
Superliganing 11-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – “Bunyodkor” (1:1) bellashuvidan so‘ng “qaldirg‘ochlar” bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Har bir o‘yin men uchun tajriba maktabi”
— O‘zbekiston Superligasida ish boshlaganimdan buyon shunga amin bo‘ldimki, hech bir o‘yin yengil o‘tmaydi. Men hozirda ko‘plab murabbiylardan yoshman va shu bilan birga faoliyatim orqali qimmatli tajriba to‘plab boryapman. Futbol — bu faqat taktika emas, balki emotsiyalar, hayajon, stress va his-tuyg‘ular bilan to‘la sport turi. “Bunyodkor” bilan bir yildan ortiq vaqt ichida shunchalik qiyin o‘yinlarni boshdan o‘tkazdikki — g‘alabalar, duranglar, mag‘lubiyatlar ham bor. Ammo barchasi men uchun rivoj va o‘sish maktabiga aylanmoqda, — deydi Zeytullayev.
“Ikkinchi golimiz nega bekor qilindi – javobni hakamlar bersin”
VAR tizimi yordamida “Bunyodkor”ning ikkinchi goli bekor qilingan holatga ham Zeytullayev to‘xtalib o‘tdi:
— Har bir qarorga mutaxassislar baho berishi kerak. Men murabbiyman va hakamlik ishlariga aralashmayman. Qayerda o‘yindan tashqari vaziyat bo‘lganini hakamlar izohlab beradi. Balki futbolchining tanasining bir qismi oldinda bo‘lgandir. Lekin bu mening vazifam emas. Qarorlar hakamlar nazoratida va tegishli platforma orqali rasmiy bayonotlar kutib qolamiz, — dedi u.
“Goldan so‘ng himoyaga o‘tib ketmadik”
Zeytullayevga ko‘ra, jamoa gol urganidan so‘ng himoyaga o‘tmagan, aksincha, o‘yindagi vaziyatga qarab harakat qilgan:
— Biz butun o‘yin davomida o‘sha uslubda harakat qildik. Hujumga o‘tish, himoyada to‘g‘ri turish — bu barchasi vaziyatdan kelib chiqadi. Televizorda tomosha qilganda jamoa himoyaga o‘tib ketgandek ko‘rinishi mumkin, lekin real holatda bu taktik yondashuv. “Navbahor”ga qarshi o‘yinda ham ayni uslubda harakat qildik va oxirgi lahzalarda gol o‘tkazib yubording. Futbolda jamoaning hissiyoti ko‘pincha hisobga bog‘liq bo‘lib qoladi, — deb ta’kidladi murabbiy.
“Yuz berayotgan voqealar fikr yuritishga chorlayapti”
Matbuot anjumani yakunida Ilyos Zeytullayev hakamlik va umumiy futbol muhitiga aloqador masalalarga ham e’tibor qaratdi:
— Islom Ismoilov singari bir qator insonlarning so‘nggi paytlarda bildirgan fikrlarini kuzatib boryapman. Ular futbolda kuzatilayotgan muammolarga yechim izlashga chorlayapti. Balki vaqt kelib, hammamiz birgalikda to‘xtab, ushbu masalalarni jiddiy muhokama qilishimiz lozim bo‘lar, — deya xulosa qildi Zeytullayev.
So‘z so‘ngida aytish mumkinki, Ilyos Zeytullayev “Bunyodkor”da yosh bo‘lishiga qaramay, katta mas’uliyat bilan ishlamoqda va har bir o‘yindan o‘zi uchun saboq chiqarayotgani bu murabbiyning kelajagi borligini ko‘rsatib turibdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar