
Italiyaning eng nomdor klublaridan biri bo‘lgan "Milan" murabbiylik lavozimida katta o‘zgarishni amalga oshirdi. Milanliklar o‘z tarixida muhim o‘rin tutgan, jamoani chempionlikka olib chiqqan Massimiliano Allegrini yana bir bor bosh murabbiylik vazifasiga olib keldi.
Avvalroq ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 57 yoshli italiyalik mutaxassis bilan uch yillik shartnoma imzolangan. Bu kelishuvga muvofiq Allegri yillik 5 million yevro miqdorida maosh oladi, shuningdek, yutuqlarga bog‘liq bonus to‘lovlari sifatida yana 2 million yevro olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Massimiliano Allegri uchun "Milan" tanish muhit hisoblanadi, chunki u bundan avval ham klubda to‘rt yil faoliyat olib borgan. 2010 yilda jamoa boshqaruvini qabul qilgan murabbiy birinchi mavsumidanoq Italiya chempionligiga erishgan edi. 2011 yilda u "rossonerilar"ga Italiya Superkubogini ham yutib berib, klub muxlislarining katta ishonchiga ega bo‘ldi.

Allegrining so‘nggi ish joyi "Yuventus" bo‘lib, u bu jamoada ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan, biroq 2024 yilda Turin klubidan ketgandi. Endi esa u "Milan"ni yana chempionlikka qaytarish, jamoaning Yevropa maydonlariga qayta chiqishiga ko‘maklashish uchun qaytmoqda.
"Milan" bu mavsumni juda murakkab o‘tkazdi. Dastlab Paulu Fonseka bilan chempionatni boshlagan jamoa A Seriyada kutilgan natijalarni ko‘rsata olmadi va 8-o‘rinni egallab, Yevrokuboklar uchun kurashdan chetda qoldi. Keyinchalik, 2024 yilning dekabr oyida portugaliyalik mutaxassis Serjiu Konseysau jamoani qabul qilib oldi. U qo‘l ostida “Milan” Italiya Superkubogini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, Italiya Kubogi finalida kutilmaganda "Bolonya"ga mag‘lub bo‘ldi.
Bunday natijalar klub rahbariyatini jiddiy qarorlar qabul qilishga undadi. Jamoa rahbarlari Allegrining yuqori saviyadagi ish tajribasi va A Seriyadagi ko‘p yillik muvaffaqiyatlariga ishonch bildirib, unga yana bir bor imkoniyat berishga qaror qilishdi.
Endi muxlislarni qiziqtiradigan asosiy savol – Allegri o‘zining yangi davrida jamoani sobiq shon-sharafli kunlarga qaytara oladimi? Bu murabbiyning bu galgi faoliyati Milan klubining kelgusi bir necha yildagi taqdirini belgilashi mumkin.
"San-Siro" stadionida yangi davr boshlanmoqda va bu davrning qanday natijalar berishi futbol ixlosmandlari uchun juda qiziqarli bo‘ladi. Umid qilish mumkinki, Massimiliano Allegri “rossonerilar”ni yana Italiya va Yevropa maydonlarida yuksak natijalarga olib chiqadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar