
Angliya Premer-ligasida mavsum davomida yuz bergan inqirozdan so‘ng "Manchester Siti" rahbariyati jamoa tarkibini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi. Qishki transfer oynasida "shaharliklar" markaziy himoyachi Abduqodir Husanov ("Lans"), Vitor Reys ("Palmeyras"), yarim himoyachi Niko Gonsales ("Portu") va hujumchi Umar Marmush ("Ayntraxt")ni jamoa safiga qo‘shib oldi.
Bu to‘rt transfer "Siti"ga 200 million yevrodan ortiq mablag‘qa tushdi. Ya’ni, klub yuqori darajada jamoani qayta qurish uchun jiddiy investitsiya kiritdi. Husanov, Gonsales va Marmush asosiy tarkibdan o‘rin olgan holda natijalarga ta’sir ko‘rsatdi — jamoa Premer-ligada kuchli uchlikka kirdi va Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
40+10 million yevrolik shartnoma va rejalashtirilmagan to‘xtalish
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov uchun "Manchester Siti" "Lans" klubiga 40 million yevro badal puli, shuningdek, qo‘shimcha 10 million yevro bonus to‘lashni qabul qilgan edi. Ammo bu bonuslar faqat futbolchi mavsumning ikkinchi yarmida belgilangan uchrashuvlarda qatnashsa to‘lanishi kerak edi.
Aynan mana shu to‘lov shartlari sabab Husanov zaxiraga mixlab qo‘yildi. Britaniyaning cityxtra.co.uk portali jurnalisti Freddi Payga ko‘ra, Gvardiola o‘z shogirdining o‘yin darajasidan emas, balki klubning ortiqcha xarajatlarning oldini olish maqsadida ushbu qarorni qabul qilgan.
Mavsum statistikasi va to‘xtagan jarayon
Abduqodir Husanov mavsumning asosiy qismida "Chelsi", "Real", "Tottenxem", "Nyukasl", "Liverpul" kabi kuchli jamoalarga qarshi juda ishonchli o‘yinlar namoyish etdi. Himoyadagi mustahkamligi va taktik yondashuvi bilan u jamoa tarkibidagi muhim bo‘g‘inga aylandi.
Biroq, Angliya Kubogi doirasidagi “Bornmut”ga qarshi bahsda taymdayoq almashtirilgan Husanov keyingi uchrashuvlarda maydonga tushmadi. Sabab endi ma’lum — agar u 10 ta o‘yinda ishtirok etganida, “Siti” "Lans"ga qo‘shimcha 5 million yevro to‘lashga majbur bo‘lardi. Abduqodir 9 uchrashuvda qatnashdi — band bajarilmadi, bonus bekor qilindi.
Himoyadagi kelajak: Husanov qoladimi?
Futbol jamoatchiligini himoyachi kelajagi borasida savollar o‘ylantirib kelardi. Ammo cityxtra.co.uk nashrining ta’kidlashicha, “Siti” yozda markaziy himoyaga yangi futbolchi olishni rejalashtirmayapti. Aksincha, yoshi katta himoyachilar — Jon Stounz va Natan Ake kabi futbolchilarning kelajagi qayta ko‘rib chiqiladi.
Bu esa Husanov uchun yangi mavsumda asosiy tarkibdagi pozitsiyani yanada mustahkamlash uchun katta imkoniyat yaratadi. Gvardiola undan qishda foydalangan va ijobiy natija ko‘rgan bo‘lsa, keyingi mavsumda unga yana ishonch bildirilishi ehtimoldan xoli emas.
Zamin.uz tahririyatidan xulosa
Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”dagi muvaffaqiyatli debyuti va moliyaviy to‘siq tufayli zaxiraga olinishi futbolning ortida qanday katta moliyaviy rejalar va hisob-kitoblar yotadiganini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Ammo iste’dod, mehnat va tayyorgarlik bor joyda imkoniyatlar yana ochiladi.
Muxlislar uchun esa bir narsa aniq: Husanov — “Etixad”da o‘z so‘zini hali to‘liq aytmagan futbolchi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar