
Yevropa Chempionlar ligasi yarim final bosqichining javob uchrashuvida «Pari Sen-Jermen» o‘z maydonida Londonning «Arsenal» klubini qabul qildi va yuqori saviyadagi futbol namoyish etib, finalga yo‘l oldi.
Birinchi uchrashuvda «PSJ» Londonda kichik hisobdagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan edi. Parijdagi javob bahsida ham parijliklar o‘z muxlislari oldida aniq harakatlari bilan raqibdan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdi.
O‘yinning ilk daqiqalaridanoq PSJ futbolchilari faol hujumlar bilan raqib darvozasi oldida ko‘plab xavfli vaziyatlarni yaratdi. 23-daqiqada Fabian Ruis ajoyib tarzda to‘pni raqib darvozasiga joylab, hisobni ochdi. Bu goldan keyin ham mezbonlar to‘xtamadi va o‘z ustunligini yanada kuchaytirish uchun intilishda davom etdi.
Ikkinchi bo‘limning 72-daqiqasida Ashraf Hakimi Usmon Dembelening aniq pasidan so‘ng hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. «Arsenal» hisobni tenglashtirish uchun katta kuch sarfladi. Londonliklar hujumlari 76-daqiqada natija berdi. Bukayo Saka jamoasining yagona javob golini kiritdi va uchrashuvdagi intrigani qayta tikladi. Biroq, PSJ 2:1 hisobini o‘yin oxirigacha saqlab qoldi.
Usmon Dembele bu assistenti orqali yangi rekord o‘rnatdi. Fransiyalik hujumkor futbolchi Chempionlar ligasi bir mavsumida eng ko‘p samarali harakatlarni amalga oshirgan fransuz futbolchisi sifatida o‘z nomini tarixga muhrladi. Squawka statistika markazining ma’lumotiga ko‘ra, 27 yoshli yulduz bu mavsum musobaqaning 14 uchrashuvida 8 ta gol va 4 ta golli uzatma bilan jami 12 ball to‘plashga erishdi.
Ushbu tarixiy natija bilan PSJ Yevropa Chempionlar ligasi finaliga yo‘llanma oldi. Final uchrashuvi 31 may kuni Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan «Arena Myunxen» stadionida bo‘lib o‘tadi va parijliklarning raqibi Milanning «Inter» klubi bo‘ladi.
Usmon Dembelega o‘z rekordini yanada yaxshilash va jamoasini kutilgan sovringa yetaklash uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘ldi. Muxlislar finalda ushbu futbolchidan yanada ajoyib harakatlarni kutib qolishgan.
Yevropa Chempionlar LigasiPSJ ArsenalUsmon DembeleAshraf HakimiBukayo SakaMyunxen Stadionida O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar