date
views 83

Mirjalol Qosimov: "Hisob katta, ammo bu "Navoiy FA" uchun katta dars bo‘ladi"

Mirjalol Qosimov: "Hisob katta, ammo bu "Navoiy FA" uchun katta dars bo‘ladi"
O‘zbekiston kubogi musobaqasining uchinchi bosqichidan o‘rin olgan OKMK hamda "Navoiy FA" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda yirik hisob qayd etildi. Uchrashuv Olmaliq shahridagi "OKMK" stadionida bo‘lib o‘tdi va mezbonlarning 12:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yindan keyin OKMK klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jurnalistlar bilan matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

"Haqiqatdan ham, bugungi bellashuv oldidan guruhdagi vaziyat aniq emasdi, har qanday natija yuz berishi mumkin edi. Shu bois ham biz maydonga deyarli asosiy futbolchilarimiz bilan tushdik. Biroq, ayrim yetakchilarimiz – Islom To‘xtaxo‘jayev, Xurshid G‘iyosov va Datsi Kleydini bugungi o‘yinda zaxirada qoldirishni lozim ko‘rdik. Bunday qarorga kelishimizdan maqsad yosh futbolchilarimizga imkon berish, ularni katta o‘yinlarga ruhan va jismonan tayyorlash edi.

O‘yin o‘z maydonimizda bo‘lgani uchun muxlislarimizga chiroyli bayram sovg‘a qilishni rejalashtirgandik. Gollarning ko‘pligi ham muxlislarimizni xursand qilish va guruh bosqichida oxirgi turdagi hisob-kitoblarimiz uchun muhim ahamiyatga ega edi. Nazarimda, shu jihatdan maqsadimizga erishdik.

Albatta, raqibimiz "Navoiy FA" uchun bu mag‘lubiyat ancha og‘riqli bo‘lgani tabiiy. Lekin men raqib jamoaning yosh va iqtidorli futbolchilaridan ko‘ngillarini cho‘ktirmasliklarini, ruhan sinmasliklarini so‘rab qolardim. Ha, hisob katta bo‘ldi, ammo bu yosh futbolchilar uchun kelajakka qo‘yiladigan ilk qadam va muhim dars bo‘ladi. Ular shunday o‘yinlarda toblanib, katta futbolda kuchliroq va tajribaliroq bo‘lib yetishadilar.

Hozir O‘zbekiston futbolida yoshlar va akademiyalarga katta imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda, shu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, o‘z ustilarida ishlashni davom ettirishlari kerak. Ushbu o‘yin "Navoiy FA" jamoasidagi yosh yigitlar uchun yaxshi tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman", – deb fikrlarini yakunladi Mirjalol Qosimov.

Ushbu natija bilan OKMK jamoasi O‘zbekiston kubogi guruh bosqichida muhim g‘alabaga erishib, keyingi bosqich uchun katta qadam tashladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Hisob katta, ammo bu "Navoiy FA" uchun katta dars bo‘ladi"