
Italiyaning «Komo» klubi bosh murabbiyi Sesk Fabregas jamoa bilan hamkorlikni davom ettiradi. Bu haqda Sky Sports nashri xabar tarqatdi.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 38 yoshli ispaniyalik mutaxassisga Yevropaning bir qator kuchli jamoalari, xususan, Germaniyaning «Bayer» va «Leypsig», shuningdek, Italiyaning «Roma» klublari qiziqish bildirgan edi. Ammo Fabregas bu takliflarni rad etib, o‘z faoliyatini aynan «Komo»da davom ettirishni afzal ko‘rgan.
Murabbiyning jamoa bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar amal qiladi. Shu bilan birga, klub rahbariyati Fabregasning maoshini oshirishga qaror qildi va yangi mavsum oldidan jamoani kuchaytirish uchun murabbiyga keng imkoniyatlar yaratib berishini ma’lum qildi.
Sesk Fabregasning qo‘l ostidagi «Komo» jamoasi bu mavsum A Seriyada yaxshi natijalarni qayd etmoqda. Ular Italiya chempionatida ilk mavsumini o‘tkazayotganiga qaramay, 36 o‘yindan keyin turnir jadvalida 10-o‘rinni egallab turibdi. Bu ko‘rsatkich mutaxassisning murabbiylik faoliyatidagi e’tiborga loyiq muvaffaqiyatlardan biri sifatida baholanmoqda.
Fabregasning o‘zi ham «Komo» klubida ishlashdan mamnunligini va kelgusi mavsumlarda jamoa yanada yuqori natijalarga erishishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini ta’kidlagan.
Mutaxassis faoliyati davomida futbolchi sifatida «Barselona», «Arsenal», «Chelsi» kabi Yevropaning yetakchi klublarida o‘ynab, futbol muxlislarining sevimli futbolchilaridan biriga aylangan edi. Endi u murabbiy sifatida ham Yevropa futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qilmoqda.
«Komo» rahbariyati ham o‘z navbatida Sesk Fabregas bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikdan umidvor ekanligini ma’lum qildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar