21:04 / 19.03.2025
489

Qirg‘iziston bosh murabbiyi Maksim Lisitsin matbuot anjumanida nimalar dedi?

Qirg‘iziston bosh murabbiyi Maksim Lisitsin matbuot anjumanida nimalar dedi?
Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi Maksim Lisitsin va jamoa sardori Valeriy Kichin JCH-2026 3-saralash bosqichi doirasidagi O‘zbekistonga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida qatnashdi.

"Biz ertaga qiyin bahs bo‘lishini bilib turibmiz. Saralash bosqichi o‘z yakuniga yaqinlashib bormoqda. Har bir jamoa natija uchun o‘ynashni boshlagan. Natija biz uchun ham juda muhim. Biz ertaga o‘zimizga kerakli bo‘lgan natijaga erishishga harakat qilamiz" - deya fikr bildirdi Maksim Lisitsin ertangi bahs oldidan.

"Ertaga katta ajiotaj" bo‘lishi kutilmoqda. Ikki jamoa ham muxlislar uchun qiziqarli bo‘ladigan futbol namoyish etishadi degan umiddaman" - dedi jamoa sardori Valeriy Kichin.

- Qirg‘izistondan 1000 nafardan ko‘proq muxlislar keldi. Ertaga terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarga tilaklaringiz...

- Chempionatda ikki tur o‘tkazildi. Premer-ligada to‘p tepayotgan futbolchilarning jismoniy holati va tayyorgarligi haqida gapirib o‘tsangiz. Shuningdek, legionerlarning holati qanday?

- Holat unchalik yomon emas, yaxshi deb ayta olaman ham. Biz biroz bo‘lsa ham tayyorgarlik o‘tkazdik. Chempionatning dastlabki ikki bahslari bizga katta yordam berdi deya olmayman. Sababi futbolchilar sun’iy maydonda o‘ynashdi. Endi esa ular tabiiy maydonga o‘tishmoqda. Ushbu holat futbolchilarga muammo tug‘dirishi mumkin. Biz o‘yinga tayyormiz deb o‘ylayman. Biz har bir soniyadan unumli foydalanishga va o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga maksimal harakat qilmoqdamiz.

- O‘tgan yili sentyabrda O‘zbekistonga qarshi o‘tkazilgan bahsdan oldin Qirg‘iziston terma jamoasi Erondan Bishkekga yetib kelish bo‘yicha muammolarga duch kelgandi. Aynan shu logistik muammolar sababli tayyorgarlik biroz qiyin kechgani haqida aytib o‘tgandingiz. Bu safar Qirg‘iziston terma jamoasi bunday muammolarga duch kelmadi. Jamoangiz ertangi o‘yinga to‘liq tayyormi?

- Bu safar logistika masalalari bo‘yicha muammolar bo‘lmadi. Bir nechta legioner futbolchilarimiz xorijdan uchib kelishdi, xolos. Umuman olganda, tayyorgarlik yaxshi o‘tdi. Ertangi bahsni Bishkekdagi o‘yin bilan solishtirish biroz g‘alati. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Ko‘pgina futbolchilar o‘z klublari bilan yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonlarini o‘tashdi. Biz nimaga qodir ekanligimiz va maksimum darajamizni ko‘rsata olishimizni, ertaga maydondagi harakatlarimiz orqali bilib olamiz. O‘ylaymanki, futbolchilar bahsga 100% tayyor.

- O‘zbekiston terma jamoasining ayni damdagi himoya chizig‘ini qanday baholaysiz?

- Zamonaviy futbolda aynan bir chiziqni yoki pozitsiyani baholash noto‘g‘ri. Masalan, jamoaning umumiy himoyaviy harakatlarini baholash mumkin. O‘zbekiston terma jamoasida o‘ta kuchli futbolchilar borligini bilamiz va aynan shu sababli terma jamoangiz himoyada ham ancha ishonchli harakatlanadi.

- Qirg‘iziston terma jamoasi o‘z uyida yaxshiroq o‘ynamoqda degan taassurot bor. Masalan, O‘zbekistonga va Eronga qarshi bahs. Shuningdek, KXDR ham Bishkekda mag‘lub etildi. Safar o‘yinlaridagi natijalar esa yaxshi emas. Qirg‘iziston terma jamoasi uchun safarda o‘ynash haqiqatdan ham qiyinroqmi?

- Menimcha, ushbu bosqichda bizga biroz tajriba yetishmayapti. Shu sababli, mehmon sifatida o‘tkazayotgan bahslarimizda qiynalmoqdamiz. O‘z uyimizda esa muxlislar bizni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlashdi va bu bizga yanada ko‘proq ishtiyoq beradi. Safardagi bahslarda ham yaxshiroq natijalar qayd etishga harakat qilmoqdamiz. Ushbu muammoni ustida ishlamoqdamiz.

Valeriy Kichinga savol

- Valeriy, siz o‘tgan mavsumda O‘zbekiston chempionatida to‘p tepdingiz. Ushbu jihat sizga ertangi bahs oldidan qo‘l kelishi mumkinmi?
- Yo‘q. Klub futboli va terma jamoa darajasi katta farq qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkib futbolchilari asosan legionerlar.

- Qirg‘iziston terma jamoasi shunga qadar O‘zbekistonga qarshi to‘qqiz marotaba to‘qnash kelgan va barcha o‘yinlarda mag‘lub bo‘lgan ekan. Ushbu statistika sizlarga bosim o‘tkazmayaptimi?

- Menimcha, yo‘q. Ushbu fakt ko‘proq muxlislar va rahbariyatga ta’sir o‘tkazsa kerak. Futbolchilar esa bunga e’tibor berishmaydi. Futbolchilar faqatgina ertangi bahsda yaxshiroq o‘yin namoyish etish haqida o‘ylashmoqda.

- Qirg‘iziston prezidenti Bishkekdagi bahsdan oldin, agar terma jamoa g‘alaba qozonsa, avtomobil sovg‘a qilishini va’da bergan degan fikrlar tarqalgandi. Ertangi bahs oldidan ham shunday va’dalar berildimi?

- O‘zbekiston prezidenti va’da berganmi?(kuladi). Yo‘q, men bundan xabardor emasman. Futbolchilarda motivatsiya yetarli. Bu gap-so‘zlar ko‘proq muxlislar va futbol atrofidagi insonlarga tegishli. Futbol Federatsiyasi bizni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Siz aytgan gaplardan xabardor emasman.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport