
O‘zbek futbolida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan «Neftchi» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin hamisha muxlislarning e’tiborida bo‘lgan. Hozirgi paytda bu klublarning holati turlicha bo‘lsa-da, o‘zaro bahsning ahamiyati pasaygan emas.
Ertangi muhim o‘yin oldidan biz o‘z vaqtida ikki jamoada ham faoliyat olib borgan Murod Ismoilovning fikrlari bilan qiziqdik.
«Hozir «Neftchi» juda yaxshi sport formasida va yuqori kayfiyatda o‘yinlarga chiqmoqda. Jamoa tarkibida iqtidorli va kuchli futbolchilar jamlangan. So‘nggi o‘yinlarda ular bir maromdagi barqaror o‘yin namoyish qilmoqda. «Paxtakor»da esa hozircha aks holat kuzatilyapti. Balki bu yangi taktik rejalar bilan bog‘liqdir. Lekin futbolchi tanlash borasida klub yaxshi ish olib borganini ta’kidlash kerak.
Jamoalarning jadvaldagi o‘rni bu bahs uchun hech narsani anglatmaydi. «Paxtakor» va «Neftchi» o‘zaro bahslarda, hatto eng zaif paytlarida ham eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatgan. Bu klassikoda kutilmagan natijalar ko‘p bo‘lgan. Shu sabab, ertaga g‘olibni oldindan taxmin qilish qiyin. Ammo bir narsa aniq: biz qiziqarli va hayajonli o‘yin guvohiga aylanamiz.
Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida muxlislar muhiti juda ta’sirchan. Mezbonlarning asosiy kuchlaridan biri aynan shu bo‘ladi. Toshkentdan ham ko‘plab muxlislar tashrif buyurishi kutilmoqda. Men uchun bu ikki jamoa ham qadrdon hisoblanadi. Kuchli jamoa g‘alaba qozongani ma’qul, biz esa ertaga chiroyli va jozibali futboldan zavq olaylik», — dedi Murod Ismoilov.
Siz nima deb o‘ylaysiz: bu galgi klassikoda kim ustun keladi — ruhiy ustunlikka ega 'Neftchi'mi yoki kuchli tarkibli 'Paxtakor'? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar