
O‘zbekiston Superkubogi final o‘yini uchun "Nasaf" va "Andijon" o‘rtasidagi ajoyib bahs qiziqishga sabab bo‘ldi. Matbuot anjumanida Qarshi jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va himoyachi Husayn Norchayev o‘z jamoasi haqida muhim fikrlar bildirdi. Ular o‘yinning katta ahamiyatini ta’kidlab, muxlislarning ishonchini qaytarish va sovrinni qo‘lga kiritish uchun katta tayyorgarlik ko‘rishganini bildirdi.
"Xayrli kech. Ertangi o‘yin ajoyib muhitda kechishini, muxlislar bilan haqiqiy bayramona o‘tishini kutish mumkin. Bu Superkubok bitta o‘yindan iborat. Shu bois ko‘p hujum va keskin kurashlarga boy o‘yin bo‘ladi, shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Biz sovrinni qo‘lga kiritishni juda istaymiz. Jamoani kayfiyati a’lo darajada", - dedi Ro‘ziqul Berdiyev.
"Ertangi o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga g‘alaba uchun maydonga tushamiz", - dedi Husayn Norchayev.
- "Nasaf" himoyachilaridagi nostabillik sizni xavotirga solmayaptimi? Eshmurodov ham, Muhammadiyev ham, Golban ham kutilgan darajani ko‘rsata olmayapti?
- Menimcha savol chalkash bo‘ldi. Muhammadiyevning o‘yini, tajribasi haqida avval ham aytgandim. U yosh futbolchilardan ham tez yuguradi. Biz Superkubok arafasidamiz. Jamoamiz turnir jadvalida birinchi o‘rinda ketmoqda. Har bir jamoada kamchiliklar bo‘lib turadi. Agarda himoyada muammolar bo‘lganida bunday natijalar kuzatilmasdi. Kamchiliklarimiz bor. Yigitlarning himoyada ko‘rsatayotgan o‘yini bizni qoniqtirmoqda.
- Bosh murabbiy sifatida Maksim Shatskixga yutqazmagansiz. Bu ruhiy tomonlama ustunlik beradimi?
- Bu albatta statistika. O‘tgan yili ham aytgandim. "Paxtakor"da ishlagan vaqtida yaxshi natijalar qayd etganmiz. Lekin ertangi o‘yin boshqa darajada bo‘ladi. Maksim boshqa jamoa bilan qatnashyapti. Statistikani yaxshilashga harakat qilamiz. Men uchun jamoam yutug‘i birinchi o‘rinda turadi. Bunday o‘yinga jiddiy yondoshamiz.
- "Nasaf"ning ertangi g‘alabasi kubokni tark etganini yuvadi desak bo‘ladimi?
- O‘tgan yilgi natijalar takrorlanayotgandek. Kubokni erta tark etgandik va qaysidir bosqichda yomon o‘yin ko‘rsatgandik. Yakunda Superkubokni qo‘lga kiritganmiz. Ortga qarash kerak emas. Oldinga intilish kerak. Oldimizda chempionat, Superkubok bor. Kubokdagi holat bizga ta’sir qilmaydi. Kubokning oxirgi o‘yinida bizning asosiy maqsadimiz boshqa ekanligini aytganman.
- Oxirgi 3 ta o‘yinda Sherzod Nasrullayev zaxirada qolib ketmoqda. Buning sababi nimada?
- Sherzod bizning yetakchi o‘yinchilarimizdan biri. Qaydnomaga kirmayotgani birinchi o‘rinda jarohati va betobligi sabab tarkibga jalb qilinmadi. Oxirgi o‘yinlarda davolandi. Ertangi o‘yinga u ham tayyorgarlik ko‘ryapti. Vaziyatdan kelib chiqib uning imkoniyatlaridan foydalanishimiz mumkin.
- Ertangi bahsda terma jamoaga chaqirilgan futbolchilarda ehtiyotkorlik asosiy planga chiqadimi?
- Bizning o‘z maqsadimiz bor. Ertangi o‘yinda Superkubokka e’tibor birinchi o‘ringa chiqadi. Ular ham tushunib turibdi bu o‘yin muhimligini. Yigitlar bor imkoniyatini ishga soladi.
- O‘yin penaltilar seriyasigacha cho‘zilsa, Ne’matovga o‘xshagan futbolchilar yana chiqib qoladimi?
- Penalti tepishda futbolchilarimiz yana ko‘paydi. O‘tgan yili mahoratimizni ko‘rsatganmiz. Yigitlarga ishonamiz, kechagi mashg‘ulotda ham bu borada o‘ziga xos musobaqa o‘ynaganmiz.
- Maksim Shatskix penaltilar uchun alohida tayyorgarlik ko‘rilmasligini aytdi. Bugungi mashg‘ulotda qolib penaltilar seriyasiga tayyorlanasizmi?
- Bugungi mashg‘ulot yengil va stadionga o‘rganish asosida o‘tadi. Taktik va texnik, standart vaziyatlarni amalga oshirmaymiz.
- Muxlislar qo‘llovi qanchalik muhim?
- "Andijon"ning kuchli tarafi muxlislarida. Qashqadaryoda ulardan kam bo‘lmagan muxlislar bor. Ertaga ajoyib atmosferada to‘p tepamiz. Bu har tomonlama yoqimli bo‘lishi shubhasiz.
- Bitta o‘yindan iborat va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. "Andijon"ga qarshi oldindan o‘ylangan chizmalar bormi? Kim maydonga tusha oladi yoki yo‘q?
- To‘g‘ri aytdingiz, bitta o‘yin bo‘ladi. "Andijon" "Paxtakor", OKMK, biz bilan ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Raqibga jiddiy e’tiborda bo‘lamiz. Ertaga tartibli o‘ynashimiz kerak bo‘ladi. Hozirda to‘liq tarkib bilan hozirlik ko‘rmoqdamiz. Jarohat yoki betob futbolchilar yo‘q.
- "Nasaf" Superkubokda 2 bor mag‘lub bo‘lgan. O‘shanda Cheran hal qiluvchi gol urgan. Uning jamoaga kelishi mahorat darajasini oshirdimi?
- Uni bilasizlar. Cheranni taklif qilgandayoq mahoratini chamalab bo‘lganmiz. Bunday futbolchilar Superligada kam sonli. Samarqand va Yaypanda bizga gol urgandi. Undan so‘ng ikki bor Superkubokda g‘olib chiqdik. Uchinchisiga Cheran yordam beradi. Uning yordami tegadi. Maqsadimiz shuki, u ko‘p yugurishi shart emas. Lekin ko‘rsatkichlari shuni aytyaptiki, 10 kmdan oshiq yugurmoqda. O‘zini tutishi, yetakchilik qobiliyati bizga kerak bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar