
O‘zbekiston Milliy terma jamoasi "JCH-2026" saralashi 3-raundi doirasida hozirgacha 7 ta o‘yin o‘tkazdi. Mana shu yetti uchrashuvda termamiz vakillariga bir necha jabhalarda omad kulib boqqanini ta’kidlash lozim. Buni klass evaziga vujudga kelgan holat, deb baholasak ham bo‘lar, balki!
O‘zbekiston - Shimoliy Koreya 1:0
O‘zbekiston 1-turda Shimoliy Koreya bilan bahs olib bordi. Ushbu bellashuvda vakillarimiz 1:0 hisobida zafar quchdi. Yagona gol Jaloliddin Masharipov tomonidan kiritildi.
Mazkur bahsda O‘tkir Yusupov raqiblarimizning penaltisini qaytargan. Mana shu seyv ilk turni g‘alaba bilan boshlashimizda asqatgandi.
O‘zbekiston - Eron 0:0
3-turda vakillarimiz Eronni o‘z maydonida qabul qildi (0:0). Deyarli tengma-teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvning 57-daqiqasida forslar futbolchisi Hardani qizil kartochka olib, maydonni tark etadi. Biz bu vaziyatdan foydalana olmadik. Biroq baribir ham bu epizod foydamizga ishladi. Balki 11 kishi bo‘lib harakat qilgan Eron bahs yakuniga qadar gol urishning uddasidan chiqqan bo‘larmidi? Bundan tashqari, uchrashuv yakuniga yaqin darvozamizga penalti belgilanishi ham mumkin edi. Rustam Ashurmatov jarima maydonimiz ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagan. Hakam dastlab 11 metrli nuqtani ko‘rsatgan, ammo VAR tekshiruvidan so‘ng hakam qarorini o‘zgartirgan.
O‘zbekiston - BAA 1:0
4-turda ham o‘z maydonimizda BAAni qabul qildik. Unda Otabek Shukurov tomonidan 76-daqiada penaltidan kiritilgan yagona gol o‘yin taqdirini hal qilgandi. E’tiborlisi, mana shu o‘yinda ham raqiblarimiz qizil kartochka olgandi. 65-daqiqada Abdulla Hamad keskin fol ishlatgani uchun maydondan chetlashtirilgandi. Shundoq ham maydonda aktiv harakat qilayotgan hamyurtlarimiz qolgan daqiqalarda faollikni yana ham oshirgan. 75-daqiqada Bobir Abdixoliqov ishlagan penaltini yuqorida ta’kidlaganimizdek Otabek Shukurov golga aylantirgandi.
Shimoliy Koreya - O‘zbekiston 0:1
6-turda vakillarimiz Laosda Shimoliy Koreya bilan kuch sinashdi. Abbosbek Fayzullayev taym yakunlanishi arafasida gol urib, vakillarimizni hisobda oldinga olib chiqadi. Ikkinchi bo‘limda esa koreyslar katta ishtiyoq bilan maydonga tushib, darvozamiz oldida ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratishning uddasidan chiqqan. 83-daqiqada VAR tekshiruvidan so‘ng termamiz darvozasi tomon penalti belgilandi. Shuningdek, himoyachimiz Umar Eshmurodov qo‘pollik uchun maydondan ham chetlatildi. Biroq bu safar ham O‘tkir Yusupov seyv amalga oshirib, jamoamizning uch ochko olishida katta hissa qo‘shdi.
O‘zbekiston - Qirg‘iz Respublikasi 1:0
Mazkur o‘yinda termamiz ilk daqiqalardanoq xavfli vaziyatlar yaratishning uddasidan chiqdi. Buning evaziga 24-daqiqada Hojiakbar Alijonovni darvozabon bilan yakkama-yakka holatda to‘xtatib qolgan Said Datsiyev qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi. Biroq 11 metrli zarbani Eldor Shomurodov golga aylantira olmagandi. Shunday bo‘lsa-da, 40-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda penalti va qizil kartochka ishlab bergan Alijonovning o‘zi gol urib, jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi. Garchi, bu uchrashuvda qizildan so‘ng raqiblarimiz himoyaga "yotib olgan" bo‘lsa ham, bu ularning hujumdagi imkoniyatlarini kamaytirdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, chetlashtirish foydamizga ishladi, deya olamiz.
Dastlab, bizga taqvim omadli keldi. Ilk turlarni nisbatan oson raqibga qarshi o‘tkazdik. Qo‘shimchasiga, bizga qarshi bahslarda raqiblar 3 marotaba qizil kartochka oldi. Shuningdek, O‘tkir Yusupov ikki bor penalti qaytardi. U qaytargan penaltilar aynan hisob minimal bo‘lib turgan (1:0) vaqtda ekanligini inobatga olsak, uning hozir to‘plab turgan ochkolarimizda salmoqli hissasi bor.
Omad milliy terma jamoamizga avvallari u qadar ham kulib boqmasdi. Bu safar qandaydir hammasi bizning foydamizga ishlayotgandek. Hatto Shimoliy Koreyaning ikki asosiy raqobatchilarimiz Qatar va BAA'dan ilk davrada olgan ochkolari ham shunga ishora qiladi. Kuchli ekanligimizga ham shubha yo‘q. Ikki omil birlashib, bizga kerakli natijalarni olib kelyapti. Shunday davom etsin!
Karim Xudayqulov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar