date
views 120

Ivan Boshkovich: "Neftchi" kabi yutgandan ko‘ra, shunday o‘ynab yutqazganimizni afzal ko‘raman

Ivan Boshkovich: "Neftchi" kabi yutgandan ko‘ra, shunday o‘ynab yutqazganimizni afzal ko‘raman
"So‘g‘diyona" bosh murabbiyi Ivan Boshkovich Superliga 8-tur doirasidagi "Neftchi" (1:2)ga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
— Biz ajoyib futbol o‘ynadik deb o‘ylayman. Natija yaxshi emas, ammo Farg‘onada ko‘rsatgan o‘yinimizdan faxrlanaman. Ikkita xato o‘yin taqdirini hal qildi, boshqa barcha ko‘rsatkichlarda raqibni mag‘lub etdik. Ko‘plab gollar urishimiz mumkin. Raqibni g‘alaba bilan, yigitlarimni esa mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlari bilan tabriklayman. "Neftchi" bugun qanday yutganidan ko‘ra, o‘zimiz shunday yutqazishni afzal ko‘raman. O‘yin bo‘yicha ko‘prog‘iga loyiq edik, ammo sportda doim ham eng yaxshisi g‘olib bo‘lavermaydi.

— Levchenkoning taktikasi xuddi "Inter"nikidek. Ular ikkita vaziyatdan ikkita urishdi. Nima deb o‘ylaysiz, bugun taktika bo‘yicha unga yutqazdingizmi?
— Unday deb o‘ylamayman. Barcha rejalarimiz ishladi. Ular bugun mudofaadan o‘ynashdi. Ular zich o‘ynashdi, bu ham yaxshi narsa, ammo bunday vaziyatda gol urishimiz qiyin.

— Turkiyadagi yig‘in doirasida kichik intervyu bergandingiz. Unda "Neftchi" bunchalik o‘yinchilarni o‘zgartirib, chempion bo‘lolmasligini aytgandingiz. Bugun "So‘g‘diyona" mag‘lub bo‘ldi, ular shunday o‘yin bilan chempion bo‘lishi mumkin deb hisoblaysizmi?
— Siz meni noto‘g‘ri tushungansiz. Men bunday loyiha va falsafaga ishonmayman. Futbolda oldindan aytib bo‘lmaydi, bu mening shunchaki futbolni qanday ko‘rishim. Men har yili eng yaxshi o‘yinchilarni olgandan ko‘ra mashg‘ulot va poydevor orqali vaqt bilan erishiladi deb o‘ylayman.

Stadion xodimi yoki milliy gvardiyami kim, bilmadim. Ammo, menga tegmasliklarini xohlardim. Bu futbol, emotsiya, hammasi shu yerda qoladi. Meni o‘g‘lim va qizim kuzatadi, ular meni qandaydir jinoyat qilgan deb o‘ylashlari mumkin. Endi uni uyga borganda tushuntirishim kerak. Bu birinchi marta emas, iltimos qilaman. Hech qanday yomon narsa qilganim yo‘q.

— Yosh hujumchi Hoshimovning maydonga tushirilishi Doriyevning qattiq qo‘riqlanishi sababmi?
— Barcha o‘z pozitsiyasida o‘ynadi. Hoshimov o‘tgan o‘yinda ham markaziy hujumchi sifatida harakat qilgandi. "Neftchi" ham biz qanday o‘ynashimizni biladi, hech qanday sir yo‘q. U o‘ynashga loyiq bo‘ldi va maydonga tushdi.

— Boshkovich o‘tgan yili "Nasaf"ni ikki bor mag‘lub etgan, "Neftchi"ni Farg‘onada mag‘lub etgan. Bu mavsum natijalar pasaygandek, bu haqda nima deysiz?
— O‘yin yaxshi, ammo natijalarimiz nostabil. Vaziyatlardan foydalanishda oqsayapmiz. Bugun ham ular xatolarimizdan foydalanib ketdi va bu ham bir mahorat. Bu futbol. Ammo, yana qayta aytaman, bugun "Neftchi" qanday yutganidan ko‘ra, biz shunday yutqazganimizni afzal ko‘raman. Vaqti bilan hammasi yaxshilanadi, hali hamma jamoalar Jizzaxga keladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ivan Boshkovich: "Neftchi" kabi yutgandan ko‘ra, shunday o‘ynab yutqazganimizni afzal ko‘raman