date
views 82

Abduqodir Husanovning "Manchester Siti"dagi kelajagi savol ostida: "Barselona" uni transfer qilishi mumkinmi?

Abduqodir Husanovning "Manchester Siti"dagi kelajagi savol ostida: "Barselona" uni transfer qilishi mumkinmi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Manchester Siti"ning iqtidorli himoyachisi Abduqodir Husanovning so‘nggi paytlarda jamoaning beshta o‘yinida maydonga tushirilmasligi muxlislar orasida turli taxminlarga sabab bo‘lmoqda.

Yosh futbolchining Angliya klubidagi kelajagiga oid yangiliklar ham ko‘payib bormoqda. Yevropa matbuoti tarqatgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, "shaharliklar" bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachini Yevropaning yuqori sur’atli futboliga yanada yaxshiroq ko‘nikishi uchun ijaraga berish tarafdori. Ayni paytda klub rahbariyati esa uni transfer qilish variantini ham jiddiy ko‘rib chiqyapti.

Albatta, Husanov kabi iqtidorli futbolchi uchun talab yuqori bo‘lishi tabiiy. Angliya, Germaniya, Ispaniya va Italiya klublari uning kelajagi bo‘yicha vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishmoqda va o‘zbekistonlik himoyachi bilan qiziqishmoqda.

Ayniqsa, Yevropa nashrlari tarqatgan xabarlarda "Manchester Siti" o‘z futbolchisini "Barselona" klubiga taklif qilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Ispaniyaning obro‘li sport nashrlari Gvardiola o‘zining sobiq klubiga Abduqodir Husanovni 40 million yevro evaziga taklif qilganini yozishmoqda.

Xabarlarga qaraganda, "Manchester Siti" yozdan beri jamoada yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan himoyachiga qilingan transfer xarajatlarini qaytarish imkoni tug‘ilgan taqdirda uni sotib yuborishga qarshi emas.

Abduqodir Husanovning o‘zi esa jamoadagi hozirgi vaziyatdan qoniqmayotgani aytilmoqda. Yosh futbolchi o‘z agentlariga vaziyatni o‘zgartiradigan yangi variantlarni ko‘rib chiqish haqida topshiriq bergan.

Mashhur football365.com nashri eksperti Jo Uilyams ta’kidlashicha, Husanovga qiziqish bildirgan asosiy klublardan biri "Barselona" bo‘lib turibdi.

"Kataloniya klubi markaziy himoyaga kerakli o‘yinchilarni o‘rganmoqda. Asosiy nomzod “Bayer” himoyachisi Jonatan Ta hisoblansa-da, "Barselona" rahbarlari va jamoaning sport direktori Deku o‘zbekistonlik yosh futbolchini transfer qilish imkoniyatlarini jiddiy ko‘rib chiqmoqda", – deb yozadi Jo Uilyams.

Qayd etish lozimki, "Manchester Siti" o‘yinchilarini "Barselona"ga o‘tkazish borasida muayyan tajribaga ega va bunday variant avval ham o‘zini oqlagan edi.

Xususan, 2021 yil dekabrda Pep Gvardiola "Siti" hujumchisi Ferran Torresni "Barselona"ga tavsiya qilgan va oradan qisqa vaqt o‘tib transfer rasman amalga oshgan edi.

Bundan tashqari, ikkinchi misol sifatida Ilkay Gyundog‘anni keltirish mumkin. Germaniyalik futbolchi 2023 yilda "Siti" bilan shartnomasi yakunlangandan so‘ng aynan Gvardiola tavsiyasi bilan "Barselona"ga o‘tgan va bir mavsumdan keyin yana "Siti"ga qaytgan edi.

Eslatib o‘tish joizki, "Manchester Siti" 2024 yilning 20 yanvarida Fransiyaning "Lans" klubidan Abduqodir Husanovni 40 million yevro evaziga transfer qilgandi. Uning "Siti" bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha imzolangan.

Shu kunlarda Yevropa ommaviy axborot vositalari Husanovning kelajagi borasida turli xil taxminlarni tarqatayotgan bo‘lsa-da, klubning rasmiy veb-sayti o‘zbekistonlik futbolchi mashg‘ulotlarda faol ishlayotgani va jamoada kayfiyati juda yaxshi ekani aks etgan suratlar va videolavhalarni muntazam ravishda chop etmoqda.

Hozircha aniq qaror qabul qilinguniga qadar Abduqodir Husanov atrofidagi vaziyat qiziqarli tus olmoqda va uni kuzatishda davom etamiz. Bu transferning kelajagini vaqt ko‘rsatadi...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovning "Manchester Siti"dagi kelajagi savol ostida: "Barselona" uni transfer qilishi mumkinmi?