20:18 / 06.03.2025
95

"Navbahor" yangi mavsum oldidan tanishtiruv marosimini tashkil etdi (foto)

"Navbahor" yangi mavsum oldidan tanishtiruv marosimini tashkil etdi (foto)
Superliga-2025 startiga ham oz fursat qolmoqda. “Navbahor” klubi yangi mavsum oldidan Namangan shahar, Davlatobod tumanidagi "Markaziy" stadionida taqdimot marosimini o‘tkazdi, deb xabar berdi “Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov, sektorlar rahbarlari, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatov boshchiligidagi klubimiz rahbariyati va xodimlari, “Markaziy” o‘yingoh DUK rahbariyati hamda xodimlari, “Navbahor” jamoasi murabbiylar shtabi vakillari va futbolchilari, muxlislar ishtirok etishdi.

Marosimda viloyatimiz rahbari Shavkatjon Abdurazzoqov so‘zga chiqib, “Navbahor” milliy chempionatimizga asos solinganidan buyon Superligamizning muntazam ishtirokchisi, o‘z nomiga ega, sovrindor jamoalardan biri ekanligini ta’kidlagan holda, jamoa yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rganligi, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari BAA va Turkiyada olib borilganligi, u yerda xorij jamoalari bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazilganligini ta’kidladi.

Shuningdek, viloyatimiz hokimi “Navbahor” tarkibiga asli namanganlik bo‘lgan hamda yosh va iqtidorli futbolchilar jalb etilishganini aytgan holda, yangi mavsumda “lochinlar”ga omad yor bo‘lishini tiladi.

Shundan keyin o‘tgan mavsumda 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Navbahor” murabbiylar shtabi a’zolari va futbolchilarga bronza medallarini viloyat rahbari Shavkatjon Abdurazzoqov hamda sektor rahbarlari tantanali ravishda topshirishdi.

So‘ngra, futbolchilarga yangi mavsum o‘yinlarida maydonga tushadigan futbolkalar topshirildi.



Yangi mavsumda Umidjon Ergashev - 1, Shukron Yo‘ldoshev - 16, Shahzod Toirov - 4, Sherzod G‘ulomjonov - 6, Azimjon Ahmedov - 7, Shohmalik Komilov - 8, Zabihillo O‘rinboyev - 9, Shahzodbek Ubaydullayev - 10, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov – 11, Saidazamat Mirsaidov – 12, Benjamin Teydi - 13, Javohir Abdujabborov-15, Ruslanbek Jiyanov - 17, Mirzohid G‘ofurov – 19, Rian Islomov - 21, Asadbek Jo‘raboyev - 22, Jahongir Tursunov - 23, Pedro Karvalo - 29, Muhammadbobur Mo‘ydinov - 32,Sergey Karpovich - 33, Guyedes Gilerme - 36,Alisher Odilov - 37, Komiljon Tojidinov - 55,Abbosjon G‘ulomov - 70, Navro‘zbek Iminjonov - 71, Igor Gabriel - 99-raqamlar ostida harakat qiladigan bo‘ldi.

"Keyin esa jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchan va tajribali himoyachi Mirzohid G‘ofurov so‘zga chiqib, yangi mavsumda ijobiy natijalarga erishish, muxlislarga quvonch ulashish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishlarini ta’kidlashdi.

Shuningdek, tadbir davomida jamoaning murabbiylar shtabi a’zolari tanishtirib o‘tildi, muxlislar tomonidan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovga milliy libosimiz - to‘n va Chust do‘ppisi sovg‘a qilindi, monitorda maxsus tayyorlangan 2024 yilgi mavsumning eng yorqin lahzalari aks etgan videorolik namoyish etildi.

Shu tariqa, bugungi taqdimot marosimi ko‘tarinki ruh va kayfiyatda bo‘lib o‘tdi", - deyiladi xabarda.

Foto: "Navbahor" PFK matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport