
Kataloniya Oliy sudi braziliyalik mashhur futbolchi Dani Alvesning zo‘rlash ishi bo‘yicha berilgan apellyatsiyasini to‘liq qanoatlantirib, ayblov hukmini bekor qildi. Shuningdek, sud Alvesga nisbatan qo‘llangan barcha cheklovlarni ham olib tashladi. Bu haqda "Reuters" axborot agentligi xabar berdi.
Sudning qaroriga ko‘ra, ishda «aybsizlik prezumpsiyasi talab qiladigan me’yorlardan oshib ketadigan» darajada dalillar yetarli emasligi aniqlangan. Shuningdek, sud jabrlanuvchi deb taxmin qilingan ayolning ko‘rsatmalari videoyozuvlar orqali tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan faktlarga nisbatan ishonchli emasligini ta’kidladi. Sud bu holat jabrlanuvchining ko‘rsatmalari haqiqat emasligini «aniq ko‘rsatganini» bildirgan.
Ayni paytda, mazkur qaror ustidan Ispaniya Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin. Bu esa ishning hali ham oxirgi bosqichga yetmaganini anglatadi.
Sud jarayoni va hibsga olish tafsilotlari
2024 yil fevralida sud Dani Alvesni 2022 yilda Barselona shahridagi tungi klub hojatxonasida ayolni zo‘rlaganlikda ayblab, to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Futbolchi 2023 yil yanvarida hibsga olingan va shu kungacha qamoqda saqlangan. Biroq, 2024 yil martida, sud hukmi chiqarilganidan bir oy o‘tib, u bir million yevro garov evaziga ozod qilingan.
Dani Alvesning futbol faoliyati
41 yoshli Dani Alves futbolchilik faoliyatini Ispaniyaning "Sevilya" klubida boshlagan va keyinchalik "Barselona" safiga qo‘shilib, u bilan bir necha bor Chempionlar ligasi va Ispaniya chempionati g‘olibiga aylangan. 2016 yildan so‘ng u "Yuventus", "Pari Sen-Jermen" va Braziliyaning "San-Paulu" klublarida ham to‘p surgan. Keyinchalik u erkin agent sifatida "Barselona"ga qaytib, 2022 yilda jamoani tark etgan.
Dani Alvesning sud qarori orqali ozodlikka chiqishi va ish bo‘yicha kelgusi jarayonlar futbolchilik faoliyatiga qanday ta’sir qilishi hali noma’lum.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar