date
views 2 099

Shomurodov endi asosiyda: “Shunga ko‘ra asosiy tarkibda Eldor Shomurodov maydonga tushadi”

Shomurodov endi asosiyda: “Shunga ko‘ra asosiy tarkibda Eldor Shomurodov maydonga tushadi”
Klaudio Raneri qo‘l ostida qiyinchiliklar bilan boshlangan mavsumni katta muvaffaqiyat bilan yakunlash imkoniyatiga ega bo‘lgan «Roma»ning asosiy maqsadi – Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Anchadan beri qit’aning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etishni orzu qilayotgan poytaxt klubi 2025 yil davomida hali chempionatda mag‘lub bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu seriyani g‘alabalarga aylantirishi lozim.

A Seriyaning 33-turida «Olimpiko» stadionida himoyasi eng zaif sanalgan «Verona» klubi mehmon bo‘ladi. Ushbu uchrashuv 19 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.

Ko‘pchilik ekspertlar bu bahsda Klaudio Raneri hujum chizig‘ida Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik duetini ilk daqiqalardan boshlab maydonga tushirishini taxmin qilishgandi. Biroq «Roma24» nashrining xabar berishicha, bu safar ham poytaxtliklar yagona markaziy hujumchi bilan o‘ynashni rejalashtirgan va bu futbolchi Eldor Shomurodov bo‘ladi.

«Dovbik bir necha kundan beri chap tizzasiga muolaja olyapti. Shunga ko‘ra asosiy tarkibda Eldor Shomurodov maydonga tushadi. O‘zbek forvardiga ikki hujumkor yarim himoyachi – Matias Sule va Tommazo Baldansi yordam beradi», – deb yozadi Roma24.

«Tuttomercatoweb» ham bu ma’lumotlarni tasdiqladi:

«Roma» tarkibida kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Klaudio Raneri «Verona»ga qarshi bahsda hujum markazida Eldor Shomurodovni o‘ynatadi. O‘zbek futbolchisi mehnati va harakatchanligi bilan doim murabbiylarning ishonchini qozongan va bu safar ham o‘ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanishi kutilmoqda».

«Vocegiallorossa» sayti ekspertlari esa ikki jamoaning o‘zaro uchrashuvlari bo‘yicha qiziqarli statistika keltirgan:

«Roma» «Verona»ga qarshi so‘nggi 50 yilda o‘z uyida mag‘lub bo‘lmagan. Rimda o‘tkazilgan 33 uchrashuvdan 23 tasida mezbonlar g‘alaba qozongan. Bu bahsda Eldor Shomurodovga katta mas’uliyat yuklangan bo‘lib, u jamoani g‘alabaga yetaklash uchun asosiy o‘yinchi bo‘ladi».

Shu tariqa, Eldor Shomurodov va uning jamoadoshlari uchun bu muhim uchrashuvda g‘alaba qozonish asosiy maqsad bo‘lib turibdi. Har bir ochko chempionlar ligasi yo‘lida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Siz nima deb o‘ylaysiz: Eldor Shomurodov bu uchrashuvda gol urib, jamoasini Chempionlar ligasiga olib chiqishda hal qiluvchi rol o‘ynaydimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov endi asosiyda: “Shunga ko‘ra asosiy tarkibda Eldor Shomurodov maydonga tushadi”