
Italiya chempionatining 35-turidan o‘rin olgan muhim uchrashuvda "Roma" o‘z maydonida Florensiyaning "Fiorentina" klubini qabul qildi. Rimliklar bu bahsni ham g‘alaba bilan yakunlab, Yevropa Chempionlar ligasi uchun kurashda yana bir ulkan qadamni tashladi.
Bu o‘yinda ham asosiy qahramonlardan biri O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori Eldor Shomurodov bo‘ldi. Bellashuvning birinchi bo‘limi yakunlanayotgan bir paytda hamyurtimiz raqib jarima maydonida juda qiyin vaziyatda qolganiga qaramay, o‘z mahoratlarini ishga solib, to‘pni bosh bilan ukrainalik hamkasbi Artyom Dovbikka aniq yetkazib berdi. "Fiorentina" darvozaboni David de Xea esa bu zarbaga qarshi chora topa olmadi.
Bu gol butun o‘yin davomida yagonaligicha qoldi va "bo‘rilar"ga juda zarur bo‘lgan uch ochkoni keltirdi.
E’tiborli jihati, Eldor o‘tgan turda ham "Inter"ga qarshi o‘yinda yagona va hal qiluvchi golga assistentlik qilgan edi. O‘zbek hujumchisi aynan shunday muhim vaziyatlarda ishtirok etib, "Roma" muxlislari yuragidan munosib o‘rin egallab ulgurdi.
Shomurodovning o‘yindan oldin bergan intervyusi ham bu borada e’tiborga molikdir. "Roma"ning hujum chizig‘ida Artyom Dovbik bilan birga harakat qilish unga qulaylik tug‘dirayotganini aytib o‘tgan hujumchi bu so‘zlarini amalda ham isbotladi.
Eldor Shomurodov SKY hamda DAZN telekanallari muxbirlari bilan suhbatlashib, o‘yin va jamoa haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida futbolchining intervyusi to‘liq holda havola qilinadi:
— "Roma"ning yuqori tempdagi o‘yin uslubi sizga yoqayaptimi?
— Ha, bu biz uchun qulay va ko‘nglimizga yoqadigan uslub. Har qanday raqibga qarshi maydonga tushsak-da, yagona maqsadimiz – g‘alaba qozonish.
— Hujum chizig‘ida ikki markaziy forvard bilan o‘ynash raqib jamoalarni ko‘proq tashvishga solayaptimi?
— Menimcha, unday emas. Biz har qanday vaziyatda ham vazmin va xotirjam harakat qilishga harakat qilamiz. Artyom bilan maydonda bir-birimizni yaxshi anglayapmiz, doim muloqot qilib turibmiz. Lekin biz uchun u yoki boshqa futbolchi bilan o‘ynashda katta farq yo‘q, chunki barchamiz har doim tayyormiz.
— Artyom Dovbik bilan o‘ynash siz uchun qanday taassurot qoldirmoqda?
— Ikkimiz ham tabiiy hujumchilarmiz. Har ikkimiz maydonda qanday o‘ynash va qanday harakat qilishni juda yaxshi bilamiz. Buning natijasida ishimiz ham sezilarli darajada yengillashyapti.
— Bir-biringizni maydonda so‘zsiz tushunish paydo bo‘ldimi?
— Ha, bu borada muammo yo‘q, biz bir-birimizni ko‘z bilan ham tushunishimiz mumkin.
— "Roma"ning bu mavsumgi muvaffaqiyatining asosiy siri nimada, deb o‘ylaysiz?
— Agar buni aytsam, sir bo‘lmay qoladi-da (kuladi). Menimcha, hamma narsa o‘z qo‘lingizda. Maydonga tushib bor kuchingiz bilan harakat qiling, qolgani keyin keladi. "Roma"dagi muvaffaqiyatning siri ham mana shunda.
— Bosh murabbiy Klaudio Raneri haqida qanday fikrdasiz?
— Raneri ajoyib inson va kuchli murabbiy. Uning talablarini yaxshi tushunaman va ularni to‘liq bajarish uchun maydonda harakat qilaman.
Eslatib o‘tish joizki, Eldor Shomurodov bu mavsumda A Seriya, Italiya kubogi hamda Yevropa ligasida jami 34 ta bahsda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 5 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.
Hozirda “Roma” mavsumni yuqori o‘rinlarda yakunlash uchun hal qiluvchi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rimliklarning keyingi raqiblari “Atalanta”, “Milan” va “Torino” bo‘ladi. Eldor Shomurodovning esa keyingi uchrashuvlarda ham jamoasiga muhim yordam ko‘rsatishi kutiladi.
Eldor ShomurodovRoma FiorentinaYevropa ChempionlarHujum Chizig‘iArtyom DovbikItaliya Chempionati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar