
Jahon futbolida katta shov-shuv ko‘tarildi. Italiyalik mashhur mutaxassis, hozirda Madridning “Real” klubini boshqarayotgan Karlo Anchelotti, Braziliya milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi etib rasman tayinlandi. Bu haqda Braziliya futbol konfederatsiyasi rasmiy e’lon qildi.
Futbol konfederatsiyasi prezidenti Ednaldo Rodriges bu tarixiy voqeani katta hayajon va iftixor bilan shunday izohladi:
– «Karlo Anchelottining Braziliya terma jamoasi boshqaruviga kelishini oddiy bir taktik yoki strategik qadam sifatida qabul qilmaslik kerak. Bu – butun futbol olamiga yo‘llangan ulkan bir bayonotdir. Bizning maqsadimiz aniq – yana bir bor futbol taxtining eng yuqori cho‘qqisiga chiqish! Anchelotti tarixdagi eng kuchli va tajribali mutaxassislardan biri bo‘lib, u dunyodagi eng mashhur klublarda o‘zining yuqori darajali mahoratlarini ko‘rsata olgan. Endi biz birgalikda Braziliya futbol tarixiga yangi, shonli va unutilmas sahifalar yozamiz», – dedi Rodriges.
Ma’lumki, Anchelotti bu mavsum oxirida “Real Madrid” jamoasidan ketadi. Uning klub bilan shartnomasi yakunlanganidan so‘ng, Anchelotti «pentakampeonlar» safida rasman o‘z vazifasini boshlaydi.
Yaqinda o‘tkaziladigan 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidagi bahslar Anchelotti uchun dastlabki jiddiy sinov bo‘ladi. U boshchiligidagi Braziliya terma jamoasi 6 iyun kuni Ekvadorga, 11 iyun kuni esa Paragvayga qarshi maydonga tushadi.
Karlo Anchelottining tayinlanishi dunyodagi barcha futbol muxlislari va ekspertlari tomonidan qizg‘in kutib olindi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, italiyalik murabbiy tajribasi va o‘zgacha o‘yin uslubi bilan Braziliya milliy termasiga yangi ruh, yangi g‘oyalar olib kirishi kutilmoqda.
Anchelotti – «Milan», «Yuventus», «Chelsi», «Bavariya», PSJ kabi grand jamoalarda faoliyat olib borgan. Shuningdek, u ikki marta Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan eng kuchli murabbiylardan biri hisoblanadi. Hozirda u Madridning “Real” klubida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda va bu mavsumdan keyin klub bilan xayrlashishi aniq bo‘ldi.
Braziliya futboli uzoq vaqtdan buyon xalqaro arenalarda yuqori natijaga erisha olmayotgan edi. Anchelottining jamoaga kelishi bu vaziyatni o‘zgartirishga qodir bo‘lishi kutilmoqda. Futbol olamining ko‘zlari endi Karlo Anchelotti va uning yangi shogirdlari qanday natijalarga erishishiga qaratiladi.
Zamin.uz tahririyati Karlo Anchelottiga yangi vazifasida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi. Braziliya futboli yana bir bor cho‘qqiga ko‘tarilishi uchun bu tarixiy tayinlov muhim omil bo‘lishiga ishonamiz! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar