date
views 324

«Bernabeu» Modrich bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi (video)

«Bernabeu» Modrich bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi (video)
Lukaning xayrlashuv o‘yiniga Kroos ham keldi. Maydonda esa «Madrid» «Sosedad»ni Mbappening dubli evaziga yengdi, fransiyalik hujumchi «Oltin butsa» uchun kurashda peshqadamga aylandi.

La Liga 36-tur
«Real» – «Real Sosiyedad» 2:0
Gollar
: Mbappe 38, 83.
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe 38.

«Real»: Lunin, Garsiya, Asensio, Chuameni (Valexo, 56), Vaskes (Garsiya, 76), Sebalos, Modrich (Chema, 86), Valverde, Dias (Vinisius, 55), Mbappe, Guler.

«Real Sosiyedad»: Marerro, Aramburu, Pacheko, Martin, Munios, Kubo, Turiyentes (Subimendi, 70), Suchich (Mendes, 84), Gomes (Barrenechea, 71), Mariyezkurrena (Oyarsabal, 71), Marin (Olasagasti, 46).

Madrid Luka Modrich, Karlo Anchelotti va insayderlarga ko‘ra, Lukas Vaskes bilan ham xayrlashdi. Oldinda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘ladi, ammo «Santyago Bernabeu» bu afsonalarni boshqa ko‘rmasligi aniq edi. Shunday ekan, bu oqshom «Madrid» ularni g‘alaba bilan kuzatishi kerak edi.

Ikki jamoa ham o‘yinni tetiklik bilan boshladi. Keyingi mavsumda asosiy tarkib futbolchisiga aylanishi kutilayotgan Guler Mbappega ajoyib kesib o‘tuvchi uzatma berdi. U shu qadar nozik harakat qiladiki, hatto Kilian ham doim turkiyalik jamoadoshi istaganidek harakat qila olmaydi.

Lunin qo‘riqlagan darvoza qarshisida ham xavfli vaziyatlar bo‘ldi. 10-daqiqada Serxio Gomes raqib himoyachilaridan qochib ketdi va yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo uning zarbasi xato ketdi. Pablo Marinda ham yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo futbolchining zarbasidan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.

Madridliklar safaida Arda vaziyatlar yaratishda davom etdi: 38-daqiqada u to‘pni raqib futbolchisi ustidan oshirib olib o‘tishga uringanida, Marin qo‘l bilan o‘ynadi. «Nuqta»ga Mbappe yaqinlashdi — la liga to‘purari bo‘lib turgan futbolchi «Oltin butsa» uchun kurashdagi holatini yaxshilashi uchun gol urishi kerak edi. U birinchi urinishda buni uddalay olmadi — «Sosiyedad» darvozaboni zarbani qaytardi, ammo to‘pni ushlab qololmadi. Kilian esa qaytgan to‘pga yetib bordi va ikkinchi urinishda uni darvoza to‘riga kiritdi.

Bu vaqtda esa zerikib qolgan Lunin o‘yinni qizitishga qaror qildi. U o‘zini Noyer deb o‘yladi va to‘pni olib qo‘yish uchun jarima maydonini tashlab chiqdi, ammo xatoga yo‘l qo‘ydi va golga sababchi bo‘lishiga bir baxya qoldi.

Ikkinchi bo‘limda «Real» umuman Anchelottiga xos bo‘lmagan futbol namoyish etdi. Raqib hududida to‘pga egalik qilindi va «Sosedad»ga javob hujumlari uyushtirishga deyarli imkon berilmadi. O‘yin uslubiga qaralsa, odatda aynan madridliklar qarshi hujumlarga tayanib o‘ynaydi. Shu bilan birga, «Sosedad» darvozasi qarshisida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratilmadi: faqat Vinisius maydonga tushgan daqiqalarda o‘yin biroz ochildi, ammo braziliyalik futbolchi shu kuni o‘z familiyasini tabloga yozdirib qo‘ya olmadi — darvozabon qutqardi.

Ikkinchi bo‘limdagi asosiy haylayt esa basklar hujumi vaqtida Lunin darvozasiga penalti belgilanmagani bo‘ldi. Kubo chap qanotdan to‘pni Oyarsabalga uzatdi, to‘p Asensioga tegdi. Avvaliga hakam mehmon futbolchilar fikriga qo‘shildi va 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, keyin esa hujum vaqtida «Sosedad» futbolchisi ofsaydga tushib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Bir necha daqiqa o‘tib, 83-daqiqada, Mbappe yana bir bor basklarni jazoladi. Vinisius to‘pni chap qanot bo‘ylab oldinga olib bordi va jarima maydoniga yugurib kirgan Kilianni to‘p bilan ta’minladi. Fransuz hujumchisi to‘pni tezda o‘ziga bo‘ysundirdi va uni yaqin burchakka joyladi — darvozabonda hech qanday imkoniyat yo‘q edi.

Endi Mbappening chempionatdagi gollari soni 31 taga yetdi va u «Oltin butsa» uchun kurashda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Mbappe mazkur ko‘rsatkich bilan «Sporting» forvardi Viktor Gyokereshni 3,5 ballik farq bilan ortda qoldirdi (shvetsiyalik futbolchi 39 ta gol urgan bo‘lsa-da, Portugaliya chempionati koeffitsenti pastroq – bir gol uchun 2 emas, 1.5).

Portugaliya chempionati allaqachon yakunlangan, ya’ni Gyokereshda vaziyatni o‘zgartirish imkoni bo‘lmaydi. Faqat «Liverpul» hujumchisi Muhammad Salohda imkoniyat bor, u 28 ta gol urgan (56 ball) mavjud. Uning jamoasi APLda «Kristal Pelas»ga qarshi maydonga tushadi. Agar ushbu bahsda Saloh kamida 3 ta gol urmasa, Mbappe «Oltin butsa»ga ega chiqadi.

Ikkinchi bo‘limdagi eng hissiyotli pallalar Vaskes va Modrich almashtirilganida kuzatildi. Lukasni ham hissiyotga berilib, zaxira o‘rindig‘iga kuzatishgani insayderlarning uning ketishi haqidagi ma’lumotini tasdiqlagandek bo‘ldi.

Modrichni kuzatish vaqtida esa o‘yin bir necha daqiqaga to‘xtab qoldi: «Madrid» va «Sosiyedad» futbolchilari faxriy yo‘lak hosil qilishdi, zaxira o‘rindig‘ida esa Lukani Toni Kroos kutib turgandi. Germaniyalik sobiq futbolchi xorvatiyalik do‘stini quchganida «Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

O‘yinning qolgan qismini Modrich oila a’zolari bilan maydon tashqarisida kuzatib o‘tirdi. Hakam Anchelotti va Luka bilan xayrlashuv marosimi boshlanishini kechiktirmaslik uchun o‘yinga atigi bir daqiqa qo‘shib berdi. Chunki stadiondagilar aynan shuni ko‘rish uchun kelishgandi — o‘yin natijasi ikkinchi darajali bo‘lib qolgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Bernabeu» Modrich bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi (video)