22:18 / 17.03.2025
278

Boks 2028 yilgi Olimpiada dasturiga qaytishi mumkinmi?

Boks 2028 yilgi Olimpiada dasturiga qaytishi mumkinmi?
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Ijro kengashi boksni 2028 yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari dasturiga qaytarishni tavsiya qildi. Bu qaror boks sohasida yangi xalqaro boshqaruv organi – World Boxing tashkiloti tuzilganidan keyin qabul qilinmoqda. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Avvalroq, boks rasman Los-Anjeles Olimpiadasi dasturiga kiritilmagan edi. Bu holat Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) atrofidagi bir qator janjallar, shuningdek, gender tekshiruvlari bilan bog‘liq mojarolar sababli yuzaga kelgandi.

Rossiya rahbarligidagi IBA 2019 yilda boshqaruv, moliyaviy va axloqiy masalalardagi muammolar sabab faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan edi. 2023 yil iyun oyida esa, islohotlarni amalga oshirishdagi kamchiliklar sababli, IBA XOQ tomonidan xalqaro sport boshqaruv organi sifatidagi maqomidan rasman mahrum qilindi.

Shundan so‘ng, boks uchun yangi boshqaruv organi yaratilishi kun tartibida asosiy masalaga aylandi. Yaqinda tashkil etilgan World Boxing tashkiloti 78 mamlakat vakillaridan iborat bo‘lib, o‘tgan oyda XOQ tomonidan vaqtinchalik tan olindi.

XOQning Ijro kengashi endi boksni Los-Anjeles Olimpiadasiga rasman kiritish bo‘yicha ovoz berishi kutilmoqda. Agar ovoz berish jarayonida bu qaror qo‘llab-quvvatlansa, boks 2028 yilgi Olimpiada dasturidagi o‘z o‘rnini tiklaydi.

Bu qaror xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan boks sport turining kelajagiga nisbatan muhim ijobiy qadam sifatida baholanmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport