
O‘zbekiston Superkubogi finalida «Nasaf»ga qarshi maydonga tushgan «Andijon» jamoasi kutilganidan ancha kuchli o‘yin namoyish etdi. Uchrashuvda minimal hisobdagi mag‘lubiyatga uchragan andijonliklar bosh murabbiyi Maksim Shatskix uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin borasidagi batafsil fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Biz o‘yindan avval rejalashtirgan vazifalarimizni bajarib chiqdik. Yigitlarga bergan ko‘rsatmalarimni aniq amalga oshirishgani uchun rahmat aytdim. Albatta, raqib darvozasiga gol ura olmaganimiz juda afsuslanarli. Biroq yigitlarning maydondagi ishtiyoqi, g‘alabaga bo‘lgan intiluvchanligi meni quvontirdi. Bunday muhim uchrashuvlar bizga katta tajriba va o‘yin sifatida o‘sish imkoniyatini beradi», – dedi Shatskix.
Uchrashuvdagi yagona gol, murabbiyning fikricha, juda ham bahsli bo‘lgan penalti natijasida urilganini qayd etdi: «Haqiqatdan ham, juda g‘alati penalti tayinlandi. Bunday muhim bahslarda o‘yindan gol o‘tkazib yuborishning o‘z og‘rig‘i bor, ammo mana shunday bahsli vaziyatda gol qabul qilish yanada alamliroq bo‘ldi. O‘zimizning hujumlarimizda ham aniqroq harakat qilsak, vaziyatni o‘zgartirish mumkin edi».
O‘yindan avval kuchli yomg‘ir yog‘ib o‘tishi ham muhokama qilindi. «Ob-havo haqida yigitlarga gapirganimda, bu sharoitda futbol o‘ynash uchun ideal imkoniyat ekanligini ta’kidlaganman. Ya’ni, "inglizcha" havo bo‘ldi. Bunday vaziyatda chiroyli va tezkor futbol ko‘rsatish mumkin. Muxlislarning stadiondagi atmosferasi, ularning faol qo‘llab-quvvatlashi bizga qo‘shimcha kuch berdi», – deya qo‘shimcha qildi Shatskix.
Ikkinchi bo‘limda «Andijon»ning ko‘proq uzun paslarga tayangani haqidagi savolga javob berar ekan, murabbiy bunday o‘yin uslubini tanlamaganini aytib o‘tdi: «Hech qachon uzun paslar orqali o‘ynashni rejalashtirmaganmiz. Biz hujumni darvozabondan boshlab, qisqa paslar orqali tuzishga urindik. Ayrim hollarda futbolchilarimiz raqib bosimi tufayli uzun pasga majbur bo‘lishdi. Lekin bu biz uchun xos bo‘lmagan holat. Shuning uchun kelgusi yig‘ingacha bu jihatlarni yaxshilashga e’tibor qaratamiz».
Tarkibda «bog‘lovchi futbolchi» yetishmovchiligi haqidagi savolga murabbiy aniqlik kiritdi: «Hozirgi vaqtda jamoamizda aniq shu pozitsiyada o‘ynay oladigan yuqori saviyadagi futbolchilar yetishmayapti. Yozgi transferlar vaqtida jamoaga kerakli bo‘lgan 2-3 nafar sifatli futbolchini jalb qilish rejamiz bor. Hozir bor imkoniyatimiz bilan maksimal darajada natija ko‘rsatishga harakat qilyapmiz».
Shatskix, shuningdek, uchrashuvning oxirida «Nasaf» futbolchilarining vaqtni ataylab cho‘zgani haqidagi savolga ham o‘z munosabatini bildirdi: «Men bu kabi holatlarni qo‘llab-quvvatlamayman. O‘yinning shiddatini saqlash kerak. Afsuski, bizda toza o‘yin vaqti juda kam. Muxlislar stadionga kelganda tezkor va jonli o‘yinni ko‘rish uchun keladi».
O‘ziga nisbatan qilingan tanqidiy hazillarga ham o‘z uslubida javob berdi: «Meni „Barselona“da sovrin yuta olmagan Xaviga o‘xshatish mumkin, bu meni bezovta qilmaydi. Asosiysi, jamoam o‘yinidan uyalmayman. Maqsadlarimiz aniq – chempionat va OCHLda yuqori natijalar ko‘rsatish».
Terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari haqida ham ishonch bilan fikr bildirdi: «Milliy jamoamiz mundialga chiqishiga yuz foiz ishonaman. BAAga qarshi o‘yindayoq buni hal etishimiz zarur. Hammamizning orzuimiz shu, bu uchun bor kuchimizni beramiz».
Shatskixning mazkur chiqishi andijonlik muxlislarning klubga ishonchini yanada oshirdi. Uning qat’iy va ishonchli munosabati, o‘zi va jamoasining salohiyatiga ishonchi klubning kelgusidagi yutuqlari uchun yaxshi zamin bo‘lishi shubhasiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar