date
views 3 080

Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf"ning bugungi g‘alabasi haqida qanday fikr bildirdi?

Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf"ning bugungi g‘alabasi haqida qanday fikr bildirdi?
Superliganing 6-turidan o‘rin olgan "Buxoro" bilan o‘yindan so‘ng "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Birinchi bo‘limda hujumdagi o‘yinimiz qovushmadi. Birgina zarbani hisobga olmaganda boshqa vaziyatlarimiz bo‘lmadi. Yigitlarga standart vaziyatlarda e’tiborliroq bo‘lishni aytgandik. Standart vaziyatdan gol urdik va e’tiborsizlik sabab standartdan gol o‘tkazib yubordik. O‘ylaymanki, g‘alabaga munosib o‘yin ko‘rsatdik. Muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

- Tarkibda o‘tgan o‘yinga qaraganda o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu "Buxoro"dan kelib chiqib tuzildimi?
- Tarkibimizdan kelib chiqib sxemada ham o‘zgarishga qo‘l urdik. O‘yinga eng yaxshi tayyor bo‘lgan futbolchilardan sxema tuzishga harakat qildik. Bugungi qarorimiz shu bilan bog‘liq.

- Stefan Cholovich o‘tgan yili ikkinchi davrada kelib katta yordam bergan edi. Bugun ham zaxiradan tushgach o‘yinni keskin o‘zgartirib yubordi. Uning o‘yini haqida...
- Cholovich va Kenjaboyev bugungi rejamizda bor edi. Bular asosan qarshi hujumlarda yaxshi harakat qiladi. Cholovichning holati yaxshi. Faqat bugungi sxemamizga tushmagani uchun ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirish maqsadida tushirishga qaror qildik.

- "Nasaf"ning keyingi penaltilarini Cheran amalga oshiradimi?
- Cheran bugungi o‘yinda biz kutgan o‘yinni qila olmadi. Nafaqat penalti balki o‘yinda ham kamchiliklar bo‘ldi. Balki hamma o‘yinda to‘liq o‘ynayotgani uchun charchoq kuzatilayotgandir. Unga ishonishda davom etamiz. Cheran O‘zbekistonda jarimalarni amalga oshiradigan eng yaxshi futbolchilardan biri hisoblanadi.

- "Nasaf" bir necha kun oldin kubokdagi yurishini boshladi. Ketma-ket kuboklardagi g‘oliblikdan so‘ng o‘tgan yili omadsiz qatnashdi. Bu yil jamoa kubokda kurashadimi?
- O‘tgan yili chempionlikni maqsad qilib kubok va OCHL o‘yinlariga ikkinchi darajali bo‘lib qaragan edik. Buni ochiq aytish kerak. Bu yil unday bo‘lmaydi. Har bir turnirda yutuqqa erishish uchun harakat qilamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf"ning bugungi g‘alabasi haqida qanday fikr bildirdi?