date
views 77

Rossiyalik taniqli eshkak eshuvchi Pavel Eygel endi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi

Rossiyalik taniqli eshkak eshuvchi Pavel Eygel endi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi
Kanoe slalomi bo‘yicha Rossiya terma jamoasining yetakchi sportchilaridan biri Pavel Eygel sport fuqaroligini o‘zgartirib, O‘zbekiston terma jamoasiga qo‘shildi. Bu haqda Rossiyaning TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Pavel Eygel bu qarorini qabul qilishining asosiy sababi sifatida xalqaro musobaqalarda munosib natija ko‘rsatish imkoniyati saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.

«O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga o‘tish qaroriga keldim, chunki o‘zimni hali ham yuqori darajadagi xalqaro turnirlarda yaxshi natijalar ko‘rsatishga qodir sportchi deb hisoblayman», – dedi 35 yoshli Eygel.

Shu bilan birga, u o‘zini yoshi katta sportchi sifatida his qilmasligini ta’kidladi.

«Rossiya terma jamoasi hozir tarkibni sun’iy ravishda yoshartirish siyosatiga amal qilmoqda. O‘tgan yili terma jamoaning birinchi raqamli sportchisi sifatida tanlangan bo‘lsam-da, markazlashtirilgan yig‘inlarda ishtirok etishim uchun faqat o‘z mablag‘larimni ishlatishim kerakligini aytishdi va meni zaxira tarkibiga o‘tkazishdi», – deb tushuntirdi Eygel.

Eshkak eshuvchi o‘zining federatsiya va murabbiylar bilan muloqot qilib, vaziyatni hal qilishga uringanini, ammo bu uchrashuvlardan natija chiqmaganini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Pavel Eygel 2018 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. Endi u 2028 yilgi Los-Anjeles Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qilib, Olimpiada medallari uchun kurashishini ma’lum qildi.

Qayd etish joizki, 2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlaganidan keyin ko‘plab sport federatsiyalari rossiyalik sportchilarni xalqaro musobaqalardan chetlatgan. Bu esa ko‘plab rossiyalik sportchilarni boshqa mamlakatlar terma jamoalariga o‘tishga majbur qildi.

Endilikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida xalqaro arenalarda medallar uchun kurashadigan yana bir tajribali va yuqori saviyadagi sportchi paydo bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyalik taniqli eshkak eshuvchi Pavel Eygel endi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi