifatida Eldor Shomurodov qolgan. Sport direktori Floran Gisolfi uni sotish yoki ijaraga yuborishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar bor edi. Biroq, o‘zbek hujumchi Klaudio Raneri boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishonchini qozonishga erishdi.
Shomurodov Dovbikning raqobatini kuchaytirmoqda
Oxirgi uchrashuvlarda Eldor Shomurodov yuqori saviyada harakat qilib, Dovbikning asosiy tarkibdagi kafolatli o‘rniga jiddiy xavf sola boshladi. Italyan nashrlari va ekspertlar ham bu haqda fikr bildirmoqda.
Corriere dello Sport nashri quyidagicha yozadi:
"Ikki mavsumni "Spetsiya" va "Kalyari"da ijarada o‘tkazgan Eldor Shomurodov "Roma" asosiy tarkibidan joy olishiga ko‘pchilik ishonmagan edi. Biroq, hozir u jamoaning asosiy hujumchisi Artyom Dovbikka kuchli raqobat tug‘dirmoqda. O‘zbek hujumchisi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda."
Jurnalist Enriko Kamelio esa Dovbik va Shomurodovni taqqoslar ekan, o‘zbek hujumchisini bir nechta jihatlari bilan ustun ekanini ta’kidladi:
"Mening fikrimcha, Shomurodov to‘pni Dovbikdan yaxshiroq nazorat qiladi. Ukrainalik hujumchi har doim ham to‘pni mukammal qabul qilib, jamoadoshlariga yordam bera olmaydi. Bu bir necha o‘yinda ko‘rindi. Aslida, Dovbikdan ko‘proq samaradorlik kutgandik."
Shuningdek, Italiya futboli afsonasi Anjelo Di Livio ham Eldor Shomurodovning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirilishi "Roma" uchun to‘g‘ri qaror ekanini ta’kidladi:
"Agar men Klaudio Ranerining o‘rnida bo‘lganimda, o‘zbek futbolchisini muntazam asosiy tarkibda o‘ynatgan bo‘lardim. U jamoaga ancha foyda keltirishi mumkin."
Statistik ko‘rsatkichlar: Dovbik va Shomurodovning raqamlari
Samaradorlik borasida hozircha Dovbik ustunlikka ega. U mavsum davomida 33 o‘yinda maydonga tushib, 2415 daqiqa o‘ynagan, 13 ta gol va 4 ta assistga ega.
Shomurodov esa hali yetakchi rolni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, 23 o‘yinda 742 daqiqa harakat qilib, 4 ta gol va 3 ta assist qayd etgan.
Eldorning o‘yini qanday kuchli jihatlarga ega?
Ekspertlar Eldor Shomurodovning jamoaviy o‘yindagi ishtiroki va texnikasini yuqori baholashmoqda. U Paulo Dibala, Matius Sule va Tommazo Baldansi kabi jamoadoshlari bilan yaxshi hamkorlik qilmoqda, nafaqat hujumlarni yakunlash, balki ularni tashkil etishda ham faollik namoyish etmoqda.
Shuningdek, u o‘yin davomida vaziyatni o‘zgartirish, hujumda o‘z o‘rnini topish, raqib himoyachilarini qiyin ahvolga solish kabi xususiyatlari bilan ajralib turibdi.
Eldor Shomurodov "Roma"da o‘z o‘rnini topish uchun jiddiy kurashmoqda. Dovbik hali ham asosiy hujumchi hisoblansa-da, Shomurodovning o‘yin uslubi va samaradorligi uning asosiy tarkibdagi o‘rniga jiddiy xavf solmoqda.
Agar u shunday davom etsa, "Roma"ning asosiy hujumchilaridan biriga aylanishi mumkin. Bu nafaqat uning shaxsiy karyerasi, balki o‘zbek futboli uchun ham katta yutuq bo‘ladi.
Endi hamma narsa Eldorning o‘z qo‘lida! “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar