
Xabaringiz bor, shu kunlarda Tailandning Bangkok shahrida dunyo boks muxlislarining diqqat markazida turgan xalqaro turnir bo‘lib o‘tmoqda. 24 may kuni boshlangan musobaqa 1 iyungacha davom etadi va unda dunyoning eng mahoratli charm qo‘lqop ustalari ishtirok etmoqda.
Bugun ham musobaqaning chorak final bosqichida yurtdoshlarimiz bir nechta muhim va shiddatli janglarda maydonga tushishdi. Jumladan, -80 kg vazn toifasidagi vakilimiz Samandar Jalolov Janubiy Koreyadan kelgan raqibi Kim Minseongga qarshi muhim bahs olib bordi.
Mazkur jang boshlanishidan oldin ham Samandarning g‘alaba qozonishi uchun umidlar yuqori edi. Ammo raqib ham oson taslim bo‘ladigan sportchilardan emasligi, jangning qizg‘in va shiddatli kechishidan dalolat berar edi.
Biroq jangning ilk daqiqalaridanoq Samandar Jalolov maydondagi ustunlikni o‘z qo‘liga olib, raqibini murakkab vaziyatlarga solib qo‘ydi. Bokschimiz aniq, kuchli va samarali zarbalar berib, janubiy koreyalik raqibini doimiy bosim ostida ushladi. Minseong esa Jalolovning hujumlari oldida o‘zini himoya qilishdan boshqa chora topa olmadi.
Bellashuv to‘liq uch raund davomida olib borildi va uning barcha qismlarida hamyurtimiz o‘z ustunligini namoyish qildi. Jalolovning har bir raundda ko‘rsatgan yuqori saviyadagi harakatlari, hakamlarning ko‘z o‘ngida uning g‘alabasini aniq belgilab berdi. Natijada, jang yakunida hakamlar bir ovozdan Samandar Jalolovni g‘olib deb e’lon qilishdi. Vakilmiz jangda 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga ishonch bilan yo‘l oldi.
Shu tariqa, Samandar Jalolov bugungi muvaffaqiyati bilan faqatgina shaxsiy g‘alabani emas, balki butun O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham muhim natijani taqdim etdi. Uning yorqin g‘alabasi turnirdagi jamoamizning ruhiyatini yanada ko‘tarib yubordi.
E’tiborlisi shundaki, bugungi kun jamoamiz uchun umuman olganda ham ajoyib o‘tdi. Chunki ringga chiqqan 6 nafar vakilimizdan 5 nafari chorak finalda g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi. Bu esa o‘zbek boksi uchun muhim natijalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston terma jamoasining musobaqadagi bu muvaffaqiyati, albatta, muxlislar uchun katta quvonch va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Musobaqa davom etadi va endi barcha yarim finalga chiqqan sportchilarimizdan faqat va faqat g‘alaba kutishmoqda.
Yurtdoshlarimiz xalqaro turnirdagi ajoyib ishtirokini yanada yuqori natijalar bilan yakunlash uchun bor kuchlarini ishga solishga tayyor. Barcha sportchilarimizga bo‘lajak janglarda ham omad va g‘alaba tilab qolamiz!
Olg‘a, O‘zbekiston! Chempionlik sari yana bir qadam oldinda! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar