date
views 130

«Real» hakamlarga qarshi chiqdi: Kubok finali oldidan mojaro avj olmoqda!

«Real» hakamlarga qarshi chiqdi: Kubok finali oldidan mojaro avj olmoqda!
Ispaniya Kubogining hal qiluvchi final o‘yini oldidan Madridning «Real» klubi va hakamlar o‘rtasida jiddiy mojaro kelib chiqdi. Bunga sabab — hakamlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytilgan so‘zlar bo‘ldi. Natijada, "qirollik klubi" o‘zining rejalashtirilgan barcha rasmiy tadbirlarini bekor qildi va hakamlarga qarshi keskin bayonot bilan chiqdi.

Madridliklarning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda klub hakamlarning ushbu matbuot anjumanida bildirgan fikrlari va munosabatini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmas va nomaqbul” deb baholagan.

«Real Madrid»ning bayonotida ta’kidlanishicha, hakamlar o‘rtasida “Real”ga nisbatan ancha vaqtdan buyon ochiq-oydin dushmanlik va tarafkashlik mavjud bo‘lib kelgan. Bu esa «Real Madrid TV» tomonidan so‘nggi paytlarda e’lon qilingan videolavhalar orqali yana bir bor namoyon bo‘ldi. Ushbu lavhalarda hakamlarning klubga qarshi bo‘lgan munosabati ochiq-oydin ko‘rsatilgan va bu video tarqalganidan keyin hakamlar tomonidan “Real”ga qarshi qandaydir chora-tadbirlar ko‘rilishi mumkinligi haqida tahdidli ohangdagi bayonotlar yangragan.

“Eng hayratlanarlisi, hakamlar tomonidan qilingan bu tahdidomuz bayonotlar final oldidan eng muhim bo‘lishi lozim bo‘lgan adolat, xolislik va betaraflik kabi tamoyillarga mutlaqo ziddir. Yuz millionlab muxlislar kuzatadigan bunday nufuzli sport tadbiri oldidan hakamlarning bunday munosabati qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir”, — deyiladi «Real» tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda.

Shu bilan birga, madridliklar ushbu jiddiy vaziyatga Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) va hakamlar hay’ati rahbarlari e’tibor qaratib, o‘z tashkilotlari obro‘si va nufuzini himoya qilish uchun zarur choralar ko‘rishlariga umid bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ispaniya Kubogining final bahsi 26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da start oladi. «Real»ning ushbu keskin bayonotidan so‘ng, muxlislar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi qizg‘in muhokamalar yanada kuchaydi.

Ispaniya futbolidagi bu janjalning keyingi davomini futbol jamoatchiligi diqqat bilan kuzatmoqda. Madrid klubi va hakamlar o‘rtasidagi munosabatlardan keyin Kubok finali yanada qiziqarli va keskin kurashlarga boy bo‘lishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Real» hakamlarga qarshi chiqdi: Kubok finali oldidan mojaro avj olmoqda!