date
views 5 511

Messi futbolda yana qancha qoladi? O‘zi javob berdi

Messi futbolda yana qancha qoladi? O‘zi javob berdi
Hozirda “Inter Mayami” sharafini himoya qilayotgan futbol yulduzi Lionel Messining faoliyatini yana qancha davom ettirishi hamon futbol muxlislari uchun qiziq mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Sakkiz karra "Oltin to‘p" sohibi shu masalaga aniqlik kiritib, o‘zining kelgusi rejalarini ma’lum qildi.

"Oldin ham ko‘p bor aytganimdek, hozirgi paytda faqat o‘zimning jamoam va o‘yinimga diqqatni jamlaganman. Ammo jahon chempionati haqida o‘ylamayapman desam, noto‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, men mundialda qatnashishni istayman va bu haqda o‘ylayapman.

Biroq bu mavsum mening kelajagim haqida yakuniy qaror chiqarishim uchun juda muhimdir. Agar yuqori saviyani ushlab tura olsam, albatta faoliyatimni davom ettirishni xohlayman", – dedi Lionel Messi.

Eslatib o‘tamiz, 37 yoshli argentinalik yulduz o‘zining xalqaro faoliyatini 2005 yili boshlagan. Shu kungacha u Argentina terma jamoasi safida 191 o‘yinda maydonga tushib, 112 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Messidan oldinda faqatgina portugaliyalik yulduz Krishtianu Ronaldu bor.

Jahon futbolida so‘nmas yulduz sifatida qolgan Messi, shuncha yillik faoliyatdan so‘ng ham mundialda qatnashishni “o‘ylab ko‘rayotgan”i bilan muxlislar uchun umid uyg‘otdi.

Siz nima deb o‘ylaysiz: Messi 2026 yilgi mundialda Argentinani yana yetaklay oladimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messi futbolda yana qancha qoladi? O‘zi javob berdi