08:14 / 07.03.2025
17 538

Shomurodov ispanlarni tiz cho‘ktirgan golidan keyin nimalar dedi?

Shomurodov ispanlarni tiz cho‘ktirgan golidan keyin nimalar dedi?
Roma” hammaning e’tiborini o‘ziga qaratishda davom etmoqda. Klaudio Raneri shogirdlarining barcha turnirlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 12 ta uchrashuvga yetdi. Bu gal “bo‘rilar” Yevropa ligasining nimchorak final dastlabki o‘yinida kambekni amalga oshirdi.

Musobaqa qur’asi “Roma”ni kuchli raqib – Bilbaoning “Atletik” jamoasiga ro‘baro‘ qilgandi. “Olimpiko”dagi to‘qnashuvda hisobni ochish 50-daqiqada mehmonlar futbolchisi Inyaki Uilyamsga nasib qildi.

Oradan olti daqiqa o‘tib, Anxelino hisobni tenglashtirdi. Keyin sahnaga 71-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eldor Shomurodov chiqdi. Dastlab, “Atletiko” futbolchisi Yeray legionerimizga ishlatgan qo‘polligi uchun ikkinchi sariq kartochkani oldi va maydonni tark etdi.

O‘yindagi to‘xtalishlar uchun qo‘shib berilgan vaqtning 4-daqiqasida Eldor Shomurodov to‘rtta himoyachini dog‘da qoldirib, g‘alaba golini kiritdi. Shomurodov uchrashuv qahramoni va eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi.

Uchrashuvdan keyin o‘zbek futbolchisi ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

- Gol haqida nimalar deya olasiz?
- Juda hayajondaman. So‘nggi daqiqada urilgan goldan “Olimpiko” larzaga keldi. Bosh murabbiy oxirigacha kurashish kerakligini va borimizni berishimizni talab qiladi. Biz talabga rioya qilamiz va bu o‘yinlarda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Eng asosiysi, men gol urganim emas, biz g‘alaba qozonganimiz. Keling, g‘alabani nishonlashga berilib ketmaylik, bu birinchi o‘yin, oldinda javob uchrashuvi bor. Endi A Seriyadagi “Empoli”ga qarshi o‘yinga tayyorlanamiz.

- Klaudio Ranerining ishonchi sizga qanchalar muhim?
- Biz bir oilamiz va hozir hammada barcha narsa joyida. Bunaqa vaziyatda hammada xotirjamlik bo‘ladi, o‘zingga ishonchni his qilasan, bosh murabbiy esa, bizga ana shu ishonchni beryapti.

- Bilbaoga boshqacha o‘y-xayollar bilan borsangiz kerak...
- Ha, lekin bu xavfli natija. Biroq durang bo‘lganida biz yanada ko‘proq kurashishga majbur bo‘lardik. Endi safar uchrashuvida ham g‘alaba qozonish uchun xotirjam va puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

Ta’kidlash joizki, “Roma” bu g‘alabadan keyin navbatdagi bosqichga chiqish uchun birinchi qadamni tashladi. Endi 13 martga belgilangan javob uchrashuviga “Atletik” mezbonlik qiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport