
Madridning «Real» klubi matbuot xizmati ertaga «Barselona»ga qarshi o‘tadigan Ispaniya Kubogi finali oldidan keskin va jiddiy bayonot bilan chiqdi. Bunga hakamlar brigadasining o‘yin oldi matbuot anjumanida aytgan gaplari sabab bo‘lgan. Madridliklar ushbu so‘zlarni keskin va qabul qilib bo‘lmas, deb baholamoqda.
«Real» tomonidan bildirilishicha, hakamlardan biri bo‘lgan Rikardo de Burgos Bengoechea va VAR hakami Pablo Gonsales Fuertes finaldan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida tahdidli va qo‘rqitish mazmunidagi gaplarni aytgan. Ularning bayonotlarida hakamlar o‘rtasida go‘yoki qandaydir fitnalar yoki qo‘shimcha harakatlar bo‘lishi mumkinligiga sha’ma qilingan. Bu esa butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab muxlislar diqqati qaratilgan katta futbol voqeasi oldidan hech qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir.
«Real Madrid» klubining rasmiy bayonotida quyidagilar aytiladi:
«Biz ertaga bo‘lib o‘tadigan Ispaniya Kubogi finaliga tayinlangan hakamlarning matbuot anjumanida bildirilgan gaplarni keskin qoralaymiz va buni qabul qilib bo‘lmas holat deb hisoblaymiz. Real Madrid TV kabi nufuzli OAV orqali e’lon qilingan tanqidiy videolarga qarshi hakamlar ochiqdan-ochiq dushmanlik va tahdidli munosabat bildirmoqda. Bu esa adolat, xolislik va betaraflik kabi asosiy sport tamoyillariga butkul ziddir».
Madrid klubi shuningdek, Ispaniya Futbol Federatsiyasi (RFEF) hamda hakamlar hay’atining mas’ul shaxslaridan mazkur holat yuzasidan jiddiy va qat’iy chora ko‘rishlarini talab qilmoqda.
Shuni alohida qayd etish lozimki, hakam Rikardo de Burgos Bengoechea mazkur matbuot anjumanida Real Madrid TV telekanali tomonidan qilingan tanqidiy video sabab hatto yig‘lab yuborgan. U bu holatni farzandi maktabdan yig‘lab kelib, otasini o‘g‘irlikda ayblashganini eshitgan vaziyatga o‘xshatgan.
VAR hakami Pablo Gonsales Fuertes esa klub telekanalida e’lon qilingan video sabab jiddiy oqibatlarga duch kelishini va’da qilgan. Buning ortidan esa «Real» hakamlar brigadasini almashtirish bo‘yicha keskin talab bilan chiqqan va hatto finalda ishtirok etmasligi mumkinligini ham bildirib o‘tgan edi.
Shuningdek, Madrid klubi «Barselona»ga qarshi o‘tadigan final oldidan bo‘lishi lozim bo‘lgan matbuot anjumani, fotosessiya va mashg‘ulotlarni bekor qilgan. Undan tashqari, RFEF vakillari bilan rejalashtirilgan kechki ovqatga ham borishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya Kubogining final bahsi 26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 01:00da start oladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar