07:22 / 12.03.2025
3 246

Abduqodir Husanov: "Manchester Siti" himoya chizig‘ida yangi yetakchi?

Abduqodir Husanov: "Manchester Siti" himoya chizig‘ida yangi yetakchi?
Abduqodir Husanovning Angliya futbolida bu qadar tez moslashishi va tez fursatda "Manchester Siti"ning muhim o‘yinchisiga aylanishi ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. 20 yanvar kuni Fransiya chempionatidan Premer-ligaga ko‘chib o‘tgan yosh himoyachi jahon futbolidagi eng murakkab va tezkor chempionatda tezda o‘z o‘rnini topa oldi.

Yosh himoyachining muvaffaqiyatli debyuti

Abduqodirning Angliya maydonlaridagi ilk o‘yini "Chelsi"ga qarshi kechgan bellashuvda sodir bo‘ldi. Uchinchi daqiqadan boshlab u o‘zini ishonch bilan namoyon qila boshladi va himoyada mustahkam o‘yin namoyish etdi. Keyingi uchrashuvlarda ham himoyadagi qat’iyati va tartibli harakatlari bilan u Xosep Gvardiolaning ishonchini qozonib bormoqda.

Gvardiola Husanov haqida nimalar dedi?

"Manchester Siti" ustozi Xosep Gvardiola yosh himoyachining jamoaga qo‘shayotgan hissasi haqida bir necha marta gapirib o‘tdi:

- "Husanovning jamoaga ta’siri juda zo‘r. Biz undan ortiqcha narsa talab qila olmaymiz. U himoyani mustahkam ushlayapti, o‘yinga bor diqqatini qaratyapti, bu juda yaxshi holat", - dedi Gvardiola.

Tahlilchilar Abduqodirni maqtamoqda

Cityxtra.co.uk portali ekspertlari Husanovni jamoaning yangi yetakchisi sifatida ko‘rishmoqda. Mutaxassislardan biri, Freddi Pay, Abduqodir haqida shunday deydi:

- Premer-liga uchrashuvida “Manchester Siti” safarda asosiy raqobatchisi “Nottingem Forest”ga 0:1 hisobida yutqazib, musobaqa jadvalida to‘rtinchi o‘rindan tushgan bo‘lsa ham, bellashuvda yuqori saviyada o‘ynagan Abduqodir Husanov yana ustozidan navbatdagi maqtovlarni qabul qilib oldi.

Aslida bu bahsda har tomonlama ustunlik “Manchester Siti” tomonida bo‘ldi. “Shaharliklar”ni o‘yinning katta qismini o‘z nazorati ostida ushladi, biroq raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun yo‘l topa olmadi. Raqib esa, oxirgi o‘n daqiqalikda Kallum Xodson-Odoining harakatlari evaziga g‘alaba to‘pini kiritdi.

Bellashuvda himoya chizig‘ining barqarorligini ta’minlash Abduqodir Husanov zimmasiga tushdi va o‘zbek futbolchini qat’iyatli harakatlari bilan buni uddaladi ham. U himoyadagi mardonavor o‘yini bilan “Manchester Siti”ning butun dunyoga yoyilgan muxlislari yoqimtoyiga aylanib bormoqda.

Kelajakda Husanovni qanday imtihonlar kutib turibdi?

Abduqodir "Nyukasl", "Real", "Liverpul" va "Tottenxem" kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushib, yuqori darajadagi o‘yini bilan hammani hayratga soldi. U hozircha "Manchester Siti" himoya chizig‘ida jarohatlar sabab qolgan bo‘shliqni yopib kelmoqda. Bunday sharoitda mutaxassislar uning mavsum oxirigacha asosiy tarkibda bo‘lishini kafolatlamoqda.

- “Manchester Siti” himoya chizig‘ida jarohatlar bilan bog‘liq vaziyatlarni inobatga olib, Abduqodir Husanov joriy mavsum oxirigacha asosiy tarkibning muhim va muqim o‘yinchisi bo‘lishi kafolatlangan. Balki bu holat kelasi mavsum ham davom etar, - degan xulosani o‘rtaga tashladi, - cityxtra.co.uk portali mutaxassisi Freddi Pay.

Joriy mavsumda "Manchester Siti" chempionlik unvonini himoya qila olmasligi mumkin. Lekin, Abduqodir Husanovning barqaror o‘yini va tezkor moslashuvi uning kelajagi porloq ekanligini ko‘rsatmoqda. Gvardiola unga katta ishonch bildirmoqda va u jamoaning muhim bo‘lagiga aylanib borayotgani aniq. O‘zbekistonlik muxlislar uchun bu faxrli holat va Husanovning Yevropa futbolidagi yo‘li hali endi boshlanmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport