
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani yilning eng shov-shuvli transferlaridan bo‘ldi.
Abduqodir yangi jamoasida yaxshi o‘rnashib oldi. Yaqinda 21 yoshga to‘lgan futbolchimiz bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning asosiy himoyachilaridan biriga aylanishi uchun qisqa fursat kifoya qildi.
Angliya futboli tahlilchilari Abduqodir Husanov faoliyatini tahlil qilish jarayonida ajoyib yangilikka duch keldi. Nufuzli manba – cityxtra.co.uk nashri o‘zbek legionerining “Manchester Siti”dagi o‘yinlarini tomosha qilish uchun O‘zbekistondan “Etixad” stadioniga kelayotgan tomoshabinlar safi tobora kengayib borayotganini ma’lum qildi.
- 33,6 million funtga “Lans”dan transfer qilingan Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga kelishi Xosep Gvardiolaning himoya markazidagi dahshatli muammolariga barham berdi. Hozir 21 yoshli futbolchi “shaharliklar” tarkibidagi eng birinchi o‘yinchilardan hisoblanadi.
“Manchester Siti”ning Ruben Dias, Manuel Akanji, Natan Ake va Jon Stounsdan tarkib topgan himoya markazi bu mavsum jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha juda katta muammolarga duch keldi. Husanovning orqa chiziqdagi shiddatli o‘yini esa, jamoaga “toza havo” olib kirdi.
Debyut uchrashuvidagi noxushliklarga qaramay, O‘zbekistonning Premer-ligadagi birinchi va yagona o‘yinchisi qisqa fursatda “Manchester Siti” muxlislari uchun haqiqiy qahramonga aylandi. Mavsum davomida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan jamoa mavsumni quruq yakunlamaslik ilinjida Angliya Premer-ligasida kuchli to‘rtlikka kirish va sakkizinchi marotaba mamlakat kubogini qo‘lga kiritish uchun kurashmoqda.
“Manchester Siti”ning navbatdagi bahslarida Husanov yana boshlang‘ich tarkibdan joy oladi. Abduqodir klubga kelganidan keyin “Etihad” stadioniga kirish chiptalarini sotib olayotgan o‘zbekistonlik muxlislar oqimi kengayayotgani kuzatilmoqda, - deb yozdi cityxtra.co.uk portali jurnalisti Vayam Laxoti.
Bu masala bo‘yicha Manchester Evening News nashri eksperti Saymon Baykovski yanada aniq ma’lumot tarqatdi.
- “Manchester Siti”da Erling Xoland kabi yorqin yulduzlarning faoliyat yuritishi jamoa o‘yiniga sotiladigan chiptalarga jahon miqyosida talab oshishiga olib kelgandi. Qishki transferlar vaqtida “shaharliklar” safiga Abduqodir Husanovning qo‘shilgani uning mamlakatidan jamoa o‘yiniga chiqariladigan chiptalarga talabni yanada oshirgani kuzatilmoqda.
O‘zbek himoyachisi ortidan jamoani minglab kilometr uzoqlikdan g‘oyibona qo‘llab-quvvatlab turadigan yana 35 milliondan ortiq muxlis qo‘shildi. Jahon darajasidagi uchrashuvlarda o‘z qahramonlarining maydondagi harakatlarini bevosita ko‘rish uchun uzoq masofalarni bosib kelayotganlar soni ko‘paymoqda, - deb yozdi manchestereveningnews.co.uk eksperti Saymon Baykovski.
“Manchester Siti” yil boshida 181,5 million funt sterling sarflab, o‘z tarkibiga Abduqodir Husanov, Umar Marmush, Niko Gonsales hamda Vitor Reysni olib kelgan edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ular orasida keyingi bir necha yillar davomida jamoaga yetakchilik qilishi kutilayotgan Abduqodir Husanov eng manfaatli va eng muhim loyihaga aylanib bormoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar