06:19 / 13.03.2025
4 318

Yevropada Shomurodovning oilasiga qiziqa boshlashdi! Eldorning rafiqasi kim?

Yevropada Shomurodovning oilasiga qiziqa boshlashdi! Eldorning rafiqasi kim?
Mashhur insonlarning shaxsiy hayoti doimo jamoatchilik uchun qiziq bo‘lib kelgan. “Roma”dagi hamyurtimiz Eldor Shomurodovning keyingi paytda ishlari yurishib, o‘yini ochilib ketdi.

Hozir 29 yoshli hujumchimiz Rim klubidagi eng mashhur o‘yinchilardan biri, bir necha uchrashuvlar qahramoni. Eldor poytaxtliklarning diqqat-markazida turibdi.

Shu bois jurnalistlar “bo‘rilar” safida porlayotgan o‘zbek futbolchisining shaxsiy hayoti va oilasi haqida ham ma’lumotlar chiqara boshladi. “Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan romaforever.it sayti jurnalisti Francheska Di Nora Shomurodovning oilasi va rafiqasi Omina haqida yozdi.

- Eldor Shomurodov 2021 yilning 2 avgustida “Roma” tarixidagi birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi. “Roma” tarkibidan o‘z mehnatlari bilan muqim joy olayotgan futbolchining oddiyligi, yuzidagi doimiy tabassumi poytaxtlik muxlislarning qalbini ham zabt etishiga sabab bo‘lmoqda.

Eldor Shomurodovning rafiqasi kim?

Uning turmush o‘rtog‘i Omina futbolchining ortidan Italiyaga darrov kelgani yo‘q. Faqatgina to‘ng‘ich farzandi Mustafo tug‘ilganidan keyin, ya’ni 2020 yilning dekabrida oila yana jam bo‘ldi. Shundan so‘ng, 2022 yilning 15 iyunida oiladagi ikkinchi farzand – Mubina tug‘ildi. Eldorning otasi bu yangilikni ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilib, “xush kelibsan, malika” deb yozgan edi.

Eldorning oilasi bilan aloqasi juda mustahkam. Shomurodov o‘z intervyularida ko‘p bor “Men oddiy insonman, oilamga juda yaqinman”, deb ta’kidlagan. Garchi Eldor turmush o‘rtog‘i bilan juda yaxshi munosabatlarda bo‘lsa-da, Omina haqida ma’lumotlar juda kam. Ularning ijtimoiy tarmoqlari yopiq.

Ominani Eldorning shon-shuhrati u qadar qiziqtirmaydigandek, u asosiy e’tiborini ikki farzandining tarbiyasi bilan shug‘ullanishga va oilasiga bag‘ishlashga qaratadi.

Eldorning otasi Azamat va amakisi Ilhom ham futbolchi bo‘lganini bu yerlarda ko‘pchilik bilmasa ham kerak. O‘zbekistonlik markaziy hujumchining futbolga bo‘lgan qiziqishi ota meros. Uni “o‘zbek Messisi”, deb ham atashadi. Bu laqabni u kulib qabul qiladi.

Eldor shaxsiy hayotini sportdagi faoliyati bilan aralashtirib yubormagan. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham oilaviy suratlarini ko‘p namoyish qilmaydi, biroq maydonda javlon urayotgan rasmlarini yetarlicha ko‘rsatadi.

Shomurodovlar oilasi Rimning Eur tumanida istiqomat qiladi. Bu klub bazasi joylashgan Trigoriyaga yaqin hudud. Shu bois, Eldorning mashg‘ulotlarga yetib kelishi va tezroq oilasi va farzandlari bag‘riga qaytishi oson, - deb yozdi Francheska Di Nora.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2019 yilning 28 dekabr kuni uylangan. O‘shanda futbolchimiz Rossiya Premer-ligasida “Rostov” jamoasi sharafini himoya qilar edi.

Shomurodov Yevropaning eng kuchli besh chempionatidan biri hisoblangan A Seriyaga 2020 yilning oktyabrida ko‘chib o‘tgan. Eldor dastlab Italiyaning eng yoshi katta klubi – “Jenoa” safiga qo‘shilgan. Bir mavsumdan keyin legionerimiz “Roma”ga transfer qilindi. Orada ijara asosida “Spetsiya” hamda “Kalyari” sharafini ham himoya qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport