
“Manchester Siti”ning yetakchilaridan biri Fil Foden maydondagi o‘yinlardan tashqarida ham tinchimas kunlarni boshidan kechirmoqda.
Futbolchi 2021 yili oilasi uchun hashamatli uy sotib olgandi. Bir muddat ota-onasi bilan yashagan, keyin sevgilisinikiga ko‘chib o‘tgan. Endi esa Fodenlar oilasi 3 million funtlik bu uyni sotuvga qo‘ydi.
“The Sun” yozishicha, uyda tez-tez o‘tkaziladigan ziyofatlar qo‘shnilar noroziligiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, yaqindagi derbilardan birida Fodenning onasi haqoratlangan, bu esa o‘yinchiga og‘ir botgan.
Foden “Siti”ning o‘z tarbiyalanuvchisi. U 2017 yildan beri jamoa sharafini himoya qilmoqda. Hozirgacha 352 ta o‘yin, 118 ta gol, 73 ta assist.
Futbolchining amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha, transfer narxi Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra 130 million yevro.
"Abduqodir Husanov yangi kelganida unga men o‘zim yordam berganman. Talanti bor, lekin yosh futbolchini qo‘llash kerak. Men o‘sha davrda o‘zimni himoyachi emas, katta akadek tuygandim", – degan edi Fil Foden fevral oyidagi intervyusida.
De Bryuyne qayerda o‘ynaydi? Oila hal qiladi
“Siti”da so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatlar ortida turgan Kevin de Bryuyne mavsum oxirida jamoani tark etishini ma’lum qildi.
34 yoshli belgiyalik hozirda Saudiya Arabistoni, AQSH (“Inter Mayami” jumladan) va hatto Premer-liga klublaridan takliflar kutayapti.
"Men endi yosh emasman, lekin yuqori saviyada o‘ynashga hali tayyorman. Qayerda o‘ynashimni avvalo oilam bilan muhokama qilaman. Futbolda barchasi bir kunda hal bo‘lmaydi", – deydi u.
Kevinning aytishicha, u hozircha hech bir klubga "ha" demagan. Lekin Angliyada faoliyati to‘xtamagan, deb o‘ylaydi.
“Siti” Husanov kelgan ligadan yana bir talantga ko‘z tikdi
Yanvarda Abduqodir Husanovni Fransiyaning “Lans” jamoasidan 50 mln yevroga sotib olgan “Siti”, endi Liga 1da yana bir iqtidorni nishonga oldi.
Bu gal navbat “Monako”da to‘p surayotgan Magnes Akliushga keldi. U 23 yoshda, hozircha hujumkor yarim himoyachi sifatida o‘ynaydi.
“PSJ” ham uni diqqat bilan kuzatmoqda. Joriy mavsumda Akliush 38 o‘yin, 6 gol, 9 assist bilan ajralib turdi. Uning shartnomasi 2028 yilgacha.
Transfermarkt tomonidan uning transfer bahosi 40 million yevro deb ko‘rsatilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!