date

Superligadagi g‘alabali seriyalarga "Bunyodkor" chek qo‘ydi

Superligadagi g‘alabali seriyalarga "Bunyodkor" chek qo‘ydi
O‘zbekiston Superligasining 7-turi doirasida barcha bellashuvlar o‘z yakuniga yetdi, faqatgina Samarqandning «Dinamo» klubi hamda Farg‘onaning «Neftchi» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv qoldirildi. O‘tkazilgan bahslar ichida eng katta e’tibor qaratilgan o‘yinlardan biri Olmaliqning OKMK klubi hamda poytaxtning «Bunyodkor» jamoasi o‘rtasida kechdi.

Ushbu o‘yinda "qaldirg‘ochlar" maydonda mehmon bo‘lishganiga qaramay, raqibini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuvdagi yagona va hal qiluvchi golni esa Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Qayd etish joiz, ushbu natija bilan OKMK joriy chempionatda ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi jamoa shu paytgacha chempionat doirasida ketma-ket 10 ta o‘yinda mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirayotgandi. OKMK o‘tgan mavsum so‘nggi bor "Neftchi"dan mag‘lubiyat qabul qilgandi. «Bunyodkor»ga qarshi bahsdagi natija esa nafaqat Olmaliq klubining muvaffaqiyatli seriyasiga nuqta qo‘ydi, balki ularni peshqadamlikdan ham mahrum qildi.

Shunday qilib, Superliganing ushbu mavsumida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan faqat uchta klub qoldi: Qarshining «Nasaf», poytaxtning «Bunyodkor» va Samarqandning «Dinamo» jamoalari.

Endi muxlislar mazkur klublarning kelgusi o‘yinlarda ham o‘z muvaffaqiyatli seriyalarini davom ettirishlarini intiqlik bilan kutmoqda. Chempionat davomida yana ko‘plab qiziqarli o‘yinlar oldinda ekanligi esa shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligadagi g‘alabali seriyalarga "Bunyodkor" chek qo‘ydi