
So‘nggi o‘yinlarda “Manchester Siti” o‘ziga o‘xshamayapti. Ha, g‘alaba qozonmoqda, gol urmoqda — lekin har safar uchrashuv protokolida yangi, avval nomi OAVda kam e’lon qilingan futbolchilar paydo bo‘lmoqda. Bu ko‘pchilikni hayron qoldirayotgani aniq.
Gap shundaki, ayni paytda top darajadagi futbolchilar “shaharliklar”ni joniga oro kirgani yo‘q, balki ularni klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari qutqaryapti. Hozir “Manchester Siti”ning inqirozdan olib chiqqan yoki olib chiqayotgan futbolchilar haqida ma’lumot beramiz.
Foden — bu yo‘ldagi birinchi edi
Avvalambor bu yo‘lning ochuvchisi haqida so‘z yuritish kerak. Fil Foden klub akademiyasi uchun namuna bo‘ldi. 47-raqam egasi — har xil pozitsiyada foyda keltira oladigan, murabbiy topshiriqlarini to‘liq bajaradigan universal futbolchi. U asta-sekin asosiy tarkibga kirib bordi va hozirda Gvardiola jamoasini Fodensiz tasavvur qilish qiyin. 2022/23 yilgi mavsumda Fil APLda 32 o‘yinda 11 ta gol urgan bo‘lsa, keyingi mavsumda bu ko‘rsatkich 19 taga yetdi va asta-sekin “Siti”da yetakchilardan biriga aylandi.

Hozirgi qiyin mavsumda ham jamoa ko‘p holda Fodenga tayamoqda. Boisi, oxirgi yillardagi yulduzli tarkibdan iborat “monstr” jamoa davri tugadi. Foden esa yosh avlod vakillarining yagona asosiy yetakchisiga aylangan.
Uoker o‘rniga Lyuis keldi
Ayni dam “shaharliklar” himoyasida yangi “ustun” bor — Riko Lyuis. U 2022/23 yilgi mavsumda asosiy tarkibga sekin-asta kirib bordi. Ayniqsa mavsumning ikkinchi yarmida, jamoaga rotatsiya zarur bo‘lganda, Riko ko‘p o‘yinlarda maydonga tushdi. Shunga qaramay, oldingi ikki mavsumda u faqat zaxira futbolchisi sifatida ko‘rilgan edi.

Yangi mavsumdan boshlab u Gvardiola uchun asosiy futbolchiga aylandi. Murabbiy yosh himoyachining ko‘p pozitsiyada o‘ynay olish qobiliyatidan foydalandi: Riko ba’zida tayanch zonada, ba’zida hujumga yaqin, hatto chap qanot himoyasida ham harakat qildi. Ammo uning asl pozitsiyasi — o‘ng qanot himoyachisi. U yerda avval Kayl Uoker bor edi. Ammo vaqt o‘tib, Uokerning tezligi pasaygani sezildi, kamchiliklari yaqqol ko‘rina boshladi. Natijada uni “Milan”ga ijaraga berishdi va aynan Lyuis uning o‘rnini egalladi.
Makeyti nomli futbolchi paydo bo‘ldi
Foden va Lyuis allaqachon muxlislar ko‘ziga tanish, ammo Jeyms Makeyti ismi ko‘pchilik uchun notanish bo‘lishi mumkin. Klub tarbiyalanuvchisi “Siti”da kam o‘ynagan, lekin u ko‘proq “Sheffild Yunayted” safida ijarada harakat qilgani bilan “Siti” muxlislarining yodida qolgan. Ammo joriy mavsum Jeyms jamoada qoldi.

2024 yil davomida Makeytining “Siti” tarkibidagi atigi ikki uchrashuv o‘tkazgan — ularning har ikkisida 90-daqiqadan keyin maydonga tushgan. Ammo Boksing day’dan so‘ng holat o‘zgardi. “Lester” bilan bahsda u 24 daqiqa harakat qildi, keyin esa “Vest Hem”, “Brentford”, “Ipsvich”ga qarshi o‘yinga ham zaxiradan qo‘shildi. Makeyti aynan “Ipsvich” bilan bahsda o‘z imkoniyatidan unumli foydalandi va “Siti” safidagi ilk golini urdi.
U hozir ham tarkibdagi yetakchi futbolchi sifatida baholangani yo‘q, ammo hujumda nimalarga qodir ekanini ko‘rsata oldi. Hozirgacha uning hisobida 3 ta gol bor. Ulardan biri “Kristal Pelas” darvozasiga kiritilgan bo‘lsa, “Ispvich Toun” hamda “Nyukasl Yunayted” kiperlarini ham bir martadan xafa qilgan.
Otilib chiqqan — O‘Rayli
Jamoadagi eng yosh futbolchi — Niko O‘Rayli. U APLdagi debyutini aynan shu mavsumda o‘tkazdi. Dastlab zaxirada o‘tirdi, ammo yanvar oyida “Ipsvich”ga qarshi o‘yinda ilk marta 18 daqiqa harakat qildi.

Aprel oyi Niko uchun mutlaqo boshqacha o‘tdi. U ortda qolgan 30 kunda APL doirasidagi beshta uchrashuvda ishtirok etdi. Gvardiola qanot himoyasi uchun yangi, chaqqon futbolchi izlayotgan edi. Endi chapda O‘Rayli, o‘ngda esa Nunes yoki Lyuis muntazam tushmoqda. Niko allaqachon ikkita gol urishga ulgurgan. Ulardan biri “Pelas”, ikkinchisi esa “Everton” darvozasiga kiritilgan. O‘Rayli Liverpuldagi o‘yinda hisob 0:0 bo‘lib turgan payt katta sahnaga chiqdi. Agar shu bahsda ochko yo‘qotilsa, “Chelsi”, “Nottingem”, “Aston Villa” kabi jamoalar oldinga o‘tib ketishi mumkin. 84-daqiqada 20 yoshli O‘Rayli hisobni ochdi — bu gol “Siti”ga juda muhim 3 ochko keltirdi. Va shundan keyin futbolchi Pepning nazariga tushdi.
Abduqodir Husanovning kelishi
Ha, hozir o‘zbekistonlik futbolchida hammasi silliq ketayotgani yo‘q. U klub tarbiyalanuvchisi ham emas. Lekin Husanov qishki transfer mavsumida klubga qo‘shilgach, tezda jamoaga moslashib ketdi. U tarkibdagi yo‘qotishlar paytida himoyada ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Umuman olganda Abduqodir “Siti”ga kelgach, APLda 6 uchrashuvda maydonga tushdi. Ushbu bellashuvlarnining aksariyatida “shaharliklar” imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik himoyachi o‘zining individual harakatlari evaziga jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi.

U “Nyukasl”, “Liverpul” va “Tottenhem” jamoalari bilan bahsda ko‘rsatgan o‘yinlari sabab tezda ingliz muxlislarining mehrini qozondi. Lekin hozirda Husanovga ko‘p ham ishonch bildirilgani yo‘q. Himoyachi ketma-ket 6 uchrashuvda zaxirada qoldirildi. Lekin bu bilan Abduqodir uchun barchasi tugadi degani emas, chunki tarkibdagi kuchli raqobat sabab qaysidir futbolchi zaxirada qolishi mumkin. Husanov esa o‘z vaqtini kutmoqda, agar imkon berilsa, Abduqodir yana nimalarga qodir ekanligini isbotlashda davom etadi.
“Siti” yoshlar lageriga aylanyapti
Yana bir ismni esga olish mumkin — Oskar Bobb. Ammo u hozircha joriy mavsumda unchalik ajralib turgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, imkoniyatlar hali bo‘ladi. Umuman olganda, “Manchester Siti” tobora yosh jamoaga aylanmoqda. Bu yerda tilga olinganlar aksariyati klubning tarbiyalanuvchilari. Aynan ular “inqirozga yuz tutgan” klubni saqlab qoldi, rotatsiyada o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oldi.
Bundan tashqari, jamoaga boshqa jamoalardan kelgan yoshlar ham qo‘shildi. Masalan, “Trua”dan o‘tgan Savinyo atigi 21 yoshda, biroq doimiy asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. 22 yoshli Jeremi Doku klubdagi ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Husanov, Echeverri, Gonsales va Reys – dekabr yanvar oylarida kelgan futbolchilar, ularning hech biri 23 yoshdan katta emas. Himoyaning asosiy ustuni – Yoshko Gvardiol ham atigi 23 yoshda.
Gvardiolaning to‘g‘ri qarori
Yoshlar bilan ishlash Gvardiola uchun to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Har bir yosh futbolchining yonida tajribali o‘yinchi bor: Ederson, Stouns, De Bryuyne — endi ular avvalgidek top darajadagi futbolchilar emas. Murabbiy jamoani yangilashi shart edi, ayniqsa joriy mavsumda muhim sovrinlar uchun imkon qolmagani ma’lum bo‘lganidan so‘ng klub tizimida nimadir xato ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Endi Gvardiola yosh futbolchilarga amaliyot bermoqda — ularni “Arsenal”, “Chelsi”, “Liverpul”ga qarshi emas, balki “Everton”, “Pelas” kabi jamoalarga qarshi sinovdan o‘tkazmoqda. Bu esa kelasi mavsum uchun mukammal tayyorgarlikdir.
Manchester SitiFil FodenRiko LyuisJeyms MakeytiNiko O‘RayliAbduqodir Husanov O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar