
Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabridan beri Italiya chempionatida ishtirok etib kelmoqda. 29 yoshli hujumchi Yevropa “top-5” ligalarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchimiz hisoblanadi. Bundan tashqari, Eldor kuchli beshlik chempionatlarida birinchi bo‘lib to‘p kiritgan va eng ko‘p gol urgan o‘zbekistonlik legionerga aylangan.
Yildan yilga hamyurtimizning aniq zarbalaridan “jabr” chekkan jamoalar soni oshib bormoqda. Ular orasida jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qudratli klublar ham bor.
Sports.uz portali Eldor Shomurodov Italiyadan qo‘nim topganidan beri qaysi jamoalar darvozasini ishg‘ol qilganini hisoblab chiqdi. Endi mana shu qiziqarli ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etamiz.
Shomurodov faoliyatida A Seriyadagi debyut mavsumi eng samaralisi hisoblanadi. 2020-2021 yillar Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa” sharafini himoya qilgan legionerimiz chempionatda sakkizta to‘p kiritgan.
Eldor A Seriyadagi ilk golini “Parma” darvozasiga kiritgan. Keyinchalik hamyurtimiz “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya”, “Latsio”, “Kalyari” darvozalarini bir marotabadan ishg‘ol qilgan bo‘lsa, “Atalanta” bilan o‘yinda ilk dublini qayd etgan.
Sermahsul mavsumdan keyin Eldor Shomurodov grand klublar qatorida zikr etiladigan “Roma”ga ko‘chib o‘tdi. Poytaxt klubidagi ilk mavsumida hujumchimiz ikki uchrashuvda “Venetsiya”ga va bitta bahsda “Sampdoriya”ga gol urdi.
Shuningdek, o‘sha mavsum Italiya kubogi nimchorak final uchrashuvida “Lechche” darvozasini ishg‘ol qilib, bu musobaqadagi gollari hisobini ham ochdi.
Eldorning chempionatdagi keyingi goli o‘zi ijaraga o‘tgan “Spetsiya”da kiritildi. Bu jamoa safida hamyurtimiz “Salernitana” posboni Gilermo Ochoani ojiz qoldirdi.
Navbatdagi mavsumni Shomurodov “Kalyari”da o‘tkazdi. Og‘ir jarohat bilan esda qolgan o‘sha mavsumdagi samarali harakatlar chempionatning ikkinchi qismiga to‘g‘ri keldi. Shomurodov bir yil avval bo‘lganidan yana “Salernitana” darvozasiga yo‘l topdi. Bu gal o‘zbek futbolchisi Gilermo Ochoani ikki bor o‘z ortidan to‘p olib chiqishga majbur qildi.
Keyin esa, qudratli “Inter”ga gol urib, “Kalyari”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi va jamg‘arilgan bir ochko keyinchalik sardiniyaliklarning yuqori diviziondagi joyini saqlab qolishida qo‘l keldi.
Nihoyat, joriy mavsumning boshida Eldorning “Empoli” darvozasiga kiritgan to‘pi “Roma” uchun chempionatdagi birinchi gol bo‘ldi va aynan mana shu zarba Shomurodovning Rimda qolishini ta’minladi.
Keyinchalik hamyurtimiz yo‘llagan to‘plarni “Monsa” hamda “Yuventus” posbonlari qaytara olmadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori bu mavsum Italiya kubogida “Sampdoriya” darvozasini ham aniq nishonga olganini ta’kidlash lozim.
Yana bir qiziq fakt. Shomurodov “Roma” o‘yinchisi sifatida UYEFAning nufuzli turnirlaridagi gollari hisobini ham ochib qo‘ygan. Xususan, Konferensiya ligasining ilk mavsumida Eldor Shomurodov Turkiyaning “Trabzonspor” jamoasiga gol urgan va yakunda “Roma” ushbu musobaqada bosh sovrini qo‘lga kiritilgan edi.
Keyinchalik legionerimiz Yevropa ligasida Bolgariyaning “Ludogores” jamoasiga gol urdi. Joriy mavsumdagi musobaqa davomida Eldor Germaniyaning “Aytraxt” va Ispaniyaning “Atletik” kabi qudratli klublari darvozabonlarini ojiz qoldirdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!