12:33 / 20.03.2025
4 313

“Roma”ning og‘ir mag‘lubiyati: himoyachi o‘z xatosini unuta olmayapti va ruhan qiynalyapti

“Roma”ning og‘ir mag‘lubiyati: himoyachi o‘z xatosini unuta olmayapti va ruhan qiynalyapti
Yevropaning yirik klublaridan biri "Roma" uchun joriy mavsumdagi eng dramatik uchrashuv Ispaniyaning "Atletik" jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan rimliklar, javob bahsida kutilmagan holatga tushib qoldi.

Uchrashuvning taqdiri ko‘p jihatdan "Roma"ning tajribali himoyachisi Mats Xummels bilan bog‘liq bo‘ldi. Uchrashuvning 8-daqiqasida himoyachi katta xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni raqibga topshirib qo‘ydi. O‘z xatosini zudlik bilan tuzatishga uringan Xummels raqibga qarshi qo‘pol harakat uchun qizil kartochka bilan jazolandi va maydondan chetlatildi. Bu holat "Roma"ning rejalarini butunlay buzib yubordi va jamoa qariyb butun uchrashuvni bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi tugashiga bir necha daqiqa qolganda "Roma" muhim gol o‘tkazib yubordi va bu jamoaning psixologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ikkinchi bo‘limda ham jamoa kurashni davom ettirdi, ammo istalgan natijaga erisha olmadi.

O‘yindan keyin Eldor Shomurodov jurnalistlarga bergan intervyusida Mats Xummelsni qo‘llab-quvvatladi:
- Sakson daqiqa o‘n kishi bo‘lib o‘ynash juda qiyin. “Atletik” kuchli jamoa. Biz borimizni berdik, bor kuchimiz bilan harakat qildik. Natija uchun afsusdamiz. Muxlislar shu yergacha keldi.

Bu futbol va unda hamma xato qiladi. Biz Xummels uchun ham oxirigacha kurashdik, biroq birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqasida gol o‘tkazib yubordik. Bu psixologik jihatdan og‘ir zarba bo‘ldi. Biz shunda ham oxirigacha kurashdik, afsuski, o‘xshamadi.

Xummels hammadan uzr so‘radi. Bu futbol, hammamiz ham xato qilamiz. Biz u bilan birdammiz.

Biz bir oiladekmiz. Biz hozirgacha nima qilgan bo‘lsak, shu ishlarni davom ettirishimiz va oxirigacha kurashishimiz lozim. Hali chempionatda ko‘p o‘yinlar bor. Natija qanday bo‘lishini oxirida ko‘ramiz, - dedi Eldor Shomurodov.

“Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan romaforever.it sayti jurnalisti Francheska Di Noraning yozishicha, germaniyalik himoyachi o‘z xatosini unuta olmayapti va ruhan qiynalyapti. Jurnalistlar bilan suhbatda Mats Xummels bu xatoni faoliyatidagi eng katta xato deb atab, o‘zi uchun katta saboq olganini aytdi.

- O‘sha voqeadan keyin men o‘z qadriyatlarimni bir qayta ko‘rib chiqdim. Bu mening faoliyatimda yo‘l qo‘yilgan eng katta xato ekaniga shubham yo‘q. Butun faoliyatim davomida himoyachi sifatida to‘rt marta qo‘pol xato qilganman, biroq ularning hech biri Bilbaoda bo‘lgani kabi jamoaning natijasiga salbiy ta’sir o‘tkazmagan.

To‘g‘risi, menga juda qiyin bo‘ldi. Kiyim alishtirish xonasida o‘tirib, jamoaning keyingi bosqichga chiqishiga umid qilish, ayniqsa, sen tufayli har bir jamoadoshing yanada ko‘proq ter to‘kishga, mashaqqat chekishga majbur ekanini his etish juda qiyin bo‘larkan, - dedi Mats Xummels.

Bu mag‘lubiyat "Roma"ning joriy mavsumdagi yagona mag‘lubiyati sifatida qolmoqda va jamoa chempionatdagi qolgan o‘yinlarga jiddiy ruhiyat bilan tayyorgarlik ko‘rishda davom etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport