date
views 1 758

Xabi Alonso “Real” boshqaruvini egallagach nimalar dedi?

Xabi Alonso “Real” boshqaruvini egallagach nimalar dedi?
Madridda katta futbol voqeasi — “Real” klubining yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso rasman jamoaga tanishtirildi. 43 yoshli mutaxassisning tayinlanishi nafaqat “qaymoqranglilar”, balki butun futbol jamoatchiligi uchun ham katta yangilik bo‘ldi.

Tanishtiruv marosimida Alonso o‘zining samimiy va hayotiy nutqi bilan barchani hayratga soldi. Uning so‘zlaridan jamoaga va “Real” madaniyatiga bo‘lgan muhabbati sezilib turdi.

— Hammaga xayrli tong. Bugun men uchun alohida, esda qolarli kun. Bu yer — mening uyim. Madriddagi muxlislarimning hayajonini his qilyapman. Bu faqat men uchun emas, balki barchamiz uchun muhim lahza, — deya so‘z boshladi Xabi Alonso.

U o‘z nutqida Karlo Anchelottiga alohida to‘xtaldi va uning ustozlik rolini e’tirof etdi:

— Anchelotti menga murabbiy sifatida juda ko‘p narsani o‘rgatgan inson. Agar u bo‘lmaganida, ehtimol, bu yerda turmagan bo‘lardim. Uning o‘rnini egallash men uchun ulkan sharaf va mas’uliyat. Hozir mening vazifam — ana shu darajaga mos bo‘lish, — dedi u.

Xabi Alonso jamoaning salohiyatiga yuqori baho berdi va “Real”ni yanada buyuk qilib qayta qurish niyatida ekanini bildirdi:

— Bizda ajoyib jamoa bor — har tomonlama yetuk va iqtidorli futbolchilarga egamiz. Men ambitsiyali, yurakdan o‘ynaydigan, maqsad sari intiladigan jamoa qurmoqchiman. “Real” Madrid nomi tarixda qanday bo‘lgan bo‘lsa, kelajakda ham shunday yorqin bo‘lishi kerak.

U shuningdek, “Real” muxlislarining iftixorli so‘zlarini tinglashni istashini alohida ta’kidladi:

— Shuni xohlaymanki, muxlislar jamoamizga qarab “Ana shu — mening 'Real Madrid'im!” deb aytsinlar. Bu biz uchun eng katta maqtov bo‘ladi, — deya nutqini yakunladi ispaniyalik mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, Xabi Alonso “qirollik klubi” bilan 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan. Uning kelishi jamoa uchun yangi sahifa, yangi umid va yangi g‘alabalar boshlanishi bo‘lishi mumkin. Endi esa muxlislarni yangi mavsumda qanday “Real” kutayotgani qiziqtirayapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xabi Alonso “Real” boshqaruvini egallagach nimalar dedi?