2 653
Temur Kapadze: "Kim optimal formada bo‘lsa, kim jamoaga yordam bera olsa, ular shu yerda"

"JCH-2026" saralashi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 20 mart kuni Qirg‘iz Respublikasiga qarshi, shuningdek, 25 mart kuni Eronga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ayni vaqtda "oq bo‘rilar" qo‘shnilarimizga qarshi uchrashuv oldidan Toshkentda tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Srechko Katanetsdan so‘ng termani qabul qilib olgan Timur Kapadze o‘zining terma jamoadagi ilk rasmiy uchrashuvi oldidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Marhamat, uning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
- Assalomu alaykum. Ko‘rganingizdek, bugun birinchi kunimiz. Yigitlarning hammasi ham kelmagan. Tayyorgarlik uchun atigi ikki kun qolmoqda. Ertaga kechga, butun tayyorgarlikni ko‘rishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, hamma har xil holatda. Husniddin katta yo‘qotish bo‘ldi, ammo futbolda hamma narsaga tayyor turish kerak.
- Sherzod Nasrullayevning holati qanday?
- Sherzod Nasrullayevda ham jarohat bor. Bugun, erta uning holatini ko‘ramiz.
- Murabbiylar shtabiga yangi murabbiy keldi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Yangi murabbiy emas, u bilan Olimpiya terma jamoasida birga ishlaganmiz. U mening yordamchim va mashg‘ulot jarayonida menga yordam beradi.
- Eronga qarshi o‘yinni kuzatish uchun kimdir jo‘natildimi?
- Alohida kimdir bormaydi. Eronni bizning jamoa yaxshi biladi. Shuningdek, ularni o‘rganib chiqishga hali vaqtimiz bo‘ladi.
- Qirg‘iz Respublikasiga qarshi ilk uchrashuv oson bo‘lmagandi. Bu safar ham qiyin bo‘lishini kutyapsizmi?
- Albatta, oson bo‘lmaydi. Bu bosqichda birorta uchrashuvda oson g‘alabalar qo‘lga kiritilgani yo‘q. Qirg‘iz Respublikasi qo‘shnimiz va ular motivatsiya nuqtayi nazaridan yaxshi tayyorgarlik ko‘radi. Ularning o‘zining maqsadi bor. Biz ham o‘z maydonimizda o‘ynaymiz va g‘alaba uchun maksimal harakat qilamiz.
- Aliqulov va Turg‘unboyev jarohat sabab chaqirilmadi. Qolgan legionerlar murabbiylar shtabi qaroriga ko‘ra, yig‘inga taklif etilmadimi?
- Turkiyadagi yigitlar jarohat sabab. Qolganlar esa, murabbiylar shtabi qaroriga ko‘ra chaqirilmadi. Qaradik, kuzatdik va tanlov amalga oshirdik. Yig‘inga hammmani taklif etishning iloji yo‘q. Kim optimal formada bo‘lsa, kim jamoaga yordam bera olsa, ular shu yerda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar