
O‘zbekiston Superligasi 6-turi doirasida o‘tgan «So‘g‘diyona» – «Andijon» (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich jurnalistlar bilan fikr almashdi. U o‘yin haqidagi taassurotlari, tarkib tanlash sabablari hamda futbolchilarning holati bo‘yicha batafsil izoh berib o‘tdi.
– Eng avvalo, shuni ta’kidlamoqchimanki, bugun juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik. Nima uchun? Chunki keyingi paytlarda natijalarimiz yaxshilanmayotgandi. Bunday vaziyatda futbolchilarning kayfiyati ham pasayadi, jamoada ruhiy tushkunlik paydo bo‘ladi. Lekin bugun shogirdlarim ruhiy jihatdan o‘zarini qo‘lga olib, katta iroda ko‘rsatdilar va uch ochkoni tortib ola bilishdi.
Birinchi bo‘limda ko‘plab imkoniyatlar yaratdik. Qanotlardan bosim uyushtirishga intildik, afsuski, yaratgan vaziyatlarimizdan gol chiqmadi. Aytish kerak, «Andijon» ham qarshi hujumlarda yomon o‘ynamadi, lekin ularga xavfli vaziyat yaratish imkoniyatini bermadik.
Ikkinchi bo‘limda ancha faolroq, tajovuzkor o‘yin ko‘rsatib, yakunda gol kiritdik. Raqib ham zaif emas, ular qanotlardan xavfli hujumlar qildi. Ammo baxtimizga himoyachilarimiz va darvozabonimiz bugun yuqori saviyada o‘ynab, raqib hujumlarini bartaraf etdilar. Eng muhimi – minimal hisob bilan bo‘lsa-da, o‘ta muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Bugungi uchrashuv jamoamizda kurashchan ruh yo‘qolmaganini isbotladi. Kelgusida ham shu tamoyillardan voz kechmay, har bir bahsda g‘alaba uchun maydonga tushamiz va turnir jadvalidagi vaziyatimizni yaxshilab boramiz, – dedi Boshkovich.
– Suhrob Izzatov odatda yarim himoyachi bo‘lib, bugun o‘ng qanot himoyasida o‘ynadi va gol urdi. Nega uning pozitsiyasini o‘zgartirdingiz?
– Bu qaror mashg‘ulotlarda ko‘rsatgan o‘yini va raqibning uslubidan kelib chiqib qabul qilindi. Har bir raqibga qarshi o‘ziga xos reja ishlab chiqamiz. Suhrob to‘liq tayyor emasdi, shunga uni zaxirada ushlab turdik va kerakli paytda maydonga tushirdik. Bugun raqibning qanotlari tezkor edi, Izzatovni shu sabab yarim himoyada o‘ynatdim. Xondamir Mustafoqulov universal o‘yinchi, u maydonda bir nechta pozitsiyalarda o‘ynay oladi. Uni ham aynan shu maqsadda tushirdik va bu o‘zini oqladi.
– Bugun ikki hujumchi bilan o‘ynadingiz. Ammo uchinchi hujumchi – Jorjevich qayerda? Uning holati qanday?
– Ha, hozircha Jorjevichning jarohati bor, shuning uchun uni tavakkal qilib maydonga tushirmayapmiz. Tez orada to‘liq tiklanib, tarkibga qaytishi kutilmoqda. Mashg‘ulotlarda Mavlonqulov yaxshi harakat qilmoqda, ammo markaziy hujumchilarimiz vaziyatlardan foydalana olishmayapti. Hammaga imkoniyat beramiz, bizda yosh va iqtidorli futbolchilar ko‘p, raqobat kuchli. Hoshimov ham mashg‘ulotlarda ajoyib ishladi va yaxshi formada bo‘lgani uchun unga bugun maydonga tushish imkoniyatini berdik. Boshqa futbolchilarimiz ham o‘z imkoniyatlarini oladi.
Shunday qilib, «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich «Andijon» ustidan qozonilgan muhim g‘alaba haqida o‘z qarashlarini bildirib o‘tdi va jamoasining kelgusi uchrashuvlarda ham g‘alaba uchun maydonga tushishini ma’lum qildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar