
Braziliya futbol konfederatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi Dorival Juniorni lavozimidan ozod etish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda UOL nashri xabar tarqatdi.
Mag‘lubiyat sabab bo‘ldi
Braziliya rahbariyati ushbu qarorga kelishining asosiy sababi — 2026 yilgi jahon chempionati saralash turniri doirasida Argentinaga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lish bo‘ldi. Bunday yirik mag‘lubiyat Braziliya futbolida jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Masalalar faqat mag‘lubiyatda emas
Aslida, Dorival Juniorga e’tirozlar oldindan ham mavjud edi. Xususan, o‘tgan yili Amerika Kubogida terma jamoa yetarlicha ishonchli o‘yin namoyish etmagani rahbariyatda shubhalar uyg‘otgan.
Shuningdek, murabbiyning o‘ziga yordamchi sifatida o‘g‘li Lukas Silvestrni ishga olishi ham munozaralarga sabab bo‘ldi. Ilgari bu vazifada katta tajribaga ega sobiq himoyachi Juan faoliyat yuritgan bo‘lib, uning o‘rnini murabbiyning o‘g‘li egallashi rahbariyatga yoqmagan.
Dorival Juniorning qisqa faoliyati
62 yoshli mutaxassis 2024 yilning yanvarida Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini qabul qilib olgan edi. Biroq uning qo‘l ostida besh karra jahon chempionlari mundial saralash musobaqasida to‘rtinchi o‘rinda ketmoqda.
Hozircha Braziliya terma jamoasining yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar